O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholining ijtimoiy himoyasi hamda qurilish va infratuzilma tarmoqlari faoliyati masalalari muhokama qilindi
2020-04-20 | Siyosat
Shavkat Mirziyoyev: “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati – davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyonidir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Mamlakatimizda koronavirus epidemiyasiga qarshi o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ko‘plab hududlar bu xavfdan saqlab qolindi. Shunga qaramay, aksariyat viloyat va tumanlarda korxonalar o‘z ishini to‘xtatgan yoki to‘liq quvvat bilan ishlamayapti. Bu holat hududlar iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaga, oddiy qilib aytganda, aholi hayotiga salbiy ta’sir qilmoqda.
Davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlash ko‘lamini yanada kengaytirish kerakligi ta’kidlandi.
Hozirgi pandemiya paytida ishsizlar, yordam va ko‘makka muhtoj aholi soni ortishi tabiiy. Turli mamlakatlar kasallikka qarshi kurashish barobarida ish joylarini saqlab qolish va iqtisodiyotni keskin tanazzulga uchramasligi uchun bor imkoniyatlarni ishga solmoqda.
Butun dunyoda bo‘lgani kabi bu murakkab jarayon O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Albatta, xalqimizni ta’minlash uchun ham, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun ham mamlakatimizning zaxiralari va imkoniyatlari yetarli.
Shu bois Prezidentimiz xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.
– Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini faol qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq, – dedi davlatimiz rahbari.
Buning natijasida Ramazon oyida amalga oshiriladigan ehson va xayriyalar manzilli bo‘ladi, iftorliklarga sarflanadigan mablag‘lar va oziq-ovqat mahsulotlari aholining kam ta’minlangan qatlamlariga yo‘naltiriladi.
Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda misol uchun, 10 ta, boshqa biri esa 20 ta oilaga ko‘maklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar a’zolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan o‘z navbatida bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Ya’ni, bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari orqali ko‘rsatiladigan saxovat va ko‘mak bo‘ladi.
Bu jarayonda yirik korxonalar, ularning joylardagi tarkibiy bo‘linmalari, fermerlar va klaster xo‘jaliklari ham ixtiyoriy qatnashishi muhim ekanligi ta’kidlandi.
Ushbu tashabbus Savdo-sanoat palatasining joylardagi bo‘limlari, banklar, ijtimoiy muhofaza idoralari hamkorligida amalga oshirilishi belgilandi.
“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyoniga aylanishiga ishonaman, - dedi Prezidentimiz.
Mavzuni davom ettirar ekan, davlatimiz rahbari Respublika komissiyasiga koronavirus umuman aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan viloyat, tuman va shaharlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Faoliyati tiklanadigan ob’ektlarda ishlar sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etiladi.
Aholi bandligi va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash borasida katta imkoniyatlarga ega “drayver”lardan biri qurilish sohasi hisoblanadi. Xususan, bu tarmoq 1 million 325 ming nafar aholini ish bilan ta’minlaydi, boshqa sanoat yo‘nalishlari uchun ham talab yaratadi. Shu bois, karantin davrida qurilish hajmi kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bu sohaga qo‘shimcha 3,6 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.
Joriy yilning birinchi choragida qurilish ishlari hajmi 6,5 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning shu davridan 4 foizli bandga orqada qolmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, karantin qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda, barcha qurilishlarni davom ettirishga ruxsat beriladi. Ichki ishlar vazirligiga soha korxonalari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning harakatlanishiga sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yilda 30 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Lekin 25 ta shaharda buning uchun yer maydonlari haligacha ajratilmagan. Ipoteka krediti olish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqishda ham sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.
Yig‘ilishda bu kamchiliklarni tez kunlarda bartaraf etish, ko‘p qavatli uylar uchun yerni aholi talablari yuqori bo‘lgan hududlardan ajratish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan xususiy pudrat tashkilotlariga kreditlarning foiz xarajatlarini qisman qoplash va kredit summasining 50 foizigacha kafolat berish mexanizmi joriy etilishi belgilandi.
Yangi tartib asosida berilayotgan ipoteka kreditlari muddatini 15 yildan 20 yilga uzaytirish, shuningdek, ipoteka kreditining eng yuqori chegarasini bozor talablari asosida ko‘paytirish kerakligi qayd etildi.
Qurilish sifatini oshirish, soha korxonalari faoliyatini baholash reytingi va elektron tender tizimini ishga tushirishni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda qurilish materiallari bozori bilan bog‘liq masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.
Karantin davrida mazkur industriya korxonalarida ishlab chiqarish hajmi 30-40 foizga kamaygan. O‘z navbatida, xomashyo mahsulotlari ham sotilmay qolgan.
Shundan kelib chiqib, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasiga birinchi yarim yillikda mahsulot ishlab chiqarishni 10 trillion so‘m va yil oxirigacha 22 trillion so‘mga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bu ko‘rsatkichlarni ta’minlashda eksport bozorlari asosiy imkoniyat hisoblanadi.
Import o‘rnini bosuvchi mahalliy qurilish iateriallari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yurtimizda buning uchun zarur xomashyo olish mumkin bo‘lgan 275 ta istiqbolli kon mavjud. Misol uchun, G‘ozg‘onda 52 million dollarlik 14 ta loyiha ishga tushirilmoqda. Prezidentimiz konlarni o‘zlashtirish orqali shunday samarali loyihalarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.
Joriy yilda energiya tejamkor qurilish materiallari tayyorlash bo‘yicha 7 ta loyihani ishga tushirish, kelgusidagi ob’ektlarni loyihalashda ushbu mahsulotlardan foydalanishni nazarda tutish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Karantin davrida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi qurilishiga Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan qo‘shimcha 1,5 trillion so‘m, xususan, suv ta’minoti bo‘yicha 55 ta loyihaga 500 milliard so‘m va yo‘l qurilishi bo‘yicha 1 ming 547 ta loyihaga 1 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.
Yig‘ilishda bu loyihalarning ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Pudratchilarni aniqlab, qurilish ishlarini tez fursatlarda boshlash muhimligi qayd etildi.
Pandemiya sababli xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari ishtirokidagi loyihalar ham to‘xtab qolgan edi. Xususan, ichimlik suvi tizimini yaxshilash hamda yo‘l qurilishi sohasida shunday muammolar mavjud.
Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, bunday loyihalarga tender orqali mahalliy pudrat tashkilotlarini ham jalb qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Davlatimiz tomonidan mahalliy byudjetlar daromadini oshirish, xususan, yo‘l qurilishi uchun mablag‘larni shakllantirishga barcha sharoitlar yaratib berildi. Endi hududlar respublikadan mablag‘ kelishini kutib o‘tirmasdan, ichki yo‘llarni o‘zlari ta’mirlashlari zarurligi aytib o‘tildi.
– Umuman olganda, uy-joy qurilishi bo‘ladimi yoki infratuzilma ob’ektlarimi, qurilish sohasi yangi ish o‘rinlarini yaratish, bozorda talab va taklifni shakllantirish, pirovardida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun katta imkoniyat va zaxira hisoblanadi. Tarmoq rahbarlari bugungi yig‘ilishda o‘zlariga yuklatilgan mas’uliyatni chuqur his etib, ishlarni to‘g‘ri tashkil etsalar, iqtisodiy inqirozdan imkon qadar kam yo‘qotishlar bilan chiqib ketamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari qaysi sohani muhokama qilmasin, qanday qarorga qo‘l qo‘ymasin, eng avvalo bu oddiy odamlarga nima beradi, degan nuqtai nazardan qarab ish tutadi. Bugungi videoselektorda berilgan topshiriqlar, belgilangan vazifalar ham odamlarni ish bilan ta’minlash, daromadini oshirish, bunyodkorlik ishlarini davom ettirib, yurtimizni yanada farovon qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli.