Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 1495 bemor roʻyxatga olingan. 194 fuqaro sogʻayib, reabilitatsiya markazlariga oʻtkazildi. Kechaning oʻzida bu kabi reabilitatsiyaga oʻtkazilganlarning soni 38 nafarni tashkil etdi.
Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan maʼlumotga koʻra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 87 bemorning 27 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 4 nafarining ahvoli ogʻir, 1 nafarining ahvoli oʻta ogʻir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 93 bemordan 2 nafarining ahvoli ogʻir. Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasida davolanayotgan 165 bemordan 53 nafarida pnevmoniya klinik belgilari bor, 5 nafarining ahvoli ogʻir, deb baholanyapti.
Hurmatli yurtdoshlar!
Karantin tadbirlari davom etyapti. Xabaringiz bor, karantin tadbirlari shu yilning 10-mayiga qadar uzaytirildi. Ushbu karantin tadbirlari nima uchun kerak? Biz aniq bilamiz: qachonki, karantin tadbirlariga rioya qilsak, vaziyatni barqaror ushlab qolamiz. Yaqqol misol sifatida Xitoy Xalq Respublikasi va Janubiy Koreya davlatida qilingan ishlarni keltirish mumkin. Xalq bilan birgalikda hosil qilingan qattiq iroda, qattiq tartib va sabr kasallikni yengishga sabab boʻldi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, oxirgi bir kunning oʻzida AQSHda 18 mingdan ortiq holatda koronavirus kasalligi, 1 ming 100 holatda oʻlim, Angliya davlatida 5 mingdan, Rossiyada 4 mingdan koʻproq holatda kasallik qayd etildi. Tasavvur qiling: agar bu kabi koʻrsatkichlar Oʻzbekistonda aniqlanganida holimiz nima boʻlardi!? Shunday ekan, har birimiz qilinayotgan ishlarni toʻgʻri tushunishimiz, uyda qolishimiz, karantin tadbirlariga toʻliq rioya qilishimiz shart. Qachonki, biz ham Xitoy, Koreya xalqi namoyon etgan sabr-qanoatni, bardoshni namoyon qila olarkanmiz, kasallikni yengamiz.