O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Surxondaryo viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2020-04-18 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini tubdan isloh qilish, talabalarni oʻqishga qabul qilish jarayonida shaffoflikni taʼminlash, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, taʼlim jarayoniga raqamli va pedagogik texnologiyalar hamda zamonaviy usullarni keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini bosqichma-bosqich 50 foizga yetkazish, hududlarda sifatli oliy taʼlim xizmatlari koʻlamini kengaytirish orqali aholi va jadal oʻsib borayotgan iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlarini taʼminlash belgilangan.
Qayd etish kerakki, mamlakatimizning olis hududlarida yoshlarning oliy maʼlumot olishga boʻlgan intilishini qoʻllab-quvvatlash uchun muayyan ishlar amalga oshirilayotgan boʻlsada, ushbu choralar hamon yetarli boʻlmayapti. Buning oqibatida maktab va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari bitiruvchilarining muayyan qismi xorijiy mamlakatlar oliy oʻquv yurtlariga borib oʻqishga majbur boʻlmoqda. Soʻnggi ikki yilda birgina Surxondaryo viloyatidan 7,5 mingga yaqin yoshlar oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olish uchun qoʻshni mamlakatlarga ketgan.
Shu munosabat bilan, respublikamizning janubiy sarhadlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarning ilgʻor pedagogik texnologiyalar yordamida taʼlim olishi uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratish, hududda tadbirkorlik anʼanalarini ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat bilan
uygʻun rivojlantirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini taʼminlash maqsadida, shuningdek, viloyat jamoatchiligi, xalq deputatlari Kengashlarining murojaatlari hamda Surxondaryo viloyatining eng koʻp aholisi istiqomat qilayotgan Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi amalga oshirilayotganligini inobatga olib:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligining Termiz davlat universiteti Denov filiali negizidaSamarqand davlat universitetining Denov tadbirkorlik va pedagogika institutini (keyingi oʻrinlarda – Institut) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalari, shuningdek, tadbirkorlikning zamonaviy rivojlanish tendensiyalarini inobatga olgan holda tadbirkorlik va boshqaruv, pedagogika va aniq fanlar hamda mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiq boshqa sohalar boʻyicha yuqori malakali kadrlarni milliy va xalqaro standartlarga muvofiq sifatli tayyorlash;
yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori boʻlgan sohalar uchun qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash;
zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga ilgʻor taʼlim texnologiyalari, shu jumladan masofaviy oʻqitish uslublarini joriy etish;
oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek, ilm-fan, ishlab chiqarish va amaliyot oldida turgan dolzarb vazifalarni hal etishga yoʻnaltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishda respublika va xorijiy yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish;
yuqori malakali professor-oʻqituvchilar, mutaxassislarni jalb etgan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyotning ehtiyoj yuqori boʻlgan tarmoqlari uchun kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish;
respublika va xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalariga istiqbolli yoshlarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.
3. Belgilansinki:
Institut Termiz davlat universiteti Denov filialining barcha huquq, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Institut yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari va bank hisobvaraqlariga ega boʻladi;
Institut Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;
Institutning taʼlim faoliyati 2020/2021 oʻquv yilidan boshlanadi;
Termiz davlat universiteti Denov filiali talabalari tahsil olayotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha Institutda oʻqishni davom ettiradi;
Institutga talabalarni qabul qilish har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda davlat buyurtmasi va toʻlov-kontrakt asosida belgilanadi;
Institut Surxondaryo viloyatining Denov, Sariosiyo, Uzun, Shoʻrchi va Qumqoʻrgʻon tumanlaridagi umumtaʼlim maktablari, oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida chet tili va aniq fanlar boʻyicha dars mashgʻulotlarini olib boruvchi oʻqituvchilarga doimiy ravishda ilmiy-uslubiy yordam koʻrsatib boradi.
4. Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Oliy taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi amalga oshirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Institutda ilmiy faoliyatni rivojlantirish hamda taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish uzviy bogʻliqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida:
2020/2021 oʻquv yili davomida “Oliy taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi doirasida hamda xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilgan holda Institutning axborot-texnologiyalari, biologiya, kimyo va fizika boʻyicha zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan jihozlanishinitaʼminlasin;
uch oy muddatda Institutga yuqori salohiyatga, jumladan fan nomzodi, falsafa doktori hamda fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilarni jalb qilsin.
5. Belgilansinki, Institutning pedagogik va ilmiy salohiyatini oshirish, taʼlim jarayonini sifatli tashkil etish uchun yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida, shuningdek, joylashuv hududini inobatga olib Institut professor-oʻqituvchilari va xodimlariga mehnatga haq toʻlashda mos ravishda yagona tarif setkasi razryadlariga koʻra tarif koeffitsiyentlari va bazaviy lavozim maoshlari 1,5 baravar miqdorda hisoblanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ikki oy muddatda:
Institut tuzilmasi oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq tasdiqlanishini taʼminlasin;
Institut ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi choralarini koʻrsin;
Institutni tanlov asosida, shu jumladan respublika oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan amaliy tajribaga ega boʻlgan yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Institutda oʻquv-metodik jarayonning tashkil etilishini taʼminlash, belgilangan tartibda shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni zarur jihozlar bilan taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Institut axborot-resurs markazini qoʻshimcha oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Samarqand davlat universitetining Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Vasiylik kengashi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Respublika oliy taʼlim tizimidagi mavqei, ilmiy salohiyati, uzoq yillar davomida shakllangan anʼanalarini inobatga olgan holda Samarqand davlat universitetizimmasiga Institutni otaliqqa olish vazifasi yuklansin va unga quyidagi yoʻnalishlarda koʻmak berib borish topshirilsin:
salohiyatli kadrlarni jalb etgan holda taʼlim va ilmiy faoliyatni sifatli tashkil etish;
taʼlim, tarbiya, ilmiy va uslubiy jarayonlarni samarali boshqarish;
taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish;
darslik, oʻquv qoʻllanmalar, oʻquv-uslubiy material va axborot resurslari bilan taʼminlash;
professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish va iqtidorli yoshlar seleksiyasini amalga oshirish;
ilmiy-tadqiqot ishlari uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish va ilmiy maktablarni rivojlantirish.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi Institutni salohiyatli professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlash maqsadida yetakchi oliy taʼlim muassasalarida tegishli sohalar boʻyicha 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab magistratura mutaxassisliklari va 2021-yildan boshlab tayanch doktoranturada kadrlarni maqsadli tayyorlash choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Respublika oliy taʼlim kengashi bilan birgalikda Institut faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida quyidagilarni amalga oshirsin:
Institut faoliyatini chuqur oʻrganish va tahlil qilish hamda uning natijalari boʻyicha xulosa va takliflar kiritish;
professor-oʻqituvchilar, talabalar oʻrtasida soʻrovlar oʻtkazish, jamoatchilik va ish beruvchilarning fikrini oʻrganish hamda ilgʻor xorijiy tajribalarni tahlil qilish orqali oʻquv dasturlarini takomillashtirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
boshqarish tizimi samaradorligi va professor-oʻqituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ular tomonidan taʼlim berishda qoʻllanilayotgan taʼlim-tarbiya usullarining taʼsirchanligiga xolisona baho berish;
ochiqlik, shaffoflik va xolislikni taʼminlash, korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishi boʻyicha tavsiyalar kiritish;
istiqbolli qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish, hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, chet ellik professor-oʻqituvchilar va xorijdagi vatandoshlarni jalb etish boʻyicha takliflar kiritish.
11. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlarining grantlari doirasida tushadigan mablagʻlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
12. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni moliyalashtirish 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida, 2021-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Institutning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash loyihalari Oʻzbekiston Respublikasining 2021–2023-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda respublikamizdagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari tomonidan ularning yuqori malakali professor-oʻqituvchilarini jalb qilgan holda Institutda onlayn maʼruza oʻtkazish hamda masofaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilma bilan taʼminlash, shuningdek, yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmogʻi hamda elektron taʼlim milliy tarmogʻiga ulash choralarini koʻrsin;
Institutda 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab ilgʻor xorijiy, shu jumladan Turkiya Respublikasi oliy taʼlim muassasalari bilan kelishuv asosida qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash hamda talabalar almashinuvi yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda “Yosh tadbirkorlar” biznes-inkubatorini tashkil etish, unda hudud yoshlari uchun tadbirkorlik va startap loyihalarini amalga oshirish koʻnikmalarini shakllantirish hamda talabalarning amaliyotlarini tashkil etish choralarini koʻrsin.
15. Surxondaryo viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Institut faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida jalb etiladigan malakali professor-oʻqituvchilarni xizmat uylari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5812-son Farmoniga muvofiq Termiz davlat universiteti Denov filialiga uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun operativ boshqarish huquqi asosida berilgan Denov qurilish va transport kasb-hunar kollejining bino va inshootlari Institutda saqlab qolinsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-martdagi “Termiz davlat universitetining Denov filialini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 171-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Ushbu qaror ijrosini tashkil etishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov – ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etsin va muvofiqlashtirsin, ular rahbarlarining bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini har chorakda qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov – Institut faoliyatini samarali tashkil etsin, mazkur qarorni ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar koʻrilishini taʼminlasin, belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin hamda uning ijrosi boʻyicha har chorakda axborot kiritib borsin;
Surxondaryo viloyati hokimi T.A. Bobolov – Institut faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda har tomonlama koʻmaklashsin;
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi A.D. Xadjayev – ushbu qarorning mazmun-mohiyati, amaliy ahamiyati hamda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, hududda ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam yoritib borsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2020-yil 17-aprel