O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining soha xodimlariga MUROJAATI

2020-04-18 | Jamiyat

18-aprel – Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari kuni

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda 18-aprel – Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari kuni sifatida nishonlanadi.

Barchamizga maʼlumki, kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xalqimizning turmush darajasini oshirish, aholining kundalik extiyojlarini qondirish, ular uchun qulay yashash sharoitini yaratishda muhim ahamiyatga ega.

Ana shunday muhim sohada faoliyat yuritayotgan soha mutaxassislarining fidokorona mehnati tufayli aholiga toza ichimlik suvi va issiqlik energiyasi yetkazib berilmoqda. Shahar va tumanlarimizdagi koʻp kvartirali uy-joylar obod boʻlmoqda, yillar davomida aholimizni qiynab kelayotgan muammolar izchillik bilan hal qilinmoqda.

Bugungi sinovli kunlarda ham sohada fidokorona faoliyat yuritayotgan minglab hamkasblarimiz davlatimiz tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga oʻzlarining munosib hissalarini koʻshib kelmoqda.

Karantin sharoitida sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishda oʻta muhim boʻlgan toza ichimlik va issiq suvni aholiga yetkazish uchun oʻz halovatidan kechib, kunni tunga ulab, bor bilim va tajribasini ayamay, matonat koʻrsatayotgan minglab soha xodimlarining har kuni qahramonlikdan, xayrli ishlardan iborat, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi ham chuqur isloh qilinmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yil 18-aprel kuni Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tashkil etilib, oʻtgan davr mobaynida sohani rivojlantirish boʻyicha 9 farmon va 15 qaror qabul qilindi. Investitsion dasturlar doirasida davlat byudjetidan mablagʻlar ajratib borilishi, qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasining qonuni bilan 18-aprel – Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari kuni etib belgilanishi davlatimiz rahbarining ushbu tizimga alohida eʼtiborini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Buning natijasida sohada yagona davlat siyosatini amalga oshiradigan mutlaqo yangi markazlashgan boshqaruv tizimi joriy etildi. Aholining toza ichimlik suvi va issiqlik taʼminoti sifatini sezilarli darajada oshirishga, koʻp kvartirali uy-joy fondidan foydalanish tizimini yana-da takomillashtirishga erishdik.

Shu oʻrinda 2019-yil vazirligimiz tarixida salmoqli yil boʻldi, desak hech mubolagʻa boʻlmaydi.

Hududlarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha misli koʻrilmagan ishlar amalga oshirildi. 1,7 trillion soʻm miqdordagi byudjet mablagʻlari hisobidan 550 dan ortiq obyekt foydalanishga topshirildi. Xalqaro moliya institutlari hamkorligidagi 10 yirik loyiha doirasida 99 million dollarga yaqin kredit mablagʻlari oʻzlashtirildi. Natijada 800 mingdan ortiq aholining ichimlik suvi taʼminoti, 75 mingdan ortiq aholining oqova suv xizmatlari yaxshilandi.

Issiqlik taʼminoti sohasini rivojlantirish natijasida qoʻshimcha 300 dan ortiq koʻp kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi 50 mingga yaqin aholining issiqlik taʼminoti qayta tiklandi. Ilk bor xalqaro moliya institutlari mablagʻlari jalb etildi. Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand shaharlari va Toshkent shahrining Sergeli tumanida markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish uchun Jahon banki ishtirokida 220,7 million dollar qiymatdagi loyihalarni amalga oshirishni boshladik.

Shahar va tumanlardagi 5 ming 400 dan ortiq koʻp kvartirali uy taʼmirlandi, uylarga tutash hududlar obodonlashtirildi, 1 ming 500 dan ortiq bolalar maydonchasi, 188 tandirxona, 115 sanitar uzel qurildi va taʼmirlandi.

Eʼtirofga loyiq boʻlgan shu kabi yutuqlarga biz birgalikda erishdik. Har bir xodimimiz, u xoh rahbar boʻlsin yoki oddiy chilangar, bunga oʻz munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Shu bilan birga, xotirjamlikka aslo berilmasdan, oʻtgan yili amalga oshirgan ishlarimizni tanqidiy tahlil qilib, sohamiz faoliyatiga nisbatan aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish zarur.

Afsuski, koronavirus pandemiyasi barchamizning turmush tarzimizga oʻzgarishlar kiritdi. Lekin hayot toʻxtagani yoʻq. Sohani rivojlatirish, aholiga sifatli kommunal xizmatlar koʻrsatish borasida 2020-yilda oldimizda dolzarb vazifalar turibdi. Ularni oʻz vaqtida va sifatli bajarish bizning zimmamizda.

Bu borada, quyidagi dolzarb masalalarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi, parlament palatalari qoʻshma majlisi va tashkiliy yigʻilishlaridagi maʼruzalarida uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasiga oid vazifalarni samarali va oʻz vaqtida amalga oshirish bosh vazifamizdir.

“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida vazirligimizga yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida amalga oshirish alohida eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Sohaning samarali faoliyat yuritishini taʼminlash uchun normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha ishlarimizni davom ettiramiz. Joriy yilda “Issiqlik taʼminoti toʻgʻrisida”gi, “Suv taʼminoti va oqova xizmatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va Uy-joy kodeksining yangi tahriri loyihalarini ishlab chiqishimiz zarur. Shu bilan birga, “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi qonun ijrosini taʼminlash maqsadida hududlarda oʻtkazilayotgan huquqiy eksperimentni yakunlab, 2020-yil 1-iyunga qadar ushbu xujjat normalarini yana-da takomillashtirish va uni respublikaning boshqa hududlarida qoʻllash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga takliflar kiritamiz.

Vazirligimiz tizimida “Axborot texnologiyalari yili” deb eʼlon qilingan 2020-yilda sohaga axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish boʻyicha boshlagan ishlarimiz eng muhim ustuvor vazifalardan biri boʻladi. Shu bois sohadagi qurilish jarayonlarining onlayn monitoringini yuritish va nazoratini amalga oshirish uchun “Smart qurilish”, hududlarni obodonlashtirish boʻyicha “Obod hudud” hamda kadrlar monitoringini yuritish va ijro intizomini nazorat qilish boʻyicha “Vazifalar bajarish tizimi-VBT (KPI)” va “Pro Suit” dasturiy taʼminotlarni amaliyotga tatbiq etish talab etiladi.

Ayni vaqtda suv taʼminoti va oqova suv tizimi obyektlari boʻyicha yagona geoaxborot tizimi hamda respublikaning suv resurslarini boshqarish tizimini avtomatlashtirishni taʼminlaydigan “Raqamli suv taʼminoti korxonasi” tizimi joriy etiladi.

Soha infratuzilmasini rivojlantirish, mavjud tizimni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini davom ettiramiz. 2020-yil uchun qabul qilingan investitsiya dasturlari doirasida ushbu maqsadlarga ajratilgan 1,4 trillion soʻm markazlashgan mablagʻlarni samarali oʻzlashtirib, qurilish-montaj ishlari amalga oshirilishi koʻzda tutilgan 302 obyektni oʻz vaqtida foydalanishga topshirish oldimizda turgan muhim vazifalardan biridir. Shu bilan birga, xalqaro moliya institutlari hamkorligidagi 13 yirik loyiha doirasida 144,6 million dollar kredit mablagʻlari samarali oʻzlashtirilishi taʼminlanadi.

Bunda qurilish ishlari sifatini taʼminlash “loyihadan foydalanishga topshirishgacha” boʻlgan uzluksiz zanjirning samarali faoliyatini yoʻlga qoʻyishimiz muhim ahamiyatga ega.

Joriy yil yakuni bilan ushbu ishlarni amalga oshirish natijasida 700 mingdan ortiq aholining markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti, 65 mingdan ortiq aholining oqova suv tizimi va 50 mingdan ortiq aholining issiqlik taʼminoti yaxshilanishiga erishamiz.

“Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibidagi hududiy suv taʼminoti masʼuliyati cheklangan jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar koʻrishimiz talab etiladi. Bu borada, avvalambor yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ishlab chiqilayotgan Oʻzbekiston Respublikasining suv taʼminoti va suv chiqarish tizimini rivojlantirish strategiyasi konsepsiyasini amaliyotga tatbiq etish joriy yilda asosiy vazifalarimizdan biri boʻlishi kerak.

Sohani rivojlantirishga qaratilgan shu kabi muhim vazifalar bilan bir qatorda karantinga oid choralar amal qilish davrida aholi xonadonlariga va tibbiyot muassasalariga, ayniqsa, maxsus karantin obyektlariga uzluksiz toza ichimlik suvini yetkazib berish, koʻp kvartirali uy-joylarni issiq suv bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Uylar va unga tutash hududlarni dezinfeksiyalash tadbirlarini muntazam ravishda amalga oshirish uchun suv va issiqlik taʼminoti tashkilotlari, barcha dispetcherlik va avariya xizmatlari kuchaytirilgan ish rejimida faoliyatini davom ettiradi.

Barchamizni tashvishga solgan illatga qarshi kurashish yuksak tafakkur, temir intizom sabr-toqat va chuqur masʼuliyat talab etadi. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo, oʻzimiz masʼulmiz.

Fursatdan foydalanib yana bir bor barcha hamkasblarimizni 18-aprel – Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari kuni bilan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga qut-baraka, xotirjamlik, mashaqqatli va sharafli mehnat faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman!

Muzaffar SOLIYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi

uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri

Поделиться