O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish – eng dolzarb masala

2020-04-11 | Siyosat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-aprel kuni paxtachilik va gʻallachilikda klaster tizimini rivojlantirish, bahorgi agrotexnik ishlarni samarali tashkil qilib, hosildorlikni oshirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi insonlar hayotiga xavf solish bilan bir qatorda butun dunyoni iqtisodiy inqirozga olib kelayotgani tobora aniq boʻlib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar tahlillariga koʻra, pandemiyaning jahon iqtisodiyotiga zarari kamida 5 trillion dollarni tashkil qiladi.
 
Xususan, yuqori daromad beradigan xalqaro turizm, transport va logistika sohalarida tushumlar 2 barobargacha kamayishi kutilmoqda. Sanoatning koʻplab tarmoqlarida ishlab chiqarish zanjiri buzilishi hisobiga ham zarar katta boʻlishi tahmin qilinmoqda.
 
Bu vaziyatda oziq-ovqat taʼminoti masalasi kuchayib, ayrim davlatlar oʻzi yetishtirgan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini chetga chiqarmaslik choralarini koʻrmoqda. Shuning uchun qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bugungi kunda eng dolzarb masalaga aylanib boryapti.
 
Kecha Jahon banki oʻz hisobotida Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida iqtisodiyotning oʻsish surʼatlarini taʼminlaydigan manba qishloq xoʻjaligi ekanligini eʼlon qilib, bu borada Oʻzbekistonda imkoniyatlar kattaligiga alohida eʼtibor qaratdi.
 
Bugungi yigʻilishda davlatimiz rahbari endi barcha hokimlar, sektor rahbarlari agrar sohadagi rezervlarni safarbar qilib, mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirishi kerakligini taʼkidladi. Shundagina iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi yoʻqotishlar oʻrnini qisman toʻldirib, aholi bandligi va daromadini taʼminlash mumkin.
 
Maʼlumki, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida gʻoyat keng qamrovli va jiddiy islohotlar olib borilmoqda. Xususan, paxta va gʻallaga davlat buyurtmasidan voz kechilib, narx belgilash erkinlashtirildi. Mahsulot ishlab chiqarishda klaster tizimiga oʻtildi va ularning rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bundan maqsad – mahsulot hajmini keskin oshirish, yuqori qoʻshilgan qiymat va yangi ish oʻrinlari yaratish, eng asosiysi – daromad va manfaatdorlikni oshirishdan iborat.
 
Klasterlar qishloq xoʻjaligida innovatsion gʻoyalar va tejamkor texnologiyalarni joriy qilib, iqtisodiy samaradorlikni taʼminlayapti.
 
Misol uchun, oʻtgan yili Quyichirchiq tumanidagi “TST klaster”, Doʻstlik tumanidagi “Sangzor tekstil” klasteri paxtadan gektaridan oʻrtacha 30-35 sentner xirmon koʻtarib, hosildorlikni undan oldingi yilgiga nisbatan qariyb 2 barobarga oshirdi. Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Xanteks” klasteri tomchilatib sugʻorish joriy qilingan paxta maydonlarida oʻrtacha 70 sentnergacha hosil oldi. 
 
Bunday natijalar paxtachilikda hali rezerv koʻpligini yaqqol koʻrsatib turibdi. Yigʻilishda klasterlar bu imkoniyatlardan toʻliq foydalanib, oʻzi faoliyat yuritayotgan tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga hissa qoʻshishi, odamlarning ongi va turmush tarzini ijobiy tomonga oʻzgartirishi kerakligi qayd etildi.
 
Buning uchun zarur qulaylik yaratilmoqda. Misol uchun, pandemiya taʼsirini yumshatish boʻyicha qabul qilingan farmonlarga muvofiq, kreditlarni qaytarish muddati uzaytirildi, soliq boʻyicha qator yengilliklar joriy qilindi.
 
Buni toʻgʻri baholagan, yurtini sevgan klasterlar rahbarlari paxta hosildorligini 10 sentnerga va gʻalla boʻyicha 20 sentnerga oshirish boʻyicha tashabbus bilan chiqdi.
 
Prezidentimiz bugungi ogʻir sharoitda barcha rahbarlar va fermerlar bir boʻlib, mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish bilan shugʻullanishi lozimligini taʼkidladi.
 
Klasterlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ilgʻor tajribalarni keng joriy qilish maqsadida Paxta yetishtiruvchi va qayta ishlovchi klasterlar uyushmasini tashkil qilish tashabbusi maʼqullandi.
 
Mutaxassislarning fikriga koʻra, bu yil suv taʼminoti juda ogʻir boʻladi. Shuning uchun suv resurslarini tejab ishlatish gʻoyat muhim, suvni 2 barobar iqtisod qilish choralarini koʻrish zarur.
 
Suv xoʻjaligi vazirligiga ushbu hayotiy resursning aniq hisob-kitoblar asosida ajratilishini taʼminlash, bu yil 150 ming gektar maydonda suv tejovchi, shu jumladan, 44 ming gektarda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish vazifasi yuklatildi.
 
Videoselektor yigʻilishida gʻallachilikka doir chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.
 
Pandemiya natijasida oxirgi uch oyda mamlakatimizga kirib kelayotgan un hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 50 foizga, don 31 foizga kamaydi. Bugungi epidemiologik vaziyat har qanday sharoitga tayyor boʻlish darkorligini, oziq-ovqat aholining talabi darajasida zaxira qilinishi zarurligini koʻrsatmoqda.
 
Oʻtgan yili gʻallaning davlat xarid narxlari oshirilib, dehqonlarning manfaatdorligi taʼminlangani va qoʻshimcha don yetishtirilgani uchun ichki bozordagi narxlar barqaror saqlanib turibdi.
 
Bu mavsumda esa qoʻshimcha agrotexnik tadbirlarni bajarib, gʻalla hosildorligini 20 sentner koʻpaytirish, gektaridan kamida 70 sentnerdan hosil olish choralarini koʻrish zarurligi taʼkidlandi.
 
Shu maqsadda har bir viloyat va tuman uchun ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqib, ularga muvofiq agrotexnik tadbirlarning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishini tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Gʻallani oziqlantirish, zang kasalligi, zararkunanda va begona oʻtlarga qarshi kimyoviy ishlov berish, oʻrim-yigʻimni uyushqoqlik bilan tashkil etish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
 
Joriy yilda tashkil qilingan 102 ta gʻallachilik klasteri fermerlarga namuna boʻlib, olingan qoʻshimcha don hisobidan aholiga arzon goʻsht, baliq va parrandachilik mahsulotlari yetkazib berishi maqsadga muvofiq.
 
Pandemiya davrida barcha davlatlar oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan jiddiy choralarni koʻrmoqda. Oʻtgan yili may-dekabr oylarida yurtimizga 116 ming tonna kungaboqar, 7 ming tonna soya, 15 ming tonna guruch, 2,6 ming tonna dukkakli ekin yormalari import qilingan.
 
Bu oziq-ovqat mahsulotlari turlari va hajmini koʻpaytirish ustida jiddiy ishlash kerakligini anglatadi. Nafaqat import oʻrnini toʻldirish, balki yangi eksport bozorlarida oʻrin topish zarur. Shunda hozirgi global inqirozdan kuchli davlat boʻlib chiqish mumkin.
 
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmini koʻpaytirish maqsadida 10 ming gektar yangi bogʻ va 9 ming gektar tokzorlar orasiga kartoshka, sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, koʻkat, noʻxat, mosh, loviya, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri va poliz ekinlari ekish boʻyicha koʻrsatma berildi.
 
Baxmal, Yangiobod, Forish va Qoʻshrabot tumanlarida yuzlab quduqlar qazilib, 10 ming gektar lalmi yer maydonlarida uzumzorlar barpo etilgan edi. Yigʻilishda bu tajribani barcha viloyatlarda joriy qilish, lalmi yerli tumanlarga burgʻulash texnikalari yetkazib berish zarurligi qayd etildi.
 
Barcha sektor rahbarlari oʻz hududida oziq-ovqat zaxirasini hisob-kitob qilib, ichki imkoniyatlarini kengaytirib borishi kerakligi aytildi.
 
Soha mutasaddilari, viloyat hokimlari va klasterlar rahbarlari yigʻilishda belgilangan vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan axborot berdi.

Manba: O'zA

Поделиться