O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shavkat Mirziyoyev: hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimizning eʼtibori va gʻamxoʻrligidan chetda qolmasligi kerak
2020-04-11 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-aprel kuni paxtachilik va gʻallachilikda klaster tizimi samaradorligini va hosildorlikni oshirishda eng dolzarb vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi avvalida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish borasidagi ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:
– Avvalambor, dunyoning koʻplab davlatlarida koronavirusning tez tarqalishi bilan bogʻliq bugungi vaziyat biz Oʻzbekistonda karantin va aholini besabab koʻchaga chiqmaslik rejimini oʻz vaqtida joriy etganimizni isbotlaganini taʼkidlamoqchiman.
Buni toʻgʻri tushunib va maʼqullab, sabr-toqat bilan uyida va karantin maskanlarida oʻtirgan barcha fuqarolarimizga, shuningdek oʻz burchini mardlik va matonat bilan bajarayotgan shifokorlarimizga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.
Ochigʻini aytish kerak, agar xalqimizning mentaliteti va turmush tarzini, shu jumladan, ish-oʻqish, toʻy-maʼraka, mahalla, bozor, qarindoshlar, qoʻshnilar, doʻstlar, ayniqsa bemorlardan tez-tez xabar olish kabi juda keng ijtimoiy munosabatlarimizni hisobga olsak, karantin va cheklash tadbirlarini vaqtida kiritmaganimizda, bemorlar va yoʻqotishlar bundan ancha koʻp boʻlishi aniq edi.
Infeksiya tarqalishini deyarli bir oy davomida sekinlashtirib, bu vaqtdan davolash oʻrinlarini koʻpaytirish, chet davlatlarning davolash tajribasini oʻrganish va joriy qilishda unumli foydalandik.
Shuningdek, Rossiyadan 500 ta sunʼiy nafas berish apparatini xarid qildik. Ularning birinchi qismi yaqin kunlarda olib kelinadi. Xitoydan kasallikni aniqlovchi 200 ming dona va Germaniyadan 50 ming dona test olib kelinmoqda.
Biz bu illatga qarshi kurashishda xalqaro hamjamiyat bilan keng hamkorlik qilyapmiz. Bugun Turkiy tilli davlatlar kengashining aynan shu masalaga bagʻishlangan navbatdan tashqari sammiti videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtdi.
Anjumanda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Turkmaniston, Oʻzbekiston va Vengriyaning davlat va hukumat rahbarlari, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus ishtirok etdi.
Sammitda biz Turkiy kengash doirasida qoʻshma epidemiologik kuzatuv tizimini shakllantirish, diagnostika, davolash masalalari boʻyicha oʻzaro maʼlumotlar va tajriba almashish yuzasidan kelishib oldik, keng yoʻlga qoʻyishni taklif etdik.
Shuni alohida aytib oʻtmoqchimanki, barcha delegatsiya rahbarlari birinchi navbatda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliya va transport sohalaridagi hamkorligimizni pandemiya tarqalishi sharoitlarida rivojlantirish uchun yangi mexanizm va formatlar kerakligini taʼkidladilar.
Turkiy kengash davlatlarining oʻzaro savdo aylanmasi hajmlarini inqirozoldi darajasida saqlab qolish,
investitsiyalarni ragʻbatlantirish va ustuvor loyihalarni amalga oshirishda oʻzaro koʻmak koʻrsatish,
transport infratuzilmasidan samarali foydalanish va yuk tashish tariflarini pasaytirish,
umuman olganda, davlatlarimiz uchun birinchi galda zarur boʻlgan mahsulotlar tashuvlari uchun hech qanday toʻsiqlar boʻlmasligi haqida atroflicha kelishib oldik.
Biz bu xatarga qarshi kurashda mamlakat ichida boʻladimi, yurtimizdan tashqarida boʻladimi, bor kuch va imkoniyatlarimizni toʻla safarbar etamiz.
Vatanimizda yashayotgan hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimizning eʼtibori va gʻamxoʻrligidan chetda qolmasligi kerak.
Shuning uchun joylardagi 6 ta sektor rahbarlari, barcha mutasaddilar, respublikadan biriktirilgan vazirlar juda qattiq ish olib borishlari kerak!
Xavf hali oʻtib ketgani yoʻq. Hali oldinda juda katta sinovlar kutmoqda.
Temir intizom va yuksak masʼuliyat bilan kechayu kunduz ish davom etishi kerak!
Manba: O'zA