O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘ZKOMNAZORAT: Axborot xavfsizligi talablariga rioya qiling va ishonchli parol bilan himoyalaning!
2020-04-08 | Texnologiyalar
Karantin vaqtida foydalanuvchilarning Internet va ijtimoiy tarmoqlardagi faollashuvi kuzatilmoqda. Bunda Internet foydalanuvchisi bo‘lgan fuqarolar, balki davlat organlarida, xo‘jalik yurituvchi subyektlarda faoliyat olib borayotgan hamda masofadan ishlashga o‘tgan xodimlar, ularning rahbariyati, AKT yo‘nalishidagi masʼullar ham xushyor bo‘lishi talab etiladi.
Ushbu vaziyat asosida Zoom dasturi ommalashdi, uning o‘ziga xosligi ushbu messenjer bitta platformada barcha kommunikatsiya xizmatlarini taqdim eta olishida, kompaniya karantin sabab barcha pulli servislarni bepul qildi. Biroq kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar ilovani ishlatish shaxsga doir maʼlumotlar o‘g‘irlanishi va ulardan jinoiy maqsadlarda foydalanish mumkinligini bildirmoqda.
Masalan, Checkpoint Research kompaniyasi Zoomʼni yuklab olish uchun qalbaki saytlar va ilovalar yaratilgani haqida maʼlum qilgan. Ularni yuklab olish oqibatida foydalanuvchilarning bank hisob raqamlari haqidagi maʼlumotlar o‘g‘irlanadi. Epidemiya boshlanganidan beri nomida Zoom so‘zi ishtirok etgan 1700 ta domen ro‘yxatga olingan. Ularning 70 tasi o‘tgan haftada ro‘yxatga olingani va umumiy doomenlar sonining chorak qismi o‘ta shubhali ekanligi aytilmoqda.
Shuningdek, tarmoq orqali foydalanuvchilarning onlayn suhbatlari hujumga uchrashi, chatlarga pornografiya, zararli fayllar tarqatilishi mumkin. Eng yomoni ushbu yangi messenjer orqali shaxsga doir maʼlumotlar, elektron mablag‘lar, foto-, videofayllar va yana boshqa axborotlar oshkor etilishi xavfi yuqori.
Shu sababli foydalanuvchilarga quyidagilar tavsiya etiladi:
1. Videokonferensaloqa tarzidagi suhbatlarni amalga oshirishda ishonchli parollar qo‘yish;
2. Konferensiya tarzidagi muloqot tashkil qilayotgan admin tomonidan cheklovlar o‘rnatish;
3. Chatlarga begonalarni kiritmaslik;
Firibgarlar, jinoyatchi xakerlar barcha messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlardagi ushbu faollikdan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishga urinadi. Davlat organidagi konfedensial, moliyaviy, iqtisodiy, shaxslarga oid maʼlumotlar Internet orqali uzatilishi masofadan ishlashga o‘tgan xodimlarning masʼuliyatini yana-da oshirishi kerak va axborotlar, fayllar ishonchli himoya qilinishi zarur.
“O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi karantin vaqtida ijtimoiy tarmoqlardan, messenjerlardan foydalanishda:
1. Shaxsiy maʼlumotlar, elektron pochta paroli, telefon raqami, plastik karta raqami va boshqa axborotlarni oshkor etmaslik;
2. Shubhali botlar, turli kanallar hamda firibgarlar tomonidan ochilgan boshqa manbalarga ishonmaslik;
3. Masofadan ishlashga o‘tgan davlat organlari yoki xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlaridan esa uyda konfedensial axborotlar bilan ishlashda tegishli tartib va qoidalarga amal qilish, axborot xavfsizligi meʼyorlariga rioya qilish;
4. Elektron hujjat almashinuvi uchun ishlatiladigan dasturiy taʼminotlardan foydalanishda, elektron pochtalar orqali maʼlumotlar yuborish, ularni qabul qilishda axborot xavfsizligi qoidalariga amal qilish;
5. Uydan turib masofadan ishlayotgan xodimlarga o‘z korxonasi yoki muassasasidagi AKT mutaxassisi belgilagan qoidalarga bo‘ysunish;
6. O‘zi va boshqa hamkasblari bilan ish bo‘yicha yozishmalarda shaxsiy elektron pochtadan foydalanmaslik;
7. Onlayn rejimda ishlash, videokonferensaloqa tarzidagi muloqotlar uchun ishonchli parollardan foydalanish;
8. Kompyuterda iloji boricha ishonchli dasturiy mahsulotlarni ishlatish;
9. Begona xavolalarga kirmaslik;
10. Turli ishonchsiz manbalardan fayllar yuklamaslik, maʼlumot almashinuvida arxivlashtirilgan hamda shifrlangan fayllardan foydalanish, shuningdek muhim axborotlarning zaxira nusxasini olib qo‘yish tavsiya qilinadi.