O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shavkat Mirziyoyev: shifokorlarning oʻz kasbiga sadoqati, mehnati – jasorat namunasi

2020-03-27 | Siyosat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurarshishni kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbari ushbu masala boʻyicha xalqimizga yana bir bor murojaat qildi.
 
– Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat ogʻir kunlarni boshidan kechirmoqda. Koronavirus infeksiyasi 190 dan ziyod mamlakatga tarqalib, pandemiyaga aylandi. Kasallanganlar soni 450 mingdan, vafot etganlar 21 mingdan oshdi.
 
Afsuski, ushbu kasallik mamlakatimizni ham chetlab oʻtmadi. Bugunga kelib virus bilan kasallanganlar soni 65 nafarni tashkil qilmoqda.
 
Shu sababli, Bosh vazir rahbarligida respublika komissiyasi tuzilib, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etildi.
 
Pandemiyaga qarshi qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish uchun jamgʻarmaga 10 trillion soʻm miqdorida mablagʻ yoʻnaltirildi.
 
Bu ofatdan xalqimizni asrash boʻyicha mamlakat miqyosida taʼsirchan choralar koʻrilmoqda. Xususan, kasallik aniqlangan ilk kundanoq barcha taʼlim va diniy muassasalar faoliyati, xalqaro va ichki jamoat transportlari qatnovi toʻxtatildi.
 
Odamlar gavjum boʻladigan joylar, xususan, barcha buyum bozorlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari vaqtincha yopildi.
 
Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha korxona va tashkilotlar xodimlariga taʼtil berilib, masofaviy ishlashga oʻtkazilmoqda.
 
Mamlakatning barcha tibbiyot muassasalari kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtkazilib, 11 ta tibbiyot muassasasi va 97 ta sihatgoh, oromgoh va yotoqxonalar karantinga ixtisoslashtirildi.
 
Ushbu virusli infeksiyani jilovlash, tarqalishining oldini olish hamda profilaktika qilish maqsadida uy sharoitida 80 mingga yaqin, statsionarda 12 ming nafar fuqaro karantinga olingan.
 
Pandemiyaga qarshi kurashish boʻyicha 100 ming atrofida tibbiyot xodimlari mobilizatsiya qilinib, ularga hokimiyatlar, ichki ishlar tizimi, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari yaqindan koʻmaklashmoqda.
 
Shuningdek, xorijdagi fuqarolarimizni qaytarish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Dastlab ularni Xitoydan evakuatsiya qilgan boʻlsak, hozirda barcha davlatlardan olib kelinmoqda.
 
Xorijdagi hamma diplomatik vakolatxonalarimizda shtablar tashkil etilgan. Oxirgi 10 kun ichida 20 ta charter reyslar amalga oshirildi. Rossiya, Turkiya, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Misr, Malayziya, Hindiston, Tailand, Indoneziya va Germaniyadan toʻrt mingga yaqin fuqarolarimiz olib kelindi, qoʻshni davlatlar bilan chegaralarimizdan 80 mingdan ortiq vatandoshlarimiz oʻtkazildi hamda yurtimizda tashkil etilgan profilaktoriy, sanatoriy va boshqa shifo maskanlarida karantinga olindi.
 
Bundan tashqari, diplomatik missiyalarimiz Rossiya, Xitoy, Singapurdan ekspress-testlar, tibbiy anjomlar va gumanitar yuklarni olib kelish boʻyicha amaliy ishlarni bajarmoqda, ilgʻor davlatlarning yetakchi va tajribali mutaxassislarini jalb etish boʻyicha saʼy-harakatlar kuchaytirildi.
 
Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Bizda aniqlangan kasallar soni kam-ku, 100 taga ham yetmaydi, xavotirga oʻrin yoʻq, deb xotirjam boʻlish xiyonat hisoblanadi.
 
Chunki, koronavirus menga yuqmaydi deb befarq yurganlar nafaqat oʻzining, balki ota-onasi, farzandlari, atrofidagilar, qolaversa, butun xalqimizning sogʻligʻi va hayotini katta xavfga qoʻyishini chuqur anglab yetishi kerak.
 
Davlat tomonidan koʻrilayotgan choralar odamlarimizning kasallikni yuqtirib olish ehtimolini imkon qadar chegaralash, virusli infeksiyaning tarqalishini jilovlashga qaratilgan.
 
Tibbiyot qanchalik rivojlangan boʻlmasin, davlat bunga qancha-qancha mablagʻ ajratmasin, odamlarimiz shifokorlar tavsiyasiga amal qilmasa, tartib-intizomli boʻlib, karantin qoidalariga rioya etmasa, barcha koʻrilayotgan choralarimiz, pandemiyaga qarshi kurashish uchun safarbar qilingan yuz minglab fidoyi insonlarning mehnati behuda ketishi mumkin.
 
Ayrim hudud rahbarlari hozirga qadar fuqarolarga murojaat bilan chiqish va yuzaga kelgan vaziyatni aholi oʻrtasida tushuntirish choralarini koʻrmayapti. Mahalliy telekanallar, gazeta va jurnallarda, ijtimoiy tarmoqlarda ishlar lozim darajada tashkil etilmayapti.
 
Viloyat, shahar va tuman, 4 ta sektor rahbarlarining epidemiologik osoyishtalik uchun shaxsiy javobgar ekanligi haqida qatʼiy ogohlantiraman. Sizlar koronavirus infeksiyasining tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik, karantin rejimini buzishning barcha salbiy oqibatlarini aholiga tushuntirish boʻyicha tunu kun ishlashingiz shart.
 
Mahalla fuqarolar yigʻinlariga ham koʻp eʼtirozlarim bor. Joylarda mahalla faollarining roli umuman sezilmayapti. Mahalla raislarining koʻz oldida ayrim fuqarolar koʻp odamlarni yigʻib, dabdabali marosim va tadbirlarni oʻtkazishni davom ettirmoqda.
 
Misol uchun, Fargʻona viloyati Yozyovon tumani Beruniy mahallasida yashovchi ayol Umradan qaytib kelib, uyda karantinda boʻlish talablarini qoʻpol ravishda buzib, ertasi kuni 120 nafar kishini chaqirib, dabdabali marosim oʻtkazgan. Oqibatda uning 4 nafar oila aʼzosi infeksiya yuqtirgani aniqlandi. Yana qancha odam kasallangani hali nomaʼlum.
 
Shu bois karantin qoidalarini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish toʻgʻrisida parlamentimiz qabul qilgan qonunni imzoladim. Ushbu qonunga asosan, bundan buyon karantin davrida atrofidagi insonlarning sogʻligʻi va hayotini xavf ostiga qoʻyganlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
 
Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini qatʼiy taʼminlashi shart.
 
Ishonchim komil, oilasi, farzandlari, el-yurti tinchligi, sogʻligʻini hamma narsadan ustun qoʻyadigan donishmand xalqimiz bunday holatga tushib qolishni hech qachon istamaydi.
 
Koronavirus pandemiyasi butun insoniyat uchun Yaratganning bergan bir sinovidir. Xalqimiz jipslashib, shifokorlarning barcha tavsiyasi, koʻrsatmalariga amal qilsalar, odamlarimiz karantin davrida hayotiy zaruratsiz oʻz xonadonlarini tark etmasa, kasallikning ilk belgilari aniqlanganda, uni yashirmay shifokorlarga oʻz vaqtida murojaat qilsalar, biz bu kasallikni, albatta, yengamiz!
 
Koronavirusga qarshi kurashishdagi oʻziga xos “jang maydoni”da tibbiyot xodimlari birinchi zarbani qabul qilmoqdalar. Oddiy haqiqatni tan olish adolatdan boʻladi. Kasallarga oʻz vaqtida yordam berilsa, ular shifo topadi, kasalxonalarni tark etadi. Lekin, oxirgi kasal tuzalmaguncha tibbiyot xodimlari ish joyini tark etolmaydi.
 
Dunyo boʻylab, xususan, mamlakatimizda shifokorlarning oʻz kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sogʻligʻi yoʻlida tunu kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun jasorat namunasi boʻlmoqda.
 
Shu sababli, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishga qoʻshayotgan ulkan hissalarini va fidokorona xizmatlarini eʼtirof etgan holda, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb etilgan tibbiyot, sanitar-epidemiologik va boshqa xodimlarni qoʻshimcha ijtimoiy hamda moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida alohida qarorni imzoladim.
 
Karantin amal qiladigan muddatda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obyektlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlar, epidemiologlarga har oyda qoʻshimcha 25 million soʻm, hamshira va laborantlarga 15 million soʻm, sanitar xodimlarga 10 million soʻm va boshqa xodimlarga 5 million soʻm ragʻbatlantirish toʻlovlari beriladi.
 
Bundan tashqari, bemorlar bilan ishlash vaqtida koronavirus yuqtirib olgan tibbiyot xodimlariga 100 million soʻm miqdorida alohida toʻlov beriladi.
 
Hurmatli tibbiyot xodimlari, oʻz hayoti va sogʻligʻini garovga qoʻyib, pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarga butun Oʻzbekiston xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman, – dedi davlatimiz rahbari.

Manba: O'zA

Поделиться