O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qoʻmondonlikda koronavirus kasalligining oldini olish boʻyicha maxsus radioeslatma tizimi joriy etildi
2020-03-26 | Xavfsizlik sohasi
Bugun koronavirus mamlakatimizda keng tarqalib ketishining oldini olish borasida aniq natijaga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu sinovli kunlarda harbiylar ham faol ishtirok etmoqda.
Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi boshqaruv apparatida koronavirus kasalligining oldini olish boʻyicha maxsus radioeslatma tizimi joriy etildi. Bunda yurt himoyachilariga shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, antiseptik vositalardan foydalanish boʻyicha tavsiyalar berib borilmoqda. Bu esa, koronavirus epidemiyasining oldini olishda, shaxsiy tarkibning salomatligini nazorat qilishda muhim oʻrin tutmoqda. Harbiy tibbiyot xodimlari tomonidan esa harbiy qism hududi, nazorat-oʻtish joylari, xizmat xonalarida muntazam ravishda dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda, harbiy xizmatchilarning salomatligi doimo shifokorlar nazoratida.
Shuningdek, qoʻmondonlik harbiy xizmatchilari tomonidan Respublika boʻylab bozorlar, savdo majmualari, qoʻriqlanayotgan obyektlar, harbiy shaharchalar hududlarida kasallik profilaktikasiga qaratilgan aksiyalar oʻtkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan Korzinka.uz savdo majmuasida “Koronovirusga qarshi birgalikda kurashamiz” shiori ostida oʻtkazildi.
Mazkur aksiya davomida hamyurtlarimizga kasallik va uning profilaktikasiga oid maʼlumotlarni oʻzida jamlagan bukletlar hamda tibbiy niqoblar tarqatildi. Jumladan, qoʻmondonlik harbiy xizmatchisi kichik serjant Ziyodulla Gʻofurovning rafiqasi tomonidan tikilgan bir talay tibbiy niqoblar yurtdoshlarimizga beminnat yordam sifatida bepul taqdim etildi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilar tomonidan koronavirusdan himoyalanish uchun shaxsiy gigiyenaga qatʼiy amal qilish va karantin qoidalariga toʻliq rioya etish lozimligi, uyda qolish kasallikni yuqtirib olmaslikning muhim omili ekanligi ham yurtdoshlarimizga tushuntirib oʻtildi.
Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi matbuot xizmati