Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyatida rossiyalik mutaxassislar koʻmagida nefrologiya boʻyicha malaka oshirish kurslari olib borilmoqda. Bugungi voqelikni hisobga olgan holda, shifokorlar masofaviy oʻqitiladi.
Malaka oshirish kursida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan 15 nafar mutaxassis, jumladan, nefrolog, gemodializ boʻyicha mutaxassislar, reanimatologlar Rossiya Federatsiyasining Stavropol davlat tibbiyot universiteti professor-oʻqituvchilarining ishlanmalari va tajribasi asosida zamonaviy bilimga ega boʻlmoqda.
144 soatlik oʻquv dasturi tugagandan soʻng imtihon olish va sertifikat berish koʻzda tutilgan. Eslatib oʻtamiz, hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda tibbiy malaka oshirishni baholash uchun kredit-modul tizimi joriy etilgan. Va xalqaro tajribaga asoslangan oʻquv kursida qatnashish nafaqat zamonaviy bilimlarni, balki ball toʻplash imkoniyatini ham beradi. Bu esa kelgusida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi tegishli qaroriga binoan amalga oshiriladigan shifokorlarni litsenziyalashda muhim rol oʻynaydi.
Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislari va Stavropol tibbiyot universiteti oʻrtasidagi hamkorlik oʻtgan yilning sentyabr oyidan Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi tashabbusi bilan boshlangan. Oʻshanda Milliy palataning Qashqadaryo viloyati hududiy boʻlinmasi direktori Shoira Nabiyeva va viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazining bosh shifokori Toʻlqin Rasulovdan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi rossiyalik hamkasblari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun Stavropolga tashrif buyurgan edi. Natijada Stavropol davlat tibbiyot universitetining qoʻshimcha kasbiy taʼlim instituti bilan hamkorlik toʻgʻrisida 5 yillik memorandum imzolandi.
Birgalikdagi faoliyatning ilk belgisi Stavropoldagi bir oylik malaka boʻlib, unda noyabr oyida qashqadaryolik olti nafar shifokor ishtirok etgan edi. Endilikda rejalashtirilgan oʻzaro hamkorlik dasturi doirasida rossiyalik mutaxassislar oʻzbekistonlik hamkasblarini nefrologiya kursida oʻqitmoqda.
Garchi mashgʻulotlarning yakuniy bosqichida stavropollik shifokorlarining kelishi 23-martdan 28-martgacha rejalashtirilgan boʻlsada, yangi voqeliklarni hisobga olgan holda, endilikda mashgʻulotlar masofadan turib olib borilmoqda.
Onlayn oʻqitish Milliy palataning Qashqadaryo hududiy boʻlinmasi hududida tashkil etilgan. Boʻlim boshligʻi Shoira Nabiyevaning taʼkidlashicha, yangi shartlar loyiha qatnashchilariga davom etayotgan mashgʻulotlar samaradorligi uchun javobgarlikni kuchaytirmoqda.
Innovatsion sogʻliqni saqlash
milliy palatasining matbuot xizmati.