Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi ukrainalik dasturchilar bilan hamkorlikda eshitish qobiliyati past odamlarning ijtimoiylashuvini tubdan oʻzgartirishi mumkin boʻlgan loyihani sinovdan oʻtkazishni boshlaydi.
Nega eshitish qobiliyatidan mahrum odamlar oʻz muammolari boʻyicha turli muassasalarga kamdan-kam hollarda murojaat qiladi? Buning uchun ularning yonida imo-ishora tilini biladigan tarjimonga ega boʻlishi kerak. Va bu juda katta muammo, chunki bunday tarjimonlar oʻz xizmatlari uchun haq toʻlashni talab qiladi. Bunday tarjimonlar oʻzi juda kamchilikni tashkil qiladi.
Shunday qilib, kar-soqov odamlar jamiyatning qolgan qismi bilan muloqot qilishi kamayib boradi, chunki bu tegishli sharoit yaratilishini talab qiladi. Ushbu muammoning yechimidan biri sifatida ukrainalik dasturchilar maxsus dastur taklifini ilgari surmoqda. Milliy palata va Ukrainadagi sheriklarning hamkorligi tufayli Oʻzbekistonda ushbu loyihaning qanchalik samaradorligini sinab koʻrish imkoniyati bor.
Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi, “Ijtimoiy birlashma” tashkiloti (Ukraina) va “Interactive Group FZC” (BAA) kompaniyasi oʻrtasida uch tomonlama memorandum imzolandi.
Xoʻsh, loyihaning pilot versiyasi nima? Milliy palata hududlardagi barcha 14 boʻlinmasi hamkorlar tomonidan taqdim etilgan dasturiy taʼminot bilan taʼminlangan planshetlarni kerakli tashkilotlar, masalan, “Yagona oyna” markazi, bank, hokimliklarga tarqatdi. Bu yerga tashrif buyurgan imkoniyati cheklangan shaxslar ushbu planshetdan foydalangan holda, suhbatlashish va oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega boʻladi. Planshet internet orqali tarjimonlar markaziga ulangan boʻlib, tashrif buyuruvchilar video-aloqa orqali imo-ishora tilida murojaat qiladi va tarjimon ularning murojaatlarini tashkilot xodimiga soʻzlab beradi. Shuningdek, tashkilot xodimi aytgan barcha maʼlumotlar ham imo-ishora tili orqali murojaatchiga yetkaziladi.
Hozirda Ukrainada eshitish imkoniyati cheklangan odamlar tomonidan eng koʻp tashrif buyuriladigan 60 ga yaqin muassasalar shunday planshetlar bilan jihozlangan. Asosan, ularni oʻrnatish eng muhim boʻlgan joyni loyiha bilan tanishib chiqqan mahalliy maʼmuriyat rahbarlari hal qiladi. Endilikda Milliy palataning hududiy filiallari direktorlari viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari vakillarini loyiha bilan tanishtirish imkoniyatiga ega, shuningdek, eshitish qobiliyatidan mahrum odamlar uchun ajoyib ijtimoiy sharoit yaratishga qiziquvchi barcha fuqarolar ham loyiha haqida batafsil maʼlumot olishi mumkin.
Loyihani muhokama qilish jarayonida Milliy palata raisi Ravshan Izamov, hamkor kompaniyalar rahbarlari Yevgeniy Oxrimenko va Vitaliy Potapchuk innovatsion loyihaning keng imkoniyat va istiqbolga ega ekanini taʼkidladi. U nafaqat kar-soqov, balki eshitish qobiliyati oʻta past odamlar, shuningdek, qachondir eshitgan va umri davomida hali imo-ishora tilidan foydalanmaganlarning aloqa qilishi uchun zarur sharoitni yaratishni taʼminlaydi. Loyiha ushbu toifalar boʻyicha har birining talablariga javob beradi. Pilot davrida loyihaning barcha imkoniyatlarini koʻrishga Ukrainadagi Tarjimonlar markazi yordam beradi. Agar loyiha Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli qabul qilinsa, shu yerning oʻzida ham shunday Markaz yaratiladi va markaz tarjimonlari eshitish qobiliyatidan mahrum odamlar hamda ular murojaat qiladigan odamlar oʻrtasida muloqot oʻrnatish uchun oʻzbek va rus tillariga tarjima qiladi.
Milliy palatadagi yigʻilishda ishtirok etgan Oʻzbekiston kar-soqovlar jamiyati vakillarining taʼkidlashicha, ular ushbu loyiha taqdim etadigan imkoniyatlar haqida faqat orzu qilishi mumkin. Endi Milliy palata ushbu loyihaning imkoniyatlari, birinchi navbatda, respublikadagi maʼmuriyat rahbarlariga taqdim etishni va ularning koʻmagi bilan eshitish qobiliyatidan mahrum odamlarning tinglash orzusini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi
Innovatsion sogʻliqni saqlash
milliy palatasi matbuot xizmati