O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusga 1 yil toʻldi
2020-03-19 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 19-mart kuni ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusi doirasida oʻtgan 1 yil mobaynida yurtimiz umumtaʼlim maktablarida turli toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Mazkur 5 tashabbusning 1 yilligi munosabati bilan Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan har bir yoʻnalish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar xususida toʻxtalib oʻtamiz.
Bugungi kunda Respublikamizda 9942 ta umumtaʼlim maktablari faoliyat yuritayotgan boʻlsa, ularda 6 milliondan ortiq oʻquvchilar taʼlim olmoqda. Shuni taʼkidlashimiz joizki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbus respublikadagi barcha taʼlim muassasalarigacha kirib bordi. Xususan, taʼlim muassasalarining 2,9 million nafar oʻquvchilari toʻgaraklarga jalb qilindi.
Jumladan, yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, isteʼdodini yuzaga chiqarishga qaratilgan birinchi tashabbus doirasida 779 563 nafar oʻquvchilar toʻgaraklarda ishtirok etishmoqda. Bundan tashqari, maktablarda 2108 ta havaskor yoshlar teatr studiyalari tashkil etilib, 198 698 nafar oʻquvchilar jalb etildi.
Yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan ikkinchi tashabbus doirasida esa, umumtaʼlim maktablarining 1,1 milliondan ortiq oʻquvchilari sport toʻgaraklariga qatnashmoqda. Shuningdek, mazkur yoʻnalish doirasida tashkil etilgan turli sport musobaqalariga oʻquvchilar faol ishtirok etmoqda va barcha taʼlim muassasalari qamrab olinmoqda.
Shuningdek, AQSHning “One-on-one basketball” kompaniyasining “Harlem globetrotters” jamoasining T.E.A.M.up dasturi asosida 3 ming nafar oʻquvchilar uchun mahorat saboqlari tashkil etildi.
Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan boʻlib, ushbu tashabbus doirasida shu kunga qadar 444 607 nafar oʻquvchilarimiz toʻgaraklarga jalb qilindi.
Shu bilan bir qatorda, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Intech Robotics” MCHJ va “Innovative Service” MCHJ kompaniyalari bilan “Barkamol avlod” respublika oʻlkashunoslik va ekologiya markazida RoboCraft robototexnika kurslari hamda “Barkamol avlod” respublika texnik ijodiyot markazida Robotrek injener-konstruktor, robototexnika toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 520 nafar oʻquvchi-yoshlar jalb etildi.
Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishga yoʻnaltirilgan toʻrtinchi tashabbus doirasida tashkil etilgan kitobxonlik klubiga 264 ming oʻquvchilar aʼzo boʻldi. Qolaversa, respublikamizda tashkil etilgan “Book challenge” doirasida 600 mingdan ortiq kitoblar umumtaʼlim maktablariga sovgʻa qilindi.
Xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash masalalarini nazarda tutilgan beshinchi tashabbus doirasida oʻquvchi-qizlarning jamiyatdagi faolligi oshirish, maʼnaviyatini yana-da yuksaltirish, iqtidorli qizlar safini kengaytirish, ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida jamoatchilik asosida taʼlim muassasalarida “Qizlarjon” klublari tashkil etildi va unda 377 762 nafar oʻquvchi-qizlar aʼzo boʻldi. Klub yetakchilari tomonidan “Tengdosh-tengdoshga” shiori ostida olib borilayotgan targʻibot va tushuntirish ishlariga alohida eʼtibor qaratilib, har bir qiz ilgʻor oʻquvchilar safida yurishga, oʻqishda, jamoat ishlarida faol boʻlishga intilmoqda.
Bundan tashqari, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan 2019-yil oktabr-dekabr oylarida “5 tashabbus maktabda” festivali tashkil etilib, festivalga 2,6 mln. nafar oʻquvchilar jalb etildi. Mazkur festivalda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan taʼlim muassasalarga sport anjomlari, musiqa asbob-uskunalari topshirildi.
Shu oʻrinda alohida eʼtirof etish joizki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni taʼlim muassasalari va oʻquvchi-yoshlar orasida keng targʻib qilishda mahalliy hokimliklar tomonidan ham 45,1 mlrd. soʻm homiylik mablagʻlari ajratildi.
Hozirda beshta muhim tashabbus doirasida yurtimiz umumtaʼlim maktablarida tashkil etilgan turli toʻgaraklar namunali faoliyat olib borish bilan bir qatorda, oʻzining natijasini bermoqda.