O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ichki sayohatlar va ommaviy tadbirlar vaqtinchalik to‘xtatiladi
2020-03-19 | Turizm
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-mart kunidagi koronavirusning mamlakatimizga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, sayyohlik kompaniyalari, jamoat tashkilotlari va yirik sanoat korxonalariga mamlakatda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat barqaror holatga kelgunga qadar ichki turizmni rivojlantirishga doir tadbirlarni to‘xtatish tavsiya etiladi.
Shu bilan birga, respublika hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha turdagi ommaviy bayram tadbirlari, xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari, teatr, kino va konsert dasturlari vaqtincha to‘xtatiladi.
Maxsus komissiya qaroriga asosan, Transport vazirligi karantin muddati davriga to‘g‘ri keluvchi turizm maqsadida xarid qilingan havo va temir yo‘l chiptalarini, shu jumladan ichki qatnovlar uchun chiptalarni xaridorlar tomonidan qaytarilgan taqdirda, jarimasiz qabul qilish, chipta narxini xaridorga to‘liq qaytarish yoki boshqa muddatga ko‘chirish choralarini ko‘radi. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ayni damda mamlakatimizda bo‘lib turgan xorijiy fuqarolarni, shu jumladan turistlarni o‘z mamlakatlariga qaytishi masalalarida ularga axborot ko‘magini beruvchi maxsus shtab tashkil etildi.