O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aeroportda sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi ta’minlangan
2020-03-19 | Sog‘liqni saqlash
Butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ham ushbu kasallikka qarshi tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
“Uzbekistan Airports” AJ tomonidan bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi sanitariya-epidemiologiya tuzilmalari va boshqa bir qator aloqador tashkilotlar, xizmatlar bilan hamkorlikda kasallikka uchraganlarni aniqlash, uchib ketayotgan va uchib kelayotgan yo‘lovchilar bo‘ladigan barcha hududlarni tozalash, xususan, kutish zali, o‘rindiqlar, yo‘laklar, ro‘yxatdan o‘tish joylari, avtobuslarni dezinfektsiyalash yo‘lga qo‘yilgan.
- Aeroportga qo‘ngan har bir havo kemasida dastlab Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan maxsus teplovizor yordamida yo‘lovchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, - deydi Mahalliy havo yo‘nalishlarida yo‘lovchi tashishni tashkil etish xizmati boshlig‘i No’mon Sattorov. - Hududimizda, ishchi-xizmatchilar, yo‘lovchilar orasida tahlikaga tushish yoki boshqa biror ko‘ngilsiz holatlar umuman kuzatilgani yo‘q. Bino ichi, atrofida “COVID 2019” bilan bog‘liq qo‘llanmalar, axborot varaqalari ilingan. Bundan tashqari, barcha zarur ma’lumotlar OAV, aeroport hududidagi ovoz kuchaytirgichlar va boshqa vositalar orqali muntazam ravishda yo‘lovchilarga yetkazib turilibdi. Hamma yuzaga kelgan vaziyatni yaxshi tushunib turibdi. Hech qanday jiddiy xavf-xatarga o‘rin yo‘q.
Hududda asosiy, keng ko‘lamli tozalash tadbiri haftasiga 2-3 marta o‘tkaziladi. Bundan tashqari har kuni bir marta odatdagi dezinfektsiya amalga oshiriladi. Shuningdek, kuniga uch mahal bino ichi, atrofi, barcha bo‘linmalar to‘liq namlab artib chiqiladi.
- Toshkent xalqaro aeroporti orqali zaminimizga qo‘nayotgan xalqaro va mahalliy reyslarda uchib kelayotgan barcha yo‘lovchilar xodimlarimiz tomonidan maxsus teplovizorlar orqali termometriyadan o‘kazilmoqda, - deydi Fuqaro aviatsiyasi ob’ektlarida sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazining sanitariya-karantin punkti mudiri Nargiza Mirsodiqova. - Ishlatilayotgan zamonaviy teplovizorlar bir nech xil bo‘lib, mazkur uskunalar yordamida salondagi yo‘lovchilarning tana harorati masofadan turib o‘lchanadi. Harorati me’yoridan yuqoriligi kuzatilgan fuqaro sanitariya-karantin punktida navbatchilik qilayotgan infektsionist-shifokor va boshqa mutaxassis-shifokorlar hamkorligida ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tashhis natijasiga qarab, bemor bilan kerakli muolajalar o‘tkaziladi. Masalan, u kasalxonaga yotqizilishi yoki lozim bo‘lgan boshqa epidemiologik chora-tadbirlar ko‘rilishi mumkin.
Fuqaro aviatsiyasi ob’ektlarida sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazining sanitariya-karantin punktiga shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi hamda shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasidan qo‘shimcha ravishda har bir smenaga mutaxassis shifokorlarlar jalb etilgan. Favqulodda holatlarda zarur bo‘ladigan barcha profilaktik epidemiologik tadbirlarni aynan shu mutaxassislar amalga oshirishadi.
Eslatib o‘tamiz, ayni payt yer yuzida koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq keskin vaziyat hukm surayotganligi munosabati bilan mamlakatimizda xalqaro yo‘nalishdagi barcha muntazam aviaqatnovlar to‘xtatilgan. Poytaxt aeroporti faqat xorijiy davlatlardagi hamyurtlarimizni yurtimizga olib kelish uchun yo‘lga qo‘yilgan charter reyslarnigina qabul qilmoqda va kuzatmoqda.
Mahalliy yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatuvchi “Toshkent-3” aeroporti esa bir maromda ishlayapti. O‘zbekiston hududi bo‘ylab havo qatnovlari to‘xtagani yo‘q, aksincha reyslar sonini ko‘paytirish choralari ko‘rilyapti. Shu kunlarda kuniga o‘rtacha 20 dan ziyod qatnovlar amalga oshirilmoqda.