O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mahalla va oilalarga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilandi

2020-03-18 | Siyosat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-mart kuni mahalla va oila muammolarini oʻz vaqtida aniqlash hamda hal etish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Maʼlumki, Prezidentning joriy yil 18-fevraldagi farmoni va qaroriga muvofiq, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etilgan edi.

Yigʻilishda mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, jinoyatchilikning oldini olish, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha vazifalar muhokama qilindi.

– Vazir va uning oʻrinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari amaliy ishlar va natijadorlikka oʻtishi kerak. Buning uchun barcha resurs, vakolat va sharoit qilib berildi. Bundan keyin masʼullardan mahallabay aniq natija soʻraladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Har bir oila bilan manzilli ishlaydigan, ularni qoʻllab-quvvatlaydigan yangi tajriba yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Prezident ajrimlar masalasiga alohida toʻxtalib, kichik maishiy sabablar jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarayotganini afsus bilan qayd etdi. Vazirlik rahbarlari, joylardagi mutasaddilar notinch oilalardagi ahvolni oldindan oʻrganib, muammoni bartaraf qilish boʻyicha manzilli ishlashi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Mahallalar qoshida boʻlgʻusi kelin-kuyovlarni oilaga tayyorlash boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etib, ularga psixologlar, obroʻli otaxon va onaxonlarni biriktirish, “Ibratli oila” tanlovini oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Yurtimizda 22 mingga yaqin xotin-qiz ogʻir turmush sharoitida yashamoqda. Ular kam taʼminlangan, ishsiz, uy-joyga muhtoj va nogironligi bor ayollar boʻlib, har birining muammosiga individual yondashuv talab etiladi.

Yigʻilishda ayollarning turmush sharoitini yaxshilash, daromad topishi uchun sharoit yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Kasb-hunari bor ishsiz xotin-qizlarga koʻmaklashish boʻyicha Toshkent shahrining Chilonzor tumanida boshlangan tajribani boshqa hududlarda ham keng joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Xotin-qizlar oʻrtasida biznes loyiha boʻyicha tanlov oʻtkazib, gʻoliblarga grantlar, kredit va joy ajratish, maqsadli jamgʻarmalar hisobidan koʻchma savdo punktlari tashkil etib, ularni ijaraga berish, yirik savdo markazlari va korxonalarda ehtiyojmand ayollar tayyorlagan mahsulotlarni sotish tizimini joriy qilish muhimligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 1 million 335 mingdan ziyod ishsizlar, 125 mingdan ortiq boquvchisini yoʻqotgan oilalar mavjud. Shuningdek, 1 million 400 mingga yaqin yoshlar xorijga ishlash uchun ketgan. Bu insonlarning aksariyati kasbga ega emas.

Yashnobod tumanida boshlangan “Ishga marhamat” monomarkazi tajribasini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga oʻtkazilgan 30 ta kollejda hamda Toshkent shahrining har bir tumanida kamida bittadan tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi. Talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarni egallagan kishi oʻz ishini topib ketadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarning meʼmoriy qiyofasi va infratuzilmasini yaxshilash, bahorgi obodonlashtirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtdi.

Maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish ishlaridan odamlar noroziligi taʼkidlanar ekan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga bu tizimni takomillashtirish boʻyicha qatʼiy vazifa qoʻyildi.

Yigʻilishda qayd etilganidek, inson salomatligini taʼminlashning 55 foizi sogʻlom turmush tarzi va toʻgʻri ovqatlanishga bogʻliq. Shu bois, har bir qishloq va shahar poliklinikalariga, vrachlik punktlariga toʻgʻri ovqatlanish, gigiyena va jismoniy tarbiya boʻyicha mutaxassis shtatlari ajratiladi.

Toʻgʻri ovqatlanish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, piyoda yurishning foydasini targʻib etish, ommaviy sportni rivojlantirish ishlarini “umummilliy harakat”ga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari mahallada maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish masalasiga ham eʼtibor qaratdi. Madaniyat vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga mahallalarda kutubxona, madaniyat uylari, kinoxona, musiqa va sanʼat toʻgaraklari tashkil etish, kitobxonlik madaniyatini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

– Qalbiga sanʼat va kitob nuri kirib borgan odamdan hech qachon yomonlik chiqmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektor yigʻilishida mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Oʻtgan yili jinoyatlar soni 2 ming 922 taga kamaygan bir paytda 20 foiz mahallada jinoyatchilik soni oshgan.

Prezident odamlar tinch-totuv yashashi uchun har bir mahallaning “qulf-kaliti” boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Kriminogen vaziyat ogʻir mahallalarda alohida chora-tadbirlar amalga oshirish, kerak boʻlsa, mahalliy byudjetdan qoʻshimcha mablagʻ, kuch va vositalar jalb etish boʻyicha topshiriq berildi.

Taʼkidlanganidek, endilikda mahalladagi vaziyatga profilaktika inspektori bilan birga Milliy gvardiya ham birdek javob beradi. Shu bois Milliy gvardiyaning huquqbuzarlarni aniqlash, ushlash, ularga chora koʻrish vakolatlarini takomillashtirish zarur. Ushbu tuzilma xodimlari aholi gavjum joylarda mustaqil patrullikni olib borishi lozim. Mutasaddilarga bu borada tashkiliy-huquqiy choralarni ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlar hisobot berdi.

Manba: O'zA

Поделиться