O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2020-03-18 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi va 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini va hayot sifatining barqaror yaxshilanishini taʼminlash hamda tadbirkorlik faoliyatini yuritish va “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Toshkent shahar hokimligining “Raqamli Toshkent” kompleks dasturini (keyingi oʻrinlarda – Dastur) amalga oshirish boʻyicha taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Raqamli Toshkent” kompleks dasturi:

2020-2021 yillarda joriy etiladigan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

“Raqamli Toshkent” kompleks dasturini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;

2020-yilda telekommunikatsiya infratuzilmasini kengaytirish boʻyicha loyihalar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

2021-2023 yillarda istiqbolli axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Dasturning asosiy vazifasi etib shahar xizmatlarini boshqarish, ijtimoiy soha obyektlari, ishlab chiqarish, yoʻl transport va kommunal infratuzilmaning integratsiyalashgan axborot muhitini yaratish va keyinchalik muvaffaqiyatli tajribani respublikaning boshqa hududlarida tatbiq etish belgilansin.

3. Dasturga asosan 2020-yilda quyidagilar amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

1-mayga qadar avia, temir yoʻl va boshqa transport xizmatlariga elektron chiptalarni onlayn sotib olish yagona axborot tizimini joriy etish;

1-sentyabrga qadar barcha umumtaʼlim maktablarida jurnal va oʻquvchilarning kundaliklarini qogʻoz shaklida yuritishni bekor qilish hamda ularni elektron tarzda yuritishga moʻljallangan yagona axborot tizimini ishga tushirish;

1-noyabrga qadar kommunal xizmatlar (tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv va issiq suv) boʻyicha toʻlovlarni onlayn toʻlash hamda kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan elektron hamkorlikni taʼminlovchi “Mening uyim” yagona axborot tizimini joriy etish;

1-dekabrga qadar “Yagona elektron tibbiy karta” axborot tizimini joriy etish va “Elektron poliklinika” axborot tizimiga 62 ta oilaviy poliklinikani ulash.

4. Quyidagilar:

a) Toshkent shahar hokimligi taʼsischiligida masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklida Raqamli rivojlanish departamenti (keyingi oʻrinlarda – Departament) tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

shaharning geografik axborot-tahlil tizimini yaratish;

davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini, maʼlumotlar bazalarini va boshqa axborot manbalarini yagona dasturiy platforma orqali Toshkent shahar hokimligining axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash;

Dasturning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi, Toshkent shahar hokimligi axborot tizimlarida maʼlumotlarning himoyasi va saqlanishini taʼminlash boʻyicha samarali ishlarni tashkil etish;

axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni tijoratlashtirish, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning kreditlari va grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalarni jalb qilish;

b) Departament tuzilmasida tarmoq Loyiha ofislari (keyingi oʻrinlarda – Loyiha ofislari) tashkil etilsin va ularning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

Dastur doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning konsepsiyalari, loyiha va texnik hujjatlarini ishlab chiqish, tegishli yoʻnalishlardagi axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari va dasturiy mahsulotlarga xizmat koʻrsatish;

shahar xizmatlarining raqamli maʼlumotlarini birxillashtirish va ularning Dasturga integratsiyalashuvi, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarida yagona identifikator va tasniflagichlarni joriy qilish hamda ulardan foydalanish;

v) Departament huzurida “Raqamli poytaxt” axborot-tahlil markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

shahar xizmatlarida axborot tizimlarining idoralararo elektron hamkorligi natijasida olingan maʼlumotlarni tahlil qilish va qayta ishlash;

shahar atrof-muhitini rivojlantirishda tizimli muammolarni aniqlash, shahar xizmatlari samaradorligini oshirish va umuman, shahar muhitini yaxshilash boʻyicha takliflarni ishlab chiqish.

Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda Departament faoliyatini tashkil etsin, uni malakali mutaxassislar bilan toʻldirsin.

5. Belgilansinki, Departament xodimlariga davlat boshqaruvi organlarining xodimlariga belgilangan ish haqi miqdori hamda qonunchilikda belgilangan qoʻshimcha va ustamalar qoʻllaniladi.

Toshkent shahar hokimiga Departamentga mutaxassislarni bir yillik mehnat shartnomalari asosida ish haqini mustaqil belgilagan holda hamda loyihalarni amalga oshirish uchun tanlov (tender) savdolarini oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish orqali mustaqil konsalting tashkilotlarini jalb qilish huquqi berilsin.

Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari Departamentning joriy xarajatlarini moliyalashtirish manbai etib belgilansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi Departamentning joriy xarajatlarini moliyalashtirishni 2020-yilda Toshkent shahar mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan, 2021-yildan boshlab Toshkent shahar mahalliy byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.

6. Joriy yilning 1-aprelidan boshlab quyidagi yigʻimlar va jarimalar Toshkent shahar mahalliy byudjetiga oʻtkazilsin:

a) toʻliq miqdorda:

Toshkent shahrida tashqi reklama obyektlarida (konstruksiyalarida) tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) huquqi uchun oylik yigʻim, tashqi reklama obyektlari uchun reklama joylari pasportlarini berishdan tushadigan mablagʻlar hamda tashqi reklama obyektlarini qurish huquqi uchun elektron auksion yakunlari boʻyicha toʻlangan mablagʻlar (auksion savdolarini oʻtkazganlik uchun savdo tashkilotchisiga toʻlanadigan mablagʻ chegirib qolingan holda);

Toshkent shahrida tashkil etilgan yoʻl chetida pullik vaqtincha avtomobil toʻxtab turish joylarida toʻxtab turish qoidalarini buzilganligi uchun jarimalar;

b) Toshkent shahrida maxsus avtomatlashtirilgan foto va videofiksatsiya texnika vositalari qayd etgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalarning 80 foizi, qolgan 20 foizi esa – Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining byudjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasiga.

7. Toshkent shahar hokimligining Ijro apparati tuzilmasiga axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha hokim oʻrinbosari – Departament rahbari lavozimi kiritilsin.

Belgilansinki, vazirliklar va boshqa davlat organlari rahbarlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan oʻrinbosarlari Departament va Loyiha ofislari bilan samarali hamkorlik qilish uchun shaxsan javobgardir.

8. Belgilab qoʻyilsinki, Dastur doirasida:

Loyihaoldi oʻrganishlar, loyihani amalga oshirish boʻyicha konsepsiya va texnik topshiriqlarni ishlab chiqish Loyiha ofislari tomonidan amalga oshiriladi;

Loyiha-texnik hujjatlarining ekspertizasi faqat Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan oʻtkaziladi;

Axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilarni va integratorlarni jalb qilish, ular bilan shartnomalar tuzish Departament tomonidan tanlov orqali amalga oshiriladi;

Departament axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilar va integratorlar bilan 1 milliard soʻmgacha boʻlgan miqdorda loyihalar boʻyicha Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki rezidentlari oʻrtasida tanlov oʻtkazish yoʻli bilan shartnoma imzolash huquqiga ega.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

noyob identifikatorlar, kataloglar va tasniflagichlardan foydalanilishi boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini toʻliq xatlovdan oʻtkazilishini;

idoralararo elektron hamkorlikning yagona texnologik talablari, standartlari va shakllarini, shuningdek, Dasturni amalga oshirish doirasida tasniflagich va maʼlumotnomalar roʻyxati tasdiqlanishini;

amaldagi maʼlumotlar bazalari va dasturiy mahsulotlarning boshqa axborot tizimlari bilan oʻzaro integratsiyasini amalga oshirish maqsadida davlat organlari va tashkilotlarini integratsiya qilish choralari ishlab chiqilishini;

Departament va Markazga Toshkent shahrining “Xavfsiz shahar” integratsiyalashgan tizimiga kirish huquqi berilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda bir oy muddatda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti negizida davlat organlari va tashkilotlarining masʼul xodimlari – Dastur ijrochilarining raqamli texnologiyalar va dasturiy mahsulotlardan samarali foydalanish koʻnikmalarini bosqichma-bosqich oshirish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

11. “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-avgustga qadar apparat-dasturiy komplekslarni yaratish boʻyicha mavjud davlat standartlari va texnik talablarini qayta koʻrib chiqsin.

12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

a) 2020-yil 1-sentyabrdan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishda davlat organlari va tashkilotlari quyidagilarga majburdirlar:

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlangan yagona texnologik yechimlar, tasniflagichlar va standartlardan foydalanish;

dasturiy mahsulotlarni joriy etishda asosan litsenziyalash cheklovlaridan xoli yagona ochiq formatdagi elektron hujjatlardan foydalanishni taʼminlash;

tasdiqlangan tegishli milliy standartlar va texnik talablarga muvofiq apparat-dasturiy tizimlarni oʻrnatish;

b) 2020-yil 1-maydan davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarida axborotni shakllantirish, saqlash va qayta ishlash faqat quyidagi noyob identifikatorlardan foydalangan holda amalga oshiriladi:

jismoniy shaxslar – jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR);

yuridik shaxslar – soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);

koʻchmas mulk – kadastr raqami;

manzillar – geografik kod;

transport vositalari – transport vositasining identifikatsiya raqami.

Alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tegishli yoʻnalishlarda maxsus oʻziga xos identifikatorlar belgilanishi mumkin.

13. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2020-yil 1-mayga qadar shahar infratuzilmasining holati, davlat xizmatlarining sifati va aholini qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish uchun “Xalq nazorati” portali va mobil ilovasini ishga tushirsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya
va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Milliy geografik axborot tizimi faoliyati doirasida Toshkent shahar hokimligiga zarur kartografiya materiallarini begʻaraz taqdim etsin, shuningdek, koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestriga kirish, koʻchmas mulk obyektlariga geografik joylashishni hisobga olgan holda obyektning fazoviy maʼlumotlarini taqdim etsin.

15. Toshkent shahar hokimligining Raqamli Toshkent vaziyatlar markazini Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, I.Karimov koʻchasi, 51-binoda joylashgan Toshkent shahar hokimligi hududida qurish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Toshkent shahar hokimligi vaziyatlar markazining qurilishini moliyalashtirish uchun Toshkent shahar mahalliy byudjeti qoʻshimcha daromadlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan zarur mablagʻlarni ajratsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda “Oʻzbektelekom” AK Axborotni qayta ishlash markazining texnologik maydonchasida Dastur loyihalarini joylashtirish uchun zarur server imkoniyatlarini belgilangan tartibda ajratishni taʼminlasin.

17. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda:

kompleks dastur loyihalari amalga oshirilishining jamoatchilik nazoratini tashkil etish, loyihalarning holati, ishtirokchilari, moliyalashtirish va zarur uskunalarni yetkazib beruvchilari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berish uchun ochiq axborot portalini ishga tushirsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda ushbu qarordan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Dastur doirasida davlat organlari va tashkilotlarining oʻzaro munosabatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini, shuningdek, qonun hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirish
va qoʻshimchalar boʻyicha takliflar kiritsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda kompleks dasturning amalga oshirilishini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasinlar.

19. Ushbu qarorning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qilish uchun quyidagi mexanizm joriy etilsin:

Departament – har haftada nazarda tutilgan loyihalar va tadbirlarning bajarilishini nazorat qiladi, ularni amalga oshirishda kechikish sabablarini aniqlaydi va ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli takliflarni ishlab chiqadi;

Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri va Toshkent shahar hokimi – har oyda Dasturning bajarilishini tanqidiy koʻrib chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritadi;

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri – har oyda kamida bir marta tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining Dastur bajarilishi toʻgʻrisidagi axborotini eshitadi va uning oʻz vaqtida hamda toʻliq bajarilishini taʼminlash choralarini koʻradi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2020-yil 17-mart

Поделиться