O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkmaniston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi
2020-03-18 | Siyosat
Bugun, 18-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, ko‘p qirrali hamkorlikni, avvalo savdo-iqtisodiy, energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida kengaytirish masalalarini batafsil muhokama qildilar.
Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Koronavirus pandemiyasiga qarshi samarali kurashishni ta’minlash va uning ikki tomonlama aloqalarga salbiy ta’sirini oldini olish maqsadida hukumatlar darajasida samarali hamkorlik qilish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot so‘ngida Prezidentlar bir-birini hamda qardosh O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlarini kirib kelayotgan bahor, baxt-saodat va yangilanish ayyomi - Navro‘z bilan samimiy qutladilar.
Ushbu fayzli bayram asrlar osha mustahkam do‘stlik, tarixi va madaniyati mushtarakligi, tili, an’ana va urf-odatlari o‘xshashligi bilan chambarchas bog‘langan xalqlarimiz ma’naviy hayotining ajralmas qismi ekani qayd etildi.
Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik, ezgulik va farovonlik tiladi. Bugungi mushkul davrda Turkmaniston har tomonlama ko‘maklashishiga va yangi xavf-xatarlarni birgalikda bartaraf etishga tayyor ekani alohida ta’kidlandi.