O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Umumtaʼlim maktab oʻquvchilari taʼtilni mazmunli oʻtkazishi uchun kerakli choralar ko'rilmoqda
2020-03-18 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish va taʼlim muassasalarida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash yuzasidan respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorga koʻra mamlakatimizdagi barcha umumtaʼlim maktab oʻquvchilari uchun 16-mart kunidan taʼtil eʼlon qilindi.
Hozirgi kunda Xalq taʼlimi vazirligi tizimiga kiruvchi barcha taʼlim muassasalarida, jumladan, maktab-internatlar, “Barkamol avlod” bolalar maktablaridagi toʻgaraklar, A.Avloniy nomidagi xalq taʼlimi tizimi rahbar va xodimlarini qayta tayyorlash va malakasi oshirish instituti, xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazlarida oʻquv jarayonlari toʻxtatildi.
Shu bilan birga, Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarida tarbiyalanuvchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida ushbu taʼlim-tarbiya muassasalariga kirish va chiqish qatʼiy nazoratga olinib, turli xayriya tadbirlari cheklanadi.
Maxsus komissiya yigʻilishining qarori bilan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarga oʻquvchilar uchun qoʻshimcha eʼlon qilingan taʼtil davrida navbatdan tashqari mehnat taʼtilini berish imkoniyati yaratildi (bunda, 1) istisno tariqasida, taʼlim muassasalari va tashkilotlarida navbatdan tashqari belgilanadigan taʼtil kunlari har yilgi asosiy mehnat taʼtilining davomiyligini tegishli muddatga qisqartirish hisobiga qoplanishi; 2) 2019/2020 oʻquv yili uchun rejalashtirilgan taʼtil (2020-yilning 21-martdan – 27-martgacha) davrida koʻzda tutilgan pedagogik yuklamalar pedagoglar tomonidan oʻrnatilgan tartibda oylik ish haqlari saqlab qolingan holda masofadan turib bajarilishi belgilandi).
Masofadan turib oʻquv jarayonini tashkil etish hamda taʼlim muassasa va tashkilotlarning bino va inshootlarini samarali saqlash ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida qoʻyidagi lavozimlarda ishlovchi xodimlar oʻz faoliyatini ish joyida amalga oshiradi:
1.Direktor;
2.Oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari;
3.Ma'naviy maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari;
4.Xoʻjalik ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari (yoki xoʻjalik ishlari mudiri);
5.Psixolog;
6.Yoshlar yetakchisi;
7.Farrosh;
8.Qorovul.
Hukumat komissiyasi oʻquvchilarning taʼtil paytida bilim olishi uchun Xalq taʼlimi vazirligiga Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallar bilan hamkorlikda oʻquv dasturlarida rejalashtirilgan dars mashgʻulotlarini televizion efirga uzatish uchun videodarslar tasvirga olinishi hamda efir vaqtlarini ajratish boʻyicha vazifalar yuklatildi.
Mazkur videodars mashgʻulotlarini tayyorlash va uni tasvirga olish boʻyicha soha xodimlaridan iborat tashkiliy-ijodiy guruh tuzildi va hozirda videodarslarni tasvirga olish ishlari boshlandi.
Videodarslar tayyor boʻlganidan keyin televideniye va Xalq taʼlimi vazirligining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari (@uzedu) va rasmiy veb-saytlarida (www.uzedu.uz), elektron axborot portallari (online maktab) orqali ham namoyish etib boriladi. Videodarslar va namoyish vaqtlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vazirlik rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari hamda Kundalik tizimi orqali chop etib boriladi.
Videodarslar tayyor boʻlgunga qadar Xalq taʼlimi vazirligi va Respublika taʼlim markazi tajribali oʻqituvchilar bilan birgalikda oʻquvchilarga taʼtil paytida uyda mustaqil tarzda taʼlim olishlari uchun namunaviy dars tavsiyalarini ishlab chiqdi. Hozirda mazkur tavsiyalar Xalq taʼlimi vazirligining rasmiy saytiga (www.uzedu.uz) joylanmoqda.
Namunaviy tavsiyalar ixtiyoriylik tamoyili asosida boʻlib, fan oʻqituvchilari oʻzlarining yillik ish rejalari asosida tegishli oʻzgartirish kiritishi mumkin.
Oʻqituvchilar ota-onalar bilan hamkorlikda telefon yoki internet texnologiyalaridan foydalangan holda oʻquvchilarga taʼtil paytida bilim olishlari uchun tavsiyalar berib borishlari soʻraladi.
Shu bilan birga Xalq taʼlimi vazirligi oʻquvchilarga qoʻshimcha manbalar sifatida Khan Academy(https://uz.khanacademy.org), Edu Market (https://edumarket.uz), Eduportal (http://eduportal.uz), Kitob.uz (http://www.kitob.uz), Online Maktab (http://www.online-maktab.uz), Maktab.uzedu.uz (http://maktab.uzedu.uz) kabi taʼlim resurslari va Utube.uz (https://utube.uz) resursidan ham foydalanishlarini tavsiya etiladi.
2019-yilda mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda Khan Academy loyihasi doirasida kompyuter dasturlash, matematika, fizika, kimyo, algebra va geometriya fanlarini jahon tan olgan texnologiyalar asosida oʻrgatish maqsadida 580 ta videodarslar yaratildi va 4,5 mln soʻzlar ingliz tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilindi.
2020-yil yakuniga qadar jami 5600 videodarslardan Khan Academy platformasi orqali oʻzbek tilida foydalanish imkoniyati mavjud boʻladi. Bu platforma oʻquvchilarga darsliklardan tashqari oʻz bilimini oshirish uchun qoʻshimcha manba sifatida xizmat qiladi.
Edu Market platformasi zamonaviy texnologiyalar dunyosida bolalarning rivojlanish mashqlari shaklida teng imkoniyatlarni taʼminlash, IT koʻnikmalar hamda diqqat, xotira va mantiqiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan. Hozirgi kunda platforma boshlangʻich sinflar uchun qiziqarli mashqlar va topshiriqlarni oʻz ichiga qamrab olgan.
Online Maktab va maktab.uzedu.uz tizimlarida ham turli videodarslar eʼlon qilib borilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, joriy yilning 23-martidan boshlab 4-11-sinf, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari oʻrtasida matematika, fizika, kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan onlayn olimpiadalar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.Oʻquvchilar olimpiadada bepul va ixtiyoriy ravishda ishtirok etishlari mumkin. Buning uchun ishtirokchilar olympiad.uzedu.uz sayti orqali onlayn roʻyxatdan oʻtishi va tahsil olayotgan taʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan tasdiqlanishi kerak boʻladi. Onlayn olimpiadalarni fanlar boʻyicha oʻtkazish jadvali olympiad.uzedu.uz veb-saytida eʼlon qilib boriladi.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad oʻquvchilarning bilim olishga boʻlgan qiziqishini oshirish, ularning ijodiy faolligini qoʻllab-quvvatlash, taʼtil davrida fanlarga oid qoʻshimcha materiallar bilan taʼminlab borish, egallagan bilimlarini baholash, natijalarni onlayn monitoring qilish uchun imkoniyat yaratadi.
Onlayn olimpiada topshiriqlari murakkablik darajasi turlicha boʻlgan 20 ta test savollaridan iborat boʻlib, topshiriqlarni bajarish uchun oʻquvchilarga bir soat vaqt ajratiladi.
Xalq taʼlimi vazirligi ota-onalardan farzandlarining taʼtil paytida dam olishlari va vaqtlarini samarali oʻtkazishlarini, darslarini oʻz vaqtida qilishlarini nazoratga olishlarini soʻraymiz.