O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 1211 qisqa raqamli ishonch telefoniga kelgan murojaatlar ijrosi nazoratga olindi
2020-03-18 | Jamiyat
Barchamizga maʼlumki, keyingi yillarda Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda inson manfaatlarini taʼminlash, xalqimiz turmush darajasini yana-da oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar olib borilmoqda. Mazkur jarayonda ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini yana-da oshirish, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish va hal etish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish” boʻyicha Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mutasaddiligida tuzilgan Respublika Ishchi guruhining joylarda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini oʻrganib, aniqlangan muammolarni tezkorlik bilan hal etishni taʼminlash maqsadida Kasaba uyushmalari Federatsiyasida 12-11 qisqa raqamli “Ishonch telefoni” faoliyat olib bormoqda.
– Faoliyati kunu-tun yoʻlga qoʻyilgan “Xotin-qizlar muammolari boʻyicha 1211 qisqa raqamli Ishonch telefoni”ga 17-mart kuni soat 15:00 gacha Respublika boʻyicha 1398 ta murojaat kelib tushdi, – dedi Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Xotin-qizlar muammolari boʻyicha 1211 Ishonch telefoni” muvofiqlashtiruvchi guruh rahbari Anvarjon Abdumuxtorov. – Ushbu murojaatlarning 338 tasi (24,2 foizi) ish bilan bandlik, 277 tasi (19,8%) uy-joy bilan bogʻliq masalalarni, 176 tasi (12,6%) ijtimoiy, 78 tasi (5,0 %) huquqiy, 56 tasi (4,0%) kredit ajratish bilan bogʻliq masalalarni tashkil etmoqda. Qolgan murojaatlar aliment undirishda yordam koʻrsatish, tibbiyot, taʼlim va maktabgacha taʼlim, kommunal xizmat va boshqa yoʻnalishlarga taalluqlidir.
Hududlar kesimidagi tahlil shuni koʻrsatmoqdaki, xotin-qizlardan kelayotgan murojaatlarning eng koʻpi Qashqadaryo viloyati (196 ta, 14,0 %), Toshkent viloyati (147 ta, 10,5 %), Surxondaryo (140 ta, 10,0 %), Samarqand (120 ta, 8,6 %),Navoiy (120 ta, 8,6 %) viloyatlariga toʻgʻri kelmoqda.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Ishonch telefoni orqali qabul qilib olingan murojaatlarda koʻtarilgan muammolarni mutaxassislar tezkorlikda tahlil etib, mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ularning hal etishiga amaliy yordam koʻrsatish ishlarini olib bormoqda. Xuddi shu maqsadlarda jami 1206 ta murojaat tegishliligiga koʻra vazirlik, idora hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga yoʻnaltirildi. Ularning ijrosi qatʼiy nazoratga olingan.