O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoro viloyati hokimi Tojikistonlik sarmoyadorlarni qabul qildi
2020-03-17 | Iqtisodiyot
Qorovulbozor tumani hududidan qazib olinayotgan ohaktoshga bo‘lgan talab ortib borayotganiga qaramasdan, tarkibiy jihatdan to‘la o‘rganilmagan va undan imkoniyat darajasida qurilishbop materiallar ishlab chiqarish tajribasi puxta o‘zlashtirilgan, deya olmaymiz. Ohaktoshdan tobora gavjum ko‘rinish olayotgan qurilish bozorida ikkilamchi ashyo-klinker ishlab chiqarish texnologiyasini joriy qilish mumkin ekan.
Bu loyihani bizga Tojikiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan “Vohidiyon” MChJ mutasaddilari taklif etishmoqda. Qo‘shni davlat ishbilarmon vakillarining Huseyn Vohidov rahbarligidagi delegasiyasi Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi Karim Kamolov qabulida shu xususda muzokara olib bordilar.
-Ohaktosh kukunidan klinker ishlab chiqariladigan zavod kelgusida turdoshlari kabi raqobatbardosh va barqaror faoliyat ko‘rsatadigan korxonaga aylanishiga ishonamiz,-dedi “Vohidiyon” MChJ rahbari Huseyn Vohidov. -Buning uchun 1,5 million AQSh dollari sarmoya kiritishga, zarur texnologiyani xorij davlatlaridan, ishlab chiqarish uskunalarini Xitoy Xalq Respublikasidan, ekologik me`yor talablariga javob beradigan, ya`ni ishlab chiqarish jarayonida zaharlanishlardan xalos bo‘lish, chiqindilarni tozalash maqsadida Italiya davlatidan texnologiya keltirib o‘rnatishga qo‘shimcha 1 million AQSh dollari sarflashni rejalashtirganmiz.
Eng muhimi, muzokara muvaffaqiyatli yakun topsa, shu yil oxirigacha qurib, ishga tushirilishi ko‘zda tutilayotgan korxonada bir kecha-kunduzda 1300 tonna ohaktosh xom ashyosini qayta ishlash, unda 50 dan ortiq mahalliy yoshni ish bilan ta`minlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Qolaversa, eksportga chiqariladigan yarim tayyor qurilish ashyosidan yiliga 25 million AQSh dollari miqdorida foyda ko‘rish mumkin.
O‘z o‘rnida viloyat rahbari loyiha istiqboliga ishonch bildirar ekan, ikki qo‘shni mamlakatning o‘zaro teng sheriklikdagi iqtisodiy hamkorligi pirovardida xalqlarimiz turmushi farovonligiga xizmat qilishini ta`kidladi.