O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Hamdoʻstlik – 2020” oʻzbek-tojik oʻquv mashgʻuloti yuqori darajada oʻtkazildi
2020-03-16 | Xavfsizlik sohasi
Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikasi Mudofaa vazirliklari oʻrtasida oʻzbek-tojik hamkorligidagi antiterror maxsus-taktik oʻquv mashgʻuloti yuqori darajada oʻtkazilib, oʻz nihoyasiga yetdi.
Unda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining maxsus operatsiya kuchlari vakillari va Tojikiston Mudofaa vazirligining turli boʻlinmalaridan iborat bir guruh harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Oʻquv mashgʻulotining asosiy kuniga qadar har ikki davlat harbiylari kuniga ikki martadan tayyorgarlik mashqlarini oʻtkazishdi. Albatta, natija ham shunga yarasha boʻldi. Mashq mobaynida ikki tomon harbiy xizmatchilari oʻrtasida malaka almashinuvi yoʻlga qoʻyilib, Tojikiston Respublikasi harbiy xizmatchilari tomonidan bizning boʻlinmalar va harbiy texnikalarning amaliy harakatlari yuqori baholandi.
Hamkorlikdagi oʻquv jarayonini Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov va Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziri Sherali Mirzo hamda bir guruh harbiy xizmatchilar kuzatib bordi.
Shunday qilib, Tojikiston Respublikasining Xatlon viloyatida joylashgan “Faxrobod” dala oʻquv maydonida boʻlib oʻtgan hamkorlikdagi antiterror oʻquv mashgʻuloti rejasiga koʻra, chegarani buzib oʻtgan noqonuniy qurollangan tuzilmalar hujumini qaytarish maqsadida avval vakillarimiz tomonidan havo razvedkasi oʻtkazildi, shundan soʻng aniqlangan shartli dushmanning harakatlanayotgan nuqtasiga qarata aviatsiya zarbalari berildi. Chegaraga uyushtirilgan mazkur hujumni qaytarishda Tojikiston Respublikasining Havo xujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari hamda Davlat milliy xavfsizlik komiteti Chegara qoʻshinlari ishtirok etdi.
Shartli dushman tomonidan egallab olingan binoni qurshab olish, chegarani buzib oʻtgan gazandalarni yakson etish va asirlarni qutqarish amaliyoti keyingi epizodlarda koʻrib chiqildi. Bunda yuqori qoʻmondonlik tomonidan berilgan maʼlumotga koʻra, noqonuniy qurollangan terrorchilar bino ichida asirlarni garovga olib, oʻz shartlari ijrosini talab etmoqda. Vakillarimizdan iborat taktik havo desantchilari guruhi Mi-8 vertolyotidan arqon yordamida tushib, binoning yuqori qismidan keyingi 3 ta ishgʻol qilish guruhlarini oʻt ochgan holda qoʻllab-quvvatlab turdi. Ishgʻol qilish guruhlari bino ichidagi noqonuniy qurollangan terrorchilarni yoʻq qilib, asirlarni ozod etdi. Yigitlarimizning aniq va ishonchli harakati jangovar topshiriqni belgilangan vaqtdan ilgariroq bajarilishiga zamin yaratdi.
Mudofaa qudratini mensimagan shartli dushman koʻrgan talafoti sabab ortga chekina boshladi. Taktik rejaga koʻra, bunda Vatan himoyachilari tomonidan noqonuniy qurollangan tuzilmalarni taʼqib qilish amaliyoti oʻtkaziladi. Zero, dushmanning tirik qolgan kuchlari oʻzining gʻarazli niyati bilan kelgan joyiga qaytib ketolmasin va kun kelib bu ishini qayta takrorlamasin! Mazkur epizod ham hamkorlikdagi guruhlar tomonidan oʻta muvaffaqiyatli tarzda bajarildi.
Oʻquv mashgʻuloti davomida shuningdek, shartli aeroportda noqonuniy qurollangan tuzilmani qurshab olish va yoʻq qilish, samolyotdagi asirlarni ozod etish vazifalari ham bajarildi.
Oʻquv yakuni munosabati bilan saf tortgan ikki davlat harbiy xizmatchilari Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikasi mudofaa vazirlari tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Har ikki davlat mudofaa vazirlari mazkur oʻquv mashgʻulotlari mamlakatlarimiz armiyalarining jangovar qudratini oshirishini aytib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri tashrif davomida dala oʻquv maydonida harbiy xizmatchilarimiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Mirzo hamrohligida qadimiy adraslarimiz hamda hunarmand va kulollar tomonidan tayyorlangan koʻza va laganlar, qoʻl mehnatida ishlangan turli koʻrinishdagi sopol idishlar bilan milliy urf-odatlarimizga hamohang tarzda yaratilgan “oʻzbek milliy burchagi”ni koʻzdan kechirdi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, maxsus-taktik oʻquvda harbiy xizmatchilarimiz ishtirok etgan taktik epizodlardagi ikki davlat orasida amalga oshirilgan hamkorlikdagi harakatlar Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziri tomonidan yuksak darajada baholandi. Shu bilan oʻquv mashgʻuloti oʻz nihoyasiga yetdi.