O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Baxtiyor Sayfullayev: Birdam boʻlsak sinovni albatta yengamiz
2020-03-16 | Jamiyat
Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev koronavirus bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi:
- Mamlakatimizda koronavirusning tarqalishining oldini olish uchun kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilgan holda barcha taʼlim muassasalari oʻquvchi va talaba-yoshlar 16-martdan taʼtilga chiqarildi. Talabalarga viloyatlararo yoʻl haqi uchun 50 foizlik chegirma joriy qilindi.
Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida umumxalq sayllari, ommaviy, madaniy tadbirlar va sport musobaqalari ham vaqtinchalik bekor qilindi.
Fuqarolarimiz uchun lozim boʻlgan barcha oziq-ovqat va tibbiyot vositalari bilan taʼminlanishi, xalqimizning boshiga tushgan sinovdan foydalanib, narxni sunʼiy oshirib oladigan “tadbirkor”lar uchrasa, ular hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi eʼtibordagi masala boʻlib turibdi.
Karantin vaqtida yolgʻon va tekshirilmagan hamda odamlarda vahima uygʻotadigan xabarlar tarqatadigan shaxslarga nisbatan amaldagi qonunchilik doirasida jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan choralar koʻrilishini eslatib oʻtmoqchiman.
Bizning salomatligimiz uchun tavsiya qilinayotgan tegishli gigiyena talablariga rioya qilishni unutmaylik. Oʻzingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qilish bilan birga birdam boʻlsak, biz bu sinovni albatta yengamiz.