O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Propiska tartibini soddalashtirishga oid hujjat loyihasi e’lon qilindi
2020-03-16 | Jamiyat
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini yanada soddalashtirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanadi.
Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy propiska qilish bilan bog‘liq harakatlarni idoralararo elektron hamkorlik orqali “Yagona darcha” tamoyili asosida “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimi vositasida amalga oshirishni ta’minlaydi.
Belgilanishicha, idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy propiska qilish bilan bog‘liq harakatlar:
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida - 2020 yil 1 iyuldan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda - 2021 yil 1 yanvardan boshlab amalga oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, fuqarolar qonun hujjatlariga muvofiq doimiy yashash joylarida propiskadan o‘tishlari va (yoki) turgan joylarida hisobda turishlari shart.
Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, turgan joyi bo‘yicha hisobga olinmaganligi yoki doimiy propiskada turmaganligi fuqaroga xizmat ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanishi mumkin emas.
Fuqarolar yangi yashash joyiga kelgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida doimiy propiskaga yoki hisobga turish uchun hujjatlarni ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga taqdim etishlari shart.
Tug‘ilgan bola FXDYo organi tomonidan unga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomani rasmiylashtirish chog‘ida otasi yoki onasining doimiy propiska manziliga idoralararo avtomatlashtirilgan tizim orqali ma’lumotlarni kiritish yo‘li bilan doimiy propiska qilinadi.
16 yoshga to‘lmagan fuqaro ota-onasi, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning doimiy propiska manziliga doimiy propiska qilinishi yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga qo‘yilishi shart.
Fuqarolarni doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olishni rasmiylashtirish uchun tegishincha Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashab turgan joylariga yaqin bo‘lgan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga murojaat qilishlari mumkin.