O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Moskva shahrida MDH Iqtisodiy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi
2020-03-16 | MDH
2020-yil 13-mart kuni Moskva shahrida O‘zbekiston raisligida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Iqtisodiy kengashining 85-majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlis kun tartibiga MDH ishtirokchi davlatlari iqtisodiy hamkorligining turli sohalarini qamrab olgan masalalar kiritildi. Majlisni Iqtisodiy kengash raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Iqtisodiyot va sanoat vaziri Jamshid Qo‘chqorov olib bordi.
MDHning Ashxabod sammiti qaroriga binoan 2020-yil 1-yanvardan 31-dekabrgacha MDHga raislik O‘zbekistonga o‘tdi. MDH doirasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va O‘zbekiston raisligining ustuvor sohalari Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 11-oktabrda Ashxabodda bo‘lib o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashining majlisidagi nutqida bayon etilgan edi. O‘zbekiston Respublikasining 2020-yilda MDHdagi raisligi Konsepsiyasi va tegishli Tadbirlar rejasi qabul qilindi va amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv davomida MDH Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqish uchun MDHning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda iqtisodiy rivojlanish strategiyasi loyihasini kiritish to‘g‘risidagi O‘zbekiston tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Kengash a’zolari Transport sohasida 2030-yilgacha bo‘lgan davrdagi ustuvor yo‘nalishlar loyihasini ma’qulladilar, shuningdek, 2020-2023-yillarga mo‘ljallangan Kelishilgan ijtimoiy va demografik siyosat kontseptsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Tadbirlar rejasini qabul qildilar.
Davlat rahbarlari kengashining qarori bilan 2021-yil “MDHda arxitektura va shaharsozlik yili” deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan 2021-yil davomida arxitektura va shaharsozlik forumlari va tanlovlar, ko‘rgazmalar, mavzuga oid ilmiy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlari va seminarlarni o‘tkazishni o‘z ichiga olgan harakatlar rejasi tasdiqlandi.
MDH Iqtisodiy kengashining qarori bilan Minsk shahar texnoparkiga va Rossiya Federatsiyasi Savdo-sanoat palatasining Innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish fondiga 2020-yilgacha bo‘lgan davlatlararo innovatsion hamkorlik dasturi doirasida innovatsiyani tijoratlashtirish markazlari maqomi berildi.
Majlis ishtirokchilari mahsulot va xizmatlar sifati sohasidagi yutuqlari uchun 2019-yilgi MDH mukofoti tanlovi natijalarini tasdiqladilar. Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning 14 ta tashkiloti laureatlar va diplom egalari bo‘lishdi. Shuningdek, o‘simliklarning karantini sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha MDH ishtirokchi davlatlarining bazaviy tashkiloti to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar ham ma’qullandi. Bundan tashqari, MDH Iqtisodiy kengashi a’zolariga birlashma faoliyatining turli jihatlariga oid axborot-tahliliy va qo‘llanma materiallari taqdim etildi.
MDH Iqtisodiy kengashining 86-majlisini 2020-yil 19-iyun kuni Moskva shahrida Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasining (VDNX) milliy pavilyonlaridan birida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
MDH Iqtisodiy kengashi majlisi yakunida delegatsiyalar “MDH + Dunyo” Xalqaro iqtisodiy forumi va “MDH + Dunyo 2020” Xalqaro turizm kongressida ishtirok etdilar.