O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Suvdan foydalanish samaradorligini iqtisodiy baholash mezonlarini qo'llashni modellashtirish dasturi
2020-03-13 | Texnologiyalar
Hozirgi kunda qishloq xoʼjaligida 20 million gektardan ortiq, shu jumladan, 3,2 million gektar sugʼoriladigan ekin yer maydonlaridan foydalanib, aholining ehtiyoji uchun oziq-ovqat mahsulotlari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur xom ashyo yetishtirilmoqda.
Sugʼoriladigan maydonlarning unumdorligini oshirish, meliorativ holati va suv taʼminotini yaxshilash maqsadida davlat dasturlari doirasida keng koʼlamli irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Natijada 2008-2017-yillar mobaynida 1,7 million gektardan ortiq sugʼoriladigan maydonlarning suv taʼminoti hamda 2,5 million gektar maydonlarning meliorativ holati yaxshilanishiga erishildi.
Biroq global iqlim oʼzgarishi natijasida soʼnggi yillarda davriy ravishda kuzatilayotgan suv tanqisligi va ichki irrigatsiya tarmoqlarining asosiy qismi yaroqsiz holatga kelganligi sugʼoriladigan ekin yerlarining meliorativ holati yomonlashishiga va yillar davomida foydalanishdan chiqib ketishiga olib kelgan.
Dasturning ahamiyatli tomoni shundaki, u hosildorlikni oshirish hamda suvdan tejamkorlik bilan foydalanishga xizmat qilib, suvdan foydalanish samaradorligini iqtisodiy baholash mezonlarini qoʼllashni modellashtirish uchun moʼljallangan.
Dasturning funksional imkoniyatlari quyidagilardan iborat:
• xoʼjalikning yer maydonlariga oid maʼlumotlar kiritilgandan soʼng dastur matematik amallar yordamida ekinlar turlari boʼyicha hisob-kitob ishlarini bajaradi;
• dastur anaʼnaviy sugʼorish usulida sugʼorilganda va tomchilatib sugʼorilganda sarflanadigan suv miqdorini aniqlaydi;
• har ikki sugʼorish usulining bir-biridan farqini koʼrsatib beradi;
• misol sifatida bodringni issiqxonada tomchilatib sugʼorganda qancha miqdorda suv sarf boʼlishini hisoblab beradi.
Oʼzbekiston Respublikаsi Prezidentining “Qishloq xoʼjаligidа yer vа suv resurslаridаn sаmаrаli foydаlаnish chorа-tаdbirlаri toʼgʼrisidа”gi farmoniga binoan Qishloq xoʼjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasi, 2020-2030-yillarda qishloq xoʼjaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʼyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning hamda 2019-2022-yillar davomida qishloq xoʼjaligi yerlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishning prognoz koʼrsatkichlari tasdiqlandi.
Аgar rivojlangan mamlakatlar bilan solishtiradigan boʼlsak, yerdan, suv resurslaridan foydalanish darajasi boʼyicha qator tizimli muammolar borligi koʼrinadi. Shuning uchun strategiyada qishloq xoʼjaligida mehnat unumdorligini yuksaltirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish, innovatsion texnologiyalarni keng qoʼllashga alohida urgʼu berilgan.
Bugungi kunda mavjud sugʼoriladigan yer maydonlari 3 million 200 gektarni tashkil etadigan boʼlsa, unga sarflanadigan suv juda katta miqdorda isrof qilinishiga olib kelayotgani mutaxassislar tomonidan qayd etilmoqda. Shuning uchun strategiyaning alohida yoʼnalishi suv resurslarini tejashga qaratilgan.
Farmonda belgilangan vazifalardan kelib chiqib dastur qishloq xoʼjaligi va dehqonchilikda suvdan samarali foydalanishda juda qo’l keladi.
Dastur muallifi Sultonov Akmalga “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining qonuniga ko’ra DGU 06722 raqamli guvohnoma berildi.