O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Soliq islohotlari - tadbirkorlik va ishbilarmonlikka keng yo‘l
2020-03-13 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 12-mart kuni Milliy matbuot markazida Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda 2019-yilda soliq islohotlarini amalga oshirish doirasida erishilgan natijalar va oldinda turgan vazifalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
2019-yil 1-oktabrdan boshlab Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga asosan, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi. Bu esa tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini rivojlanishiga katta turtki bo‘ldi.
Soliq stavkalarining pasayishi va ayrim soliqlarning bekor qilinishiga qaramay, 2019-yilda byudjetga soliq tushumlarining 2018 yilga nisbatan 154 foizga o‘sishi ta’minlandi.
Ish haqi fondiga solinadigan soliq yuki kamaytirilishi - sug‘urta badali bekor qilinishi, yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi tushirilishi hisobiga 2019-yil davomida 939,5 mingta ish o‘rni legallashtirildi va daromad solig‘i tushumi 2 barobarga o‘sdi.
Shuningdek, adolatli raqobatni ta’minlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi. (27.06.2019y.)
Mazkur Farmonga ko‘ra, 2019-yil 1-avgustdan boshlab yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.
Natijada 2019-yil 1-avgustdan boshlab 1000 mingga yaqin yagona yer solig‘i to‘lovchilari QQSni ixtiyoriy to‘lashga o‘tdi.
Anjuman davomida DSQ mutasaddilari “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan va oldinda turgan vazifalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, joriy yil so‘nggiga qadar tadbirkorlik sub'yektlari to‘liq elektron hisob-fakturalar (EHF)dan foydalanishga o‘tkaziladi. 2022-yil 1-yanvardan barcha turdagi tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga onlayn nazorat-kassa mashinalari (Onlayn-NKM) yoki virtual kassani joriy etiladi.
Sog‘lom raqobat muhitini yaratish va mamlakat hududiga kontrafakt mahsulotlarning kirib kelishini oldini olish maqsadida mahsulotlarni markirovkalash tizimi joriy etilmoqda. Mazkur tizim hozircha alkogol va tamaki masulotlari bo‘yicha sinovdan o‘tkazilyapti.