O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Green Aral Sea – Orol dengizi tubini koʻkalamzorlashtirish kraudfanding tashabbusi
2020-03-13 | Ekologiya
2020-yil 11-mart kuni Wyndham Toshkent mehmonxonasida BMT Taraqqiyot dasturining Orol dengizining qurigan tubini koʻkalamzorlashtirish uchun kraudfanding pilot platformasini yaratish boʻyicha Konsepsiya loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Ushbu Konsepsiyani hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan Kelishuv loyihasi tayyorlangan boʻlib, ushbu jarayonda BMTning Taraqqiyot dasturi va respublika vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etishdi.
Taqdimot marosimidagi asosiy tadbirlardan biri sifatida BMTning Taraqqiyot dasturi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi rahbarlari tomonidan Kelishuv hujjatini imzolanganligi qayd etildi.
Kelishuv loyihasi boʻyicha BMTning taraqqiyot dasturi tomonidan Kraudfanding platformasi boʻyicha toʻplangan bilimlarni kelgusida Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markaziga berish ham koʻzda tutilgan. Kraudfanding platformasi birlamchi bosqichda milliy va xorijiy kompaniyalar tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
— BMT taraqqiyot dasturi koʻmagida bugun “Orolboʻyi — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” konsepsiyasi ustida ish olib bormoqdamiz, — deydi innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Azimjon Nazarov. — Ayni paytda Orol dengizining qurigan tubini koʻkalamzorlashtirish uchun kraudfanding pilot platformasini yaratish konsepsiyasini birgalikda amalga oshirishga qaror qildik.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, xususan, Orol dengizining qurigan tubini koʻkalamzorlashtirish tashabbusi uchun kraudfanding orqali moliyalashtirish mexanizmini ishga tushirish va muvofiqlashtirishga koʻmaklashadi. Ushbu platforma xorijiy fuqarolar va xalqaro korporatsiyalarning mablagʻlarini jalb qilish uchun sharoit yaratadi. BMT taraqqiyot dasturining Kraudfanding platformasi boʻyicha konsepsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti farmoniga koʻra Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan tashkil etilgan “Oroldagi bogʻim“ (My garden in the Aral Sea) loyihasini amalga oshirishda xalqaro amaliyotni oʻrganishda yordam beradi.