O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Zamonaviy issiqxonada qisqa vaqtda 480 ming dollarlik eksport qilindi
2020-03-13 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangiariq tumanidagi “Global Food Impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan tashkil etilgan zamonaviy issiqxonani ko‘zdan kechirdi.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilishga keng sharoit yaratilmoqda. Joylarda gidroponika usulida issiqxonalar qurilmoqda. Bu sifatli poliz mahsulotlari yetishtirish, ko‘plab ish o‘rinlari yaratish imkonini berayotir.
“Global Food Impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyat uchun ajratilgan maydon 23 gektardan ziyod. Birinchi bosqichda 10 gektar yerda issiqxona qurilgan. 140 kishi ish bilan ta’minlangan.
Ahamiyatlisi shundaki, ilgari bu joy sho‘r bosgan, qarovsiz yer edi. Endi shu zaminning har gektaridan yiliga 300-400 ming dollar miqdorida daromad olinadi.
Masalan, pomidor va bodring ko‘chatlari shu yil yanvarda hosilga kirdi. O‘tgan qisqa vaqtda 480 ming dollarlik eksport qilindi. Yil oxirigacha 4-5 million dollarlik mahsulot sotish mo‘ljallangan.
Joriy yilda 13 gektar maydonda issiqxonaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish hamda avgust oyida ishga tushirish mo‘ljallangan. Korxona to‘liq quvvatda ishlaganda yiliga 4 ming tonna pomidor va bodring, shuningdek, qulupnay, gullar va boshqa mahsulotlar yetishtiriladi, jami 280 ta ish o‘rni tashkil etiladi. Mahsulotlarning 80 foizini qo‘shni davlatlar, Rossiya va Turkiyaga eksport qilish rejalashtirilgan.
- Qishloq xo‘jaligida ilm, yangicha dunyoqarash paydo bo‘ldi. Mana, ishning ko‘zini bilsa, katta daromad olish mumkinligiga misol. Xorazmda yer sho‘rlangan. Shunday joylarda zamonaviy issiqxonalarni ko‘paytirish, 100-200 gektarga yetkazish kerak. Ham odamlarga ishchi joy, ham eksport bo‘ladi, - dedi davlatimiz rahbari.
Issiqxona detallarini mahalliylashtirish, bozor talabidan kelib chiqib qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shu yerda viloyatda meva-sabzavotchilik, tomorqachilik, chorvachilik, baliqchilikni rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.