O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bokschilarimiz Iordaniyadan uchta oltin va 7 ta olimpiada yo‘llanmasi bilan qaytishmoqda
2020-03-12 | Sport
Iordaniyaning Amman shahri boks bo‘yicha Tokio-2020 olimpiadasiga litsenzion turnirga mezbonlik qildi. Kecha bahslar yakuniga yetib, unda o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalaridan uch nafari oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bokschilarimizdan Mirazizbek Mirzaxalilov, Elnur Abduraimov hamda Bahodir Jalolovlar o‘z vazn toifalarida tengsiz ekanligini isbotlashdi.
-57 kg vazn toifasida Mirazizbek Mirzaxalilov iordaniyalik Muhammad Alvadiga qarshi ringga ko‘tarildi va 5:0 hisobida yaqqol ustunlik bilan g‘alabaga erishdi.
-63 kg vazn toifasidagi vakilimiz Elnur Abduraimov esa finalda qozog‘istonlik bokschi Zokir Safiullin bilan to‘qnash keldi. Murosasiz kechgan jangda hamyurtimizning qo‘li baland keldi - 3:2, Elnurning foydasiga. Shu tariqa Abduraimov terma jamoamiz hisobiga ikkinchi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.
Nihoyat eng og‘ir, ya’ni +91 kg vazn toifasidagi bokschimiz, amaldagi jahon chempioni Bahodir Jalolov musobaqaning so‘nggi jangida avstraliyalik sportchi Yustis Xuni ustidan 5:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. Qisqasi, final janglarida qatnashgan har uchala bokschimiz ham yakunda oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa boks bo‘yicha olimpiada litsenzion turnirida O‘zbekiston terma jamoasi uchtadan oltin va bronza medali bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi. Tokio-2020 olimpiadasiga esa 7 ta yo‘llanma qo‘lga kiritildi. Bular - Mirazizbek Mirzaxalilov, Elnur Abduraimov, Bahodir Jalolov (barchasi oltin), Shahobiddin Zoirov, Bobousmon Baturov, Sanjar Tursunov (uchalasi ham bronza) va qizlardan Tursunoy Rahimovadir.
Biz bokschilarimizni ushbu muvaffaqiyat bilan muborakbod etamiz.