O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xavfni boshqarish tizimiga - bir yil: bojxona organlarida joriy qilingan mazkur tizim ko‘magida qo‘lga kiritilgan natijalar sarhisobi

2020-03-11 | Jamiyat

2020-yil 11-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan “Xavfni boshqarish tizimiga - bir yil: bojxona organlarida joriy qilingan mazkur tizim ko‘magida qo‘lga kiritilgan natijalar sarhisobi” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari B.Rahimov mavzu bo‘yicha jurnalistlarga axborot berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 24 noyabrdagi PF-5582-son Farmoni davlat bojxona xizmati organlari tizimidagi keng ko‘lamli islohotlarning yangi davrini boshlab berdi.

Mazkur Farmonga binoan tovar va transport vositalarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish jarayonida 2018 yilning 1 dekabrdan “sariq” va “qizil”, 2019 yilning 1 martidan esa “yashil” va “ko‘k” yo‘laklarni qo‘llashni nazarda tutuvchi “Xavfni boshqarish tizimi” amaliyotga to‘liq tatbiq etildi.

Natijada, “yalpi” bojxona nazoratini o‘tkazishdan voz kechgan holda, xavf profillari yoki tasodifiy tanlov asosida tovar va transport vositalarining bojxona nazorati yuqoridagi 4 ta yo‘laklardan biriga yo‘naltirilgan holda amalga oshirilmoqda. Xo‘sh, bu yo‘laklar bir-biridan qanday farqlanadi.

«Sariq yo‘lak», bunda bojxona deklaratsiyasi, hujjatlar va ma’lumotlarni tekshirish bo‘yicha bojxona nazorati shakllari xavf darajasi o‘rta ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi;

«Qizil yo‘lak», bunda bojxona nazorati shakllari xavf darajasi yuqori ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi;

«Yashil yo‘lak», bunda xavf darajasi past bo‘lgan tovar va transport vositalarini chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda, bojxona nazorati shakllari ularga nisbatan amalga oshirilmaydi;

«Ko‘k yo‘lak», bunda xavf darajasi o‘rta ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlov asosida aniqlangan tovarlarga nisbatan bojxona nazorati shakllari ular chiqarib yuborilgandan so‘ng amalga oshiriladi.

“Xavfni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi davlat ekspertizasidan muvaffaqiyatli o‘tdi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi - mualliflik huquqi egasi sifatida elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi Intellektual mulk agentligining guvohnomasini oldi.

Xo‘sh, xavf o‘zi nima? Bu bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilmasligi ehtimolining darajasi bo‘lib, xavfni boshqarish — xavfning oldini olish va ularni imkon qadar kamaytirish, ularning qo‘llanilish samaradorligini baholash, shuningdek bojxona operatsiyalarining bajarilishi ustidan nazorat qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalda bajarishni, bojxona organlarida mavjud bo‘lgan axborotning uzluksiz yangilanishini, tahlil etilishini va qayta ko‘rib chiqilishini nazarda tutuvchi doimiy ishlardir.

Sodda qilib aytganda, Xavfni boshqarish tizimi bojxona qoidalariga amal qiluvchi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, o‘rnatilgan tartibotlarga rioya qilmaydigan TIF ishtirokchilari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishga mo‘ljallangan.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimi o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan tovarlarni ko‘zdan kechirish hamda namuna va (yoki) sinamalar olishda bojxona tartib-taomillarini amalga oshirish to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga asosan xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi buyurgan bojxona operatsiyalarini bajarishga majbur.

Amaldagi qonunchilikda bojxona rasmiylashtiruvi muddati uch kun qilib belgilanganligiga qaramasdan tovarlarni rasmiylashtirish uchun sarflanadigan vaqtning qisqarishiga erishildi.

Jumladan, eksportda mazkur tizim joriy etilishiga qadar 136 daqiqa sarflangan bo‘lsa, hozirda ushbu muddat 3 baravarga qisqarib, 44 daqiqani tashkil etmoqda.

Shuningdek, importda tizim joriy etilishidan oldin 394 daqiqa sarflangan bo‘lsa, hozirgi kunda mazkur muddat 2,6 marotaba qisqarib, 154 daqiqani tashkil etmoqda.

Tizim ko‘magida tovarlarni bojxona ko‘rigisiz rasmiylashtirish amaliyoti joriy etildi. Xususan, tizim joriy etilishiga qadar barcha tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilar edi. Ushbu tizim joriy etilishi bilan bojxona ko‘riklari soni - 1,6 marotaba kamayib, ko‘rik samaradorligi - 1,7 baravarga ortdi.

Xavfni boshqarish tizimi orqali eksportda tovarlarning vazni bo‘yicha - 95 %, tovar partiyalarining - 85 % bojxona ko‘rigisiz rasmiylashtirildi.

Shuningdek, importga rasmiylashtirilgan tovarlarning og‘irligi bo‘yicha - 66 %, tovar partiyalarining - 49 % bojxona ko‘rigisiz amalga oshirildi.

Mazkur tizim joriy etilishga qadar barcha TIF ishtirokchilariga bojxona organlari tomonidan bir xil baho berilgan bo‘lsa, bugungi kunda jami 105 800 ta TIF qatnashchilarining faoliyati ko‘rsatayotgan bo‘lib, ulardan 74 403 tasi halollik darajasi bo‘yicha baholandi.

So‘nggi bir yil davomida bojxona rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalarining

7 foizi yoki 174 305 tasi “yashil” yo‘lak tartibida;
39 foizi yoki 300 367 tasi “sariq” yo‘lak tartibida;
38,3 foizi yoki 294 167 tasi “qizil” yo‘lak tartibida rasmiylashtirilgan.
Xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan axborot tizimidan samarali foydalanilishi,  xavflarni minimallatirish choralari qo‘llanilishi natijasida o‘tgan davr mobaynida davlat byudjetiga 81.6 mlrd. so‘mlik qo‘shimcha bojxona to‘lovlari undirildi.

Jahon banki O‘zbekistonni "Biznesni yuritish" xalqaro reytingi doirasida biznesni ilgari surish sohasida ulkan islohotlarni amalga oshirgan davlat sifatida qayd etdi va bojxona tizimida xavflarni tahlil qilish asosida sifat jihatidan yangi bojxona nazorati tartiblari joriy etilganligini ta’kidladi.

Xavfni boshqarish tizimining vujudga kelishi silsilasi

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida bojxona organlarida 2018 yildan boshlab tadbirkorlik sub'yektlari uchun bojxona ko‘rigida xavf-xatardan ogoh etish tizimi, ya’ni tadbirkorlarning qanchalik halol ekaniga qarab, ularni “yashil” va “qizil” yo‘laklar orqali o‘tkazishni joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5414-son Farmoni bilan 2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda tovarlarning bojxona nazoratini tanlov asosida o‘tkazishni nazarda tutuvchi xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqilishi va joriy etilishini ta’minlash belgilandi.

- Ushbu Farmon bilan Davlat bojxona qo‘mitasida Xavflarni monitoring qilish va baholash boshqarmasi tashkil qilindi hamda mazkur boshqarmaga bojxona organlarida bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi yuqori bo‘lgan tovar va tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini nazorat qilish uchun kuch va vositalarni jamlashni nazarda tutuvchi xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi.

- Bojxona organlarida mavjud kuch va vositalardan foydalanib, ushbu yo‘nalishdagi jahonning yetakchi davlatlarida bojxona nazorati sohasida foydalanilayotgan axborot texnologiyalari imkoniyatlarini o‘rgangan holda Xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqildi hamda 2018 yil 1 sentyabrdan sinov tarzida ishga tushirildi.

- O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 oktyabrda yangi tahrirda qabul qilingan «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi Qonuni bilan xavfni boshqarish tizimi qo‘llanilishi samaradorligining muntazam monitoringini amalga oshirish bojxona organlarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 noyabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-5582-son Farmoni bilan Xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi a to‘liq rejimda joriy etildi.

- Farmonga binoan 2018 yil 1 dekabrdan boshlab, “sariq” va “qizil” yo‘laklar ishga tushirildi.

- 2019 yil 1 martdan boshlab, “yashil” va “ko‘k” yo‘laklar ishga tushirildi.

Поделиться