O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro ekspertlar va diplomatik korpus vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
2020-03-11 | Sog‘liqni saqlash
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekistonda koronavirus infektsiyasi (COVID-19)ning profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati, tegishli vazirlik va idoralar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov dunyoda koronavirusning epidemik holati va COVID-19ning mamlakatimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Xususan, mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 29-yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoyishi qabul qilinib, tizimli choralar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir rahbarligida “Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasi”ning yig‘ilishlarida ham bu borada kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalar belgilab berildi. Mamlakatimizdagi barcha havo va temir yo‘llarida tashkil qilingan sanitariya-karantin punktlari, hududlarda tuzilgan shtablar faoliyatini bugungi kun talabidan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish, mehmonxonalar va korxonalar, mahalla, ichki ishlar organlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularga davlat tomonidan qo‘yilayotgan talab, tavsiyalarni o‘z vaqtida yetkazish, tibbiy-patronaj xizmatini yanada yaxshilash, maktabgacha ta’lim, o‘rta maktab, oliy o‘quv yurtlari va jamoat joylarida sanitariya talablariga qat’iy rioya qilish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
O‘z navbatida, profilaktika va nazorat choralarini kuchaytirish maqsadida maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, oliy va o‘rta-maxsus ta’limi kabi kabi qator vazirlik va idoralari bilan qo‘shma qarorlar qabul qilindi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ayni paytda mamlakatimizga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID-19 infektsiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida sanitariya-karantin punktlari xalqaro talab va mezonlar asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda ushbu punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari ish olib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatuvchi shtab tashkil qilingan.
Anjumanda, shuningdek, Sog‘liqni saqlash va epidemiologiya sohasida xalqaro espert, Amerika Mikrobiologiya jamiyati a’zosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Mixail Favorov dunyodagi epidemik vaziyat bo‘yicha dolazrb savollarga javob berdi. U 40 yildan ziyod umrini dunyoning turli mintaqalarida - Markaziy Osiyoda kam uchraydigan gepatit turlaridan tortib, Keniya va Malida turli yuqumli kasalliklarni o‘rganish va oldini olishga bag‘ishlagan.
Ayni paytda Mixail Favorov koronavirus infektsiyasi bo‘yicha dunyo va O‘zbekistondagi holatni o‘rganmoqda. Shu kunlarda u mustaqil xalqaro ekspert sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi bosh shtab mutaxassislari bilan birgalikda mamlakatimizga koronavirusning kirib kelish va tarqalishining oldini olish maqsadida ushbu sohada ixtisoslashgan tibbiyot muassasalaridagi tibbiyot xodimlariga maslahatlar bermoqda.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, xalqaro talab va tavsiyalarga muvofiq, koronavirus infektsiyasi bo‘yicha aholining epidemiologik farovonligini ta’minlash bo‘yicha profilaktika va ushbu infektsiyani kirib kelishiga qarshi nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.