O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir forum

2020-03-11 | Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya Ichki ishlar vazirligi va hamkor tashkilotlar bilan birga “Xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish - mamlakat taraqqiyotining muhim omili“ mavzusida xalqaro forum o‘tkazdi.

Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi, BMT Taraqqiyot dasturining yurtimizdagi vakolatxonasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Yoshlar ittifoqi va boshqa bir qator jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu forumga mehnat jamoalari, mahallalardagi xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodimlar taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari A.Ikramov, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi doimiy vakili o‘rinbosari D.Muntyanu, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi F.Eshmatova, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i G.Ma’rupova va boshqalar xotin-qizlarning manfaatlarini ta’minlash dolzarb masala ekanini ta’kidladi.

Keyingi paytda mamlakatimizda ayollarni qonuniy jihatdan yanada kuchliroq himoyalash bilan bog‘liq bir qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida“gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida“gi qonunlari kuchga kirgani bu boradagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Endilikda jabrlanuvchi ayol o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilgani yoki tahdid qilingani to‘g‘risida ariza bilan tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish huquqiga ega. Shuningdek, ular maxsus markazlarda, “Ishonch telefoni“ orqali bepul huquqiy maslahat oladi. Ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish, ichki ishlar organlariga himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat etishga ham haqlidirlar. Noxush holatlarning oldini olish, jabrlanuvchining xavfsizligini ta’minlash maqsadida zo‘ravonlikka moyil shaxsning xulq-atvorini o‘zgartirishda unga ruhiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishga oid chora-tadbirlar ham amalga oshiriladi. Bunday shaxslar zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturidan o‘tadi.

Qonunning asosiy jihatlaridan biri shundaki, unga “himoya orderi“ tushunchasi kiritilgan va uning berilishi tartibi ham belgilangan.

- Ayollar o‘z haq-huquqlarini bilsa, ularning huquqiy madaniyati yuqori bo‘lsa, to‘g‘ri yo‘ldan sira adashmaydi, - dedi Ichki ishlar vazirligining huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Umida Abdullayeva. - Ayni paytda mazkur yo‘nalishda xotin-qizlar ishtirokida doimiy muloqotlar, uchrashuvlar tashkil etilib, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Himoya orderining yuzaga kelishi ayollarni turli tazyiq va zo‘ravonliklardan asrashda o‘ziga xos amaliy mexanizmdir.

- Bugungi kunda uyma-uy yurib, yoshlar, ayollar, qizlar bilan uchrashib, mavjud muammolarni mukammal o‘rganish, zaruriy amaliy choralarga e’tiborni kuchaytirishga jiddiy kirishilgan, - dedi Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Dalaguzar“ mahalla fuqarolar yig‘ini mutaxassisi Holida Oxunova. - Qizlar, kelinlarni kasbga o‘qitish, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bunda uy mehnatini yo‘lga qo‘yish, ayol va qizlarni pazandalik, chevarchilik sexlariga jalb etishga katta ahamiyat qaratilmoqda.

Anjumanda ayollarni samarali himoya qilishning yangi mexanizmlari, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoyalashda ichki ishlar organlarining ishtiroki, yosh xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, oila-turmush doirasidagi muammolarni hal etishda davlat va jamoat organlarining hamkorligiga oid masalalar atroflicha muhokama etildi.

Gender tengligi, opa-singillarimiz manfaatlarini himoyalash, ularni asrashga doir samimiy, ta’sirchan va dolzarb video roliklar namoyish etildi. Qizlarimizga ibrat bo‘lgan ayollar taqdirlandi. Vatan, ona, munis ayollarni ulug‘lovchi musiqiy dastur forum ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.

 

Nazokat Usmonova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA

Поделиться