O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputatlar yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini muhokama qildi
2020-03-10 | Jamiyat
2020-yil 9-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “Yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarning ijrosi hamda istiqboldagi vazifalar” mavzuidagi davra suhbati tashkil qilindi.
Parlament quyi palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, olimlar, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan tadbirda bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarning ijrosi atroflicha muhokama qilinib, istiqboldagi vazifalar tahlil etildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2019-yil 27-dekabr kuni mamlakat yoshlari bilan videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda bir qator muhim topshiriqlar berilgan edi. O‘tgan davr mobaynida davlat organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ayni topshiriqlardan kelib chiqib amalga oshirilgan ishlar sarhisobini qilish, bu borada kelib chiqayotgan masalalarning sababi va yechimi yuzasidan takliflarni umumlashtirish bo‘yicha tizimni ko‘rib chiqish muhim ahamiyat kasb etishi aytib o‘tildi.
Ta’kidlash joiz, mamalakatimizda bugungi kunda yoshlar jinoyatchiligi va yosh oilalar o‘rtasidagi ajrimlarni oldini olish, global maydonda kechayotgan tahlikali jarayonlarga nisbatan yoshlarimizda mustaqil fikr va qat’iy yondashuvni shakllantirish masalalari dolzarb bo‘lib qolmoqda. Yoshlarni “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari!” degan ulug‘vor g‘oya atrofida birlashtirishga qaratilgan ishlarni yuqori bosqichga olib chiqish lozim. Aholiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining mazmun-mohiyatini izchil yetkazish tizimini shakllantirish, fuqarolar ongida “Jamiyatda qonunga hurmat ruhini qaror toptirish — demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir!” degan hayotiy g‘oyani mustahkamlash olimizda turgan eng asosiy vazifalardan biridir.
Davra suhbati ishtirokchilari, shuningdek, yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini, odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab o‘rgatish, jamiyatda huquqiy ong, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga doir tadbirlarni tashkil etishda ijtimoiy sheriklik printsiplaridan unumli foydalanishni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish har tomonlama foydali ekani alohida ta’kidlandi.
Davra suhbati ishtirokchilarining fikricha, bu borada o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun barcha imkoniyatni ishga solish lozim.
Shu bilan birga, mas’ul tashkilotlardan yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlarni, chora-tadbirlar dasturlarini, “Yo‘l xarita”larini umumlashirish va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yetkazish tizimini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi. Parlament quyi palatasining qo‘mitalarida, deputatlik birlashmalarida va yalpi majlislarida yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni takomillashtirish masalalari yuzasidan Adliya, Ichki ishlar, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari rahbarlarining hisobotlarini eshitib borish ham yaxshi samara beradi. Shuningdek, tadbirda yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga zamonaviy usul va vositalarni (chet ellarga “huquqiy madaniyat turizmi” safarlarini uyushtirish, huquqiy nigilizmning oqibatlari haqidagi videoroliklarni ko‘paytirish, mobil ilovalar va starap loyihalarni ishlab chiqish va hokazo) keng joriy etish yuzasidan tegishli vazirliklarga parlament so‘rovlari jo‘natilishi maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.
Davra suhbatida yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolari tomonidan ushbu tadbirda bildirilgan taklif va mulohazalarni tegishli mutasaddi vazirlik, idora, tashkilotlar hamda keng jamoatchilikka yetkazish, belgilangan vazifalarning ijrosining nazoratini olib borish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.