O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Karim Kamolov Malayziyalik sarmoyadorlarni qabul qildi
2020-03-10 | Iqtisodiyot
“Malayziya - O‘zbekiston” savdo palatasi bosh kotibi Durey Radjishvaran boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasi 9-mart kuni Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov qabulida bo‘ldilar. Mehmonlar mamlakatimiz bilan Malayziya davlati o‘rtasida o‘zaro manfaatli iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan bir nechta tashabbuslarini ilgari surdilar.
-Butun Islom mamlakatlarining Buxoroi sharifga bo‘lgan hurmat-ehtiromini yaxshi bilganimiz holda biz ham shu yurtga investitsiya kiritib, uning rivojlanishiga hissa qo‘shishga qaror qildik,-dedi janob Durey Radjishvaran viloyat hokimiga samimiy qabul uchun minnatdorligini izhor etarkan. -Hududda turizmni yanada ravnaq toptirishga qaratilgan loyihalarimizdan birini O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga ham taqdim etib, Buxoro xalqaro aeroportidan alohida yer maydoni so‘raganmiz. Bunda kichik gabaritli samolyotlar xizmatini yo‘lga qo‘ygan holda mahalliy oziq-ovqat va boshqa turdagi mahsulotlarni chet elga eksport qilishda ishtirok etish, logistik faoliyatni yanada takomillashtirish maqsadimiz.
“Malayziya-O‘zbekiston” savdo palatasi bosh kotibi bu loyihada kichik gabaritli, 12 o‘ringa ega, 5 soatgacha to‘xtovsiz uchadigan zamonaviy samolyotlar xizmatini yo‘lga qo‘yish, ulardan tibbiy xizmat sohasida ham foydalanish barobarida logistik markazda “Boing-727” rusumli yuk samolyoti xizmatini ham tashkil etmoqchi. Bundan tashqari, malayziyalik sarmoyadorlar Buxoroda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lishi kutilayotgan kichik gabaritli samolyotlar uchuvchilarini tayyorlash maktabini qurish loyihasini amalga oshirish g‘oyasini ham ilgari surdilar. O‘ziga xos infratuzilmaga ega bo‘ladigan bu markaz 2 ta zamonaviy samolyotga ega bo‘ladi va talabga muvofiq boshqa davlatlardan yosh malakali uchuvchilarni tayyorlab berishga, muntazam o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarini o‘tkazishga ixtisoslashtiriladi.
Shuningdek, xorijiy investorlarning yana bir loyihasi maishiy chiqindilardan ekologik toza va xavfsiz ko‘mir briketi, yo‘l qurilishi uchun bitum mahsuloti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdir. Bu boradagi takliflari bilan o‘rtoqlashgan delegatsiya a’zosi Aisha Chandran xonim korxonani qurib, ishga tushirish qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, aholiga qulaylik yaratish bilan birga hududni obodonlashtirishda ham alohida hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Delegatsiya tomonidan O‘zbekiston va Malayziya davlatlari o‘rtasida amalga oshirilayotgan ta’lim sohasidagi hamkorlik natijasi o‘laroq, Buxoroda xorijdan kelib o‘qiydigan, ilmiy-amaliy tajriba almashadigan talabalar uchun yotoqxona majmuasini barpo etish loyihasi ham taqdim qilindi. Unda talabalar uchun yotoqxona, ularning ota-onalari yoki yaqinlari uchun mehmonxona majmuasi, alohida infratuzilma bo‘ladi. Investorlar o‘z loyihalarini videoslayd ko‘rinishida ham batafsil tushuntirib berdilar.
O‘z o‘rnida viloyat hokimi Karim Kamolov turistik va iqtisodiy salohiyatga ega mamlakat tajribasini o‘zlashtirish biz uchun ham foydadan xoli emasligini, albatta, har bir loyiha atroflicha o‘rganilishini, xorijiy sarmoyadorlarga yetarli shart-sharoit hozirlanishini bildirdi.