Singapurning “OnePetra Holdings Pte Ltd” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Dennis Louk ishbilarmonlik tashrifi bilan Namanganga keldi.
Viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Namangan viloyati hokimligi va “OnePetra Holdings Pte Ltd” kompaniyasi oʻrtasida umumiy qiymati 110 million dollardan ziyod 3 ta investitsiya kelishuvi imzolandi.
Imzolangan kelishuvga koʻra, Singapur kompaniyasi yuz foiz toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoya kiritish sharti bilan Namangan viloyatida 25 gektar maydonda kunlik 1 million dona tuxum yetishtirish quvvatiga ega loyiha qiymati 16 million dollar boʻlgan tovuqchilik fermasi, 20 gektarda maydonda kunlik 1 million dona bedana tuxumi yetishtirish quvvatiga ega 16 million dollar qiymatga teng parrandachilik fermasi hamda 8 million dollar hisobiga 5 gektar maydonda bu ikki ferma mahsulotlarini qayta ishlash korxonasi barpo etadi.
Bundan tashqari, singapurlik ishbilarmonlar 50 gektar maydonda yillik 60 tonna krevetka hamda 1 ming 200 tonna baliq yetishtirish quvvatiga ega baliqchilik klasterini tashkil etish loyihasiga 35 million dollar, kunlik ming tonna oziq-ovqat chiqindilarini qayta ishlash hisobiga 500 tonna organik oʻgʻit hamda baliqlar uchun yem mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona qurish loyihasi uchun 40 million dollar sarmoya kiritadi.
Akromjon SATTOROV, OʻzA