O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2020-03-10 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF–5853-son Farmoni ijrosini taʼminlash, jumladan, qishloq xoʻjaligida erkin raqobatni taʼminlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish, paxta va gʻalla yetishtirishda davlat buyurtmasini bekor qilish, ishlab chiqarish iqtisodiy samaradorligini va mahsulot ishlab chiqaruvchilar manfaatdorligini oshirish, investitsiyalarni keng jalb qilish hisobiga qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” AJ, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining 2020-yil hosilidan boshlabpaxta xomashyosini yetishtirishda davlat buyurtmasini bekor qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Paxtachilikda bozor tamoyillari joriy etilishi munosabati bilan paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va qayta ishlovchi korxonalarning oʻzaro munosabatlarini tartibga solish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
a) 2020-yil hosilidan boshlab:
paxta xomashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi;
paxta xomashyosini yetishtiruvchilar (fermer xoʻjaliklari, paxta-toʻqimachilik klasterlari, kooperatsiyalar)ga rayonlashtirilgan gʻoʻza navlarini erkin joylashtirish huquqi beriladi;
paxta xomashyosi yetishtiruvchilarni sifatli urugʻlik bilan taʼminlash maqsadidasertifikatlangan urugʻlik yetkazib berish tizimi (shu jumladan, urugʻlik paxta uchun amaldagi ustama toʻlash tartibi) saqlab qolinadi hamda bosqichma-bosqich Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urugʻchilik klasterlari hamda paxta-toʻqimachilik klasterlari zimmasiga yuklatiladi;
b) paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash korxonalari negizida fermer xoʻjaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyalari tashkil etiladi.
Quyidagilar kooperatsiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
kooperatsiya aʼzolari bilan shartnomalar tuzish orqali paxta xomashyosi yetishtirish yuzasidan kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
kooperatsiya aʼzolari tomonidan paxta xomashyosi yetishtirish uchun zarur boʻlgan mulk komplekslari, texnika, uskuna, transport vositalaridan, paxta tozalash zavodlaridan birgalikda foydalanishni tashkil etish;
kooperatsiya va ularning aʼzolari oʻrtasida imzolanadigan shartnoma asosida kooperatsiya aʼzolarini qishloq xoʻjaligi texnikasi, yonilgʻi-moylash materiallari, mineral oʻgʻit, urugʻlik, shuningdek, kimyoviy va biologik himoya vositalari bilan taʼminlash;
paxta xomashyosini tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash va tegirmon usulida qayta ishlashni shartnomalarga asosan amalga oshirish va vositachilik shartnomalari asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishni tashkillashtirish;
kooperatsiya aʼzolariga agrotexnika, buxgalterlik, konsalting, vositachilik va boshqa xizmatlarni koʻrsatish;
kooperatsiya bilan hamkorlik qilish uchun eksport qiluvchilarni jalb etish, ichki va tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlari oʻtkazish;
kooperatsiya aʼzolari tomonidan ishlab chiqariladigan paxta tolasi va ikkilamchi mahsulotlarni birjada yoki birjada shakllangan narxlarda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotish.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasterlariga belgilangan imtiyozlar paxta xomashyosini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi kooperatsiyalar uchun ham tatbiq etiladi;
v) respublikada ishlab chiqarilgan paxta tolasi uchun birjada boshlangʻich narx shakllanishida amalda qoʻllanilayotgan 10 foiz miqdoridagi chegirma bekor qilinadi;
g) qishloq xoʻjaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarni oʻz vaqtida mahalliy sharoitga mos sifatli urugʻlik bilan taʼminlash, tegishli tartibda ishlov berilmagan urugʻlik orqali kasalliklar tarqalishining oldini olish, paxta xomashyosi hosildorligini izchil oshirib borish maqsadida 2020-yil hosili uchun urugʻlik chigit “Oʻzpaxtasanoat” AJ tizimidagi urugʻchilik sexlari va paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan yetkazib beriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib, har yili 1-dekabrga qadar kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan minimal narxlar eʼlon qilinishini hamda bozorlardagi narxlar oʻzgarishidan kelib chiqib, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritilishini taʼminlasin.
4. 2020-yil 15-martdan boshlab:
a) fermer xoʻjaliklari, paxta-toʻqimachilik klasterlari, kooperatsiyalar va urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urugʻchilik xoʻjaliklari tomonidan paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan 12 oy muddatgacha yetishtiriladigan paxta xomashyosi umumiy qiymatining 50 foizigacha boʻlgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 8 foiz, 60 foizigachaboʻlgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 10 foiz stavkadan (shundan bank marjasi 2 foiz) oshmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.
Bunda:
fermer xoʻjaliklari, paxta-toʻqimachilik klasterlari, kooperatsiyalar va urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urugʻchilik xoʻjaliklari agrotexnik tadbirlardan kelib chiqib, kredit mablagʻlaridan erkin foydalanadi hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlaydi;
paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan fermer xoʻjaliklarining paxta xomashyosi yetishtirish bilan bogʻliq xarajatlarini boʻnaklash pul mablagʻlari shaklida amalga oshiriladi;
paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kredit mablagʻlarining muddatida qaytarilmagan qismi tijorat krediti sifatida qayta rasmiylashtiriladi;
b) fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari yetishtirgan paxta xomashyosini xarid qilish va paxta yigʻim-terimi xarajatlarini moliyalashtirish uchun paxta-toʻqimachilik klasterlari va kooperatsiyalarga tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha tijorat kreditlari ajratiladi.
Bunda:
milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari boʻyicha foiz stavkasining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismini;
xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar boʻyicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha , lekin 3 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya beriladi;
paxta xomashyosini xarid qilish va paxta yigʻim-terimi xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan kredit mablagʻlarining muddatida qaytarilmagan qismiga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Markaziy bankning asosiy stavkasi oʻzgargan hollarda Jamgʻarmadan ajratilayotgan kreditlar foiz stavkalariga, bank marjasiga hamda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan beriladigan kompensatsiya miqdoriga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi;
v) paxta xomashyosini oʻzi yetishtiradigan va qayta ishlaydigan paxta-toʻqimachilik klasterlariga paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ajratilgan kreditlar 12 oydan soʻng har oyda teng miqdorlarda qaytarish sharti bilan 12 oy muddatgacha boʻlgan tijorat kreditlariga qayta rasmiylashtiriladi;
g) 2021-yil hosilidan boshlab paxta xomashyosi yetishtirish uchun kredit olish fermer xoʻjaliklari tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi (yer maydoni toʻliq paxta-toʻqimachilik klasteriga berilgan hududlar bundan mustasno).
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
paxta xomashyosi va donni xarid qilish uchun jalb etiladigan tijorat kreditlari foizining bir qismini qoplab berish uchun respublika byudjetidan Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga, ehtiyojga qarab, 700 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratsin;
paxta xomashyosi va gʻallani sotib olishni kredit resurslari bilan taʼminlashda tijorat banklarida mablagʻlarga ehtiyoj tugʻilganda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari, byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, suveren va korporativ xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan tijorat banklarini zarur mablagʻlar bilan taʼminlasin;
ikki oy muddatda paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarining boʻlgʻusi hosilini sugʻurtalash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:
paxtachilik sohasida klaster tizimini samarali tashkil etish maqsadida paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomni;
paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etilmagan respublika hududlarida fermer xoʻjaliklarining ixtiyoriy ravishda birlashishi asosida paxta tozalash korxonalari negizida paxta xomashyosini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi kooperatsiyalar tashkil etishni nazarda tutuvchi qarorni qabul qilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasining “Oʻzpaxtasanoat” AJni tugatish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
“Oʻzpaxtasanoat” AJni tugatish komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Oʻzpaxtasanoat” AJni tugatish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzgidromet” markazi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi sohasiga zamonaviy servis xizmatlarini tashkil etish maqsadida daryolar va respublika hududlarida kutilayotgan va mavjud suv resursi, meteorologik, gidrologik va agrometeorologik maʼlumotlarni “on-line” rejimida olish imkonini beruvchi maxsus elektron sahifa tashkil etsin hamda doimiy faoliyatini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga paxta tolasini import qilish boʻyicha cheklovlar oʻrnatilmaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
10. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-dekabrdagi “2020-yilda gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish va paxta xomashyosi yetishtirishning prognoz hajmlari toʻgʻrisida”gi 985-son qarorining 1-bandi toʻrtinchi xatboshisi, shuningdek, qarorga 3-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2020-yil 6-mart