O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qoraqalpoqlar Navro‘z bayramini qanday nishonlaydi?
2020-03-09 | Madaniyat
O‘tgan yili ilk marotaba Mo‘ynoq tumanida o‘tkazilgan «NavrUz» etnofestivali joriy yil 22-mart kuni shahar markazida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Etnofestivalda hunarmandlar ko‘rgazmasi, milliy qo‘shiqlar va raqslar, oshpazlar musobaqasi, kurash va milliy sport o‘yinlari, baxshi hamda jirovlarning chiqishi, ko‘rgazmali o‘tov qurilishi va boshqa qiziqarli tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, joriy yilda ham Navro‘z bayramida qoraqalpoq xalqining azaliy milliy urf-odat, dasturlari kengroq namoyish qilinadi.
Bahorgi tengkunlik kuni - Navro‘z bayrami Qoraqalpog‘iston zaminida zardushtiylik davrlaridan buyon eng asosiy bayramlardan biri sifatida nishonlanib kelingan. Qadimdan qoraqalpoqlar Naro‘zni Yil boshi deb hisoblab, uni ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan. Shu kunda sumalak, navro‘z go‘ja, bog‘irsoq, qarma, jo‘xori gurtik, qurt, moy so‘k, toqon, iyjan, jarma va boshqa shu kabi milliy taomlar mo‘l etib tayyorlangan.
Mustaqillik yillarida qoraqalpoq milliy urf-odatlarining tiklanishi bilan Navro‘zni nishonlash ham har yilgi katta bayramga aylandi. Bayramda milliy urf-odatlarning barcha qadimgi qismlari saqlangan xolda o‘tkazilib kelinmoqda. Sahnalashtirilgan bayram marosimlarida odamlarning hayotida yangi davrning boshlanishini anglatadigan diniy udumlar yorqin aks ettiriladi. Jarchilar, odatda yosh bolalar, yugurib yurib Navro‘zning kelganini xabar qiladi. Oq chopon kiygan keksa qari - Dehqon bobo bug‘doy urug‘ini sochadi. Qora uylar quriladi, ularda yoshi ulug‘ kishilar va yigit-qizlar alohida o‘tiradi. Sumalak va boshqa taomlar tayyorlash marosimi namoyish qilinadi.
Odatda, taomlarni birgalikda tayyorlab va ularni tanavvul qilib bo‘lgandan so‘ng yosh qizlar katta kelin oyisi - “qiz yangasi” bilan sayilga chiqadi. Sayil davomida odatda katta og‘a - “yigit og‘asi”ning boshchiligidagi yigitlar guruhini uchratadi. Ular o‘rtasida gapga chechanlik musobaqasi - “aytish” boshlanadi. “Aytish” davomida yigit o‘ziga ma’qul kelgan kinoyali, gapga ustalik qilib qizga o‘z tuyg‘ularini bildiradi. Bunda “qiz yangasi” va “yigit og‘asi” yordamidan ham foydalaniladi. Agar qiz gapga ustaroq bo‘lib chiqib yigitning gaplarini qaytara olsa, bu qiz ushbu yigitga rad javobini berganligini anglatadi. Bunday xolatda oldinga qizning qo‘liga boshqa da’vogar chiqadi. Yutqazgan qiz ko‘p xollarda yigitning qo‘lini qabul qilishga majbur bo‘ladi. Ushbu “aytishlarda” ko‘p aqlli qizlar o‘zlarining yoqtirgan yigitlariga bila turib yutqazgan bo‘lishi istisno emas.
Sayillar uylanmagan yigitlar va turmushga chiqmagan qizlarning arg‘imchoqlarda uchishi, gulxandan sakrashi bilan davom etadi. Bu sayr-tomoshalar qadimga borib taqaladi. Ular azob-uqubatlarni tarqatadi va hayotdagi yangi tashabbuslarga chorlaydi, yomon ko‘zlardan asraydi. Qadimda qoraqalpoqlarning sayillari bir hafta davomida davom etgan.
Navro‘z bayrami nishonlangan kuni halq barcha moddiy va ruhiy mavjud bo‘lgan narsalarini chiqaradi. Agar bayram tomoshalariga diqqat bilan qarasangiz sahnadagilar bizning xalq naqadar saxiy bo‘lganligini ko‘rsatishga harakat qiladi. To‘kin dasturxon, qurbon qilingan mol, ayol va erkaklarning ustidagi naqshli liboslar, moddiy va boshqa san’at asboblarining xilma-xilligi bizning xalq ushbu sanaga qanday muhim e’tibor berganligini anglatadi. Kattalar ham, yoshlar ham qo‘lidan kelgunicha o‘ynaydi. Kattalar jirov va baxshilarni tinglab zavq olsa, yoshlar har xil musobaqalarni, masalan, uloq yoki ko‘kpar (otlar ustida o‘ynaladigan havfli o‘yin), kurash, poyga, qo‘chqorlar urushi, xo‘rozlar urushi, qocharmonlarni tashkil qiladi. Yosh bolalar ham chetda qolmaydi. Ularning oshiq, bektosh, shullik kabi o‘yinlari juda qiziqarli o‘tadi.
Qoraqalpoq yoshlari qadimdan sayil kunlarida geshtek o‘tkazib kelgan. Geshteklarga yigit og‘aning boshchiligidagi bir qishloqning yigitlari qiz yangasi boshchiligidagi boshqa qishloqning qizlarini taklif qilishi mumkin bo‘lgan. Taklifni qabul qilgan qizlar shu paytlardagi eng yaxshi liboslari bilan “tulimshoq” (boshdagi bezak) va “sakkiz tugma” (ko‘krak bezaklari)larini taqib aravada yigitlar qishlog‘iga yo‘lga chiqqan.
Yigitlar esa qizlarni yaxshi kutib olish uchun o‘tovlarni bezagan, qo‘y yoki ho‘kiz so‘ygan, shirinliklar olgan. Qizlarni dutor va g‘ijjak bilan ashula aytib kutib olgan.
Qora uylarda yigit va qizlar bir birlariga qarama-qarshi tomonda o‘tirgan. Odatda yigit keyingi harakatlarini amalga oshirishi uchun o‘zining yoqtirgan qizining ro‘parasida o‘tirishga harakat qilgan. Ular esa quyidagilardan iborat bo‘lgan.
Yigit o‘zi choy quyib kaftida ro‘parasida o‘tirgan va yoqtirgan qiziga uzatishi mumkin bo‘lgan. Agar qiz aytishdagidek, bu yigitni yoqtirmasa, u choyni olmasligi ham mumkin. Agar qiz piyolani olib, lekin o‘zi choyni ichmay uni boshqa qizlarga quyib bersa, bu ham u qizning yigitni yoqtirmaganligini anglatgan. Bunday hollarda o‘ziga jalb qiladigan harakatlarni ishlatgan. Masalan, yigit to‘lib turgan bir choynak choyni, unga pul yoki qanday bir shirinlik bog‘lab bergan. Buning hammasi albatta hazil, she’r, ashula va boshqa romantik vositalar bilan kuzatilgan. Qizni qiz yangasi orqali ham o‘ziga qaratmoq mumkin, buning uchun qiz yangasiga sovg‘a berishi kerak. Xuddi shu tarzda qizlar ham choy quyib va uni yigitga uzatib o‘ziga yigit tanlash huquqiga ega bo‘lgan. Agar yigit choydan ichib piyolaning ichiga novvot solib qaytarib bersa, yaqinda to‘y deyavering.
Ziyofatlarda, shuningdek yigit va qizlarning aqli va so‘zamolligi sinaladi. Hayotda javobini topish mumkin bo‘lmagan topishmoqlar, turmushdan olingan o‘tkir savollar beriladi, tez aytishlar aytiladi. Keyin yigitlar dutor chaladi va ashula ijro etadi. Qizlar og‘iz bilan chalinadigan musiqiy asbob - chinqo‘bizda navo kuylagan.
Bunday chiroyli urf-odatlar qoraqalpoq xalqi madaniyatining o‘ziga xosligidan dalolat. Ularning hozirgi kungacha saqlanishi - ajdodlar merosiga sadoqat belgisi. Yorqin va an’anaviy urf-odatlarga, marosimlarga, rivoyat va o‘yinlarga boy hamda qayta tiklangan va yangi ta’sirlar bilan boyitilgan Navro‘z bayrami qoraqalpoq xalqining boy hayotiy tajribasi namoyishi bo‘lib bormoqda.