O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri B.Sultanov bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi
2020-03-09 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 8-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Qozog‘iston Respublikasi Savdo va integratsiya vaziri B.Sultanov o‘rtasida O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi «Gisht Kuprik - Jibek Joli» chegara posti hududida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida joriy savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari va uni jadallashtirish mexanizmlari muhokama qilindi. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishdagi hozirgi o‘sish sur’atlari qayd etildi - 2019-yil yakunida savdo aylanmasi 14 foizga o‘sib, 3 milliard dollardan oshdi.
Shu nuqtai nazardan, Qozog‘iston bilan tovarlar oqimi muvozanatini ta’minlash orqali o‘zaro savdo hajmini tubdan oshirish yuzasidan har ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari tomonidan birgalikda harakat qilishni talab etadigan masalalar bo‘yicha amaliy tadbirlarning bajarilishini ko‘rib chiqdilar. Joriy yilning aprel oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston-Qozog‘iston idoralararo ishchi guruhining yig‘ilishida batafsil ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan O‘zbekiston va Qozog‘iston ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardosh mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish orqali tovarlar turi va hajmini kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.
Ikki davlatlarning Prezidentlari tomonidan yillik o‘zaro tovar aylanmasini yaqin istiqbolda 5 mlrd.dollarga, yaqin 2-3 yillikda 10 mlrd.dollarga yetkazish bo‘yicha ustuvor vazifa belgilab berilgan.
Muloqot davomida bojxona normalari va standartlarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish, bojxona axborot tizimlarini birlashtirish, zamonaviy logistika markazlari qurish dasturini amalga oshirish, yuklarni tashish va yetkazib berishda vaqt hamda moddiy xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirishni ta’minlaydigan chegara o‘tish joylarini rekonstruktsiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan o‘zaro savdoni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar "Markaziy Osiyo" Xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini (XSIHM) tashkil etish bo‘yicha ishlarni kuchaytirishga kelishib oldilar - ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi birgalikda ishlab chiqilib, yangi konstruktiv takliflar e’lon qilindi. Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari XSIHM ni joylashtirish bo‘yicha turli lokatsiyalarni ko‘rib chiqib, har birining afzalliklari va kamchiliklarini o‘rganib chiqdilar.
Tomonlan mavjud savdo to‘siqlarini birgalikda bartaraf etish bo‘yicha “yo‘l xaritasini” qabul qilishga kelishib oldilar va joriy yil yakuniga qadar aniq natijalarga erishishga qaratilgan ustuvor tadbirlar rejasini belgilab oldilar.