O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari Istanbuldagi xalqaro ip-kalava ko‘rgazma-yarmarkasida ishtirok etdilar
2020-03-09 | Iqtisodiyot
27-29-fevral kunlari Istambulda 17- Xalqaro ip-kalava ko‘rgazma-yarmarkasi «International Istanbul Yarn Fair 2020» bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda o‘z mahsulotlarini 300 dan ortiq stendlarda namoyish etgan 22 mamlakatning yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar va dunyoning 81 mamlakatidan 10 mingdan ortiq mehmonlar tashrif buyurdilar.
O‘zbekiston delegatsiyasi mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi boshchiligida «Made in Uzbekistan» yagona milliy brendi ostida yetakchi mahalliy to‘qimachilik mahsuloti ishlab chiqaruvchilari bilan ishtirok etdi.
Joriy yilda to‘qimachilik sohasida erishgan yutuqlarini 20 ta mahalliy ishlab chiqarish korxonalari vakillari namoyish etdilar. Ular orasida "Tan teks grupp" MChJ, "Osteks" MChJ, "Mergan teks" MChJ, "Paxtakor tekstil" MChJ, "Kuva tekstil" MChJ, "Karakul Asaka tekstil" MChJ, "LT TEXTILE INTERNATIONAL" MChJ, "Surxon sifat teks" MChJ, "Marokand tekstil" MChJ, "Yusang teks" MChJ, "Flanit tekstil" MChJ va boshqalardir.
Ushbu ko‘rgazma to‘qimachilik sanoatida yuqori ahamiyatga ega bo‘lib, Yevropa va Osiyoning ishlab chiqaruvchilari, salohiyatli buyurtmachi va ekspertlari hamkorlik borasida yangi g‘oya va takliflar bilan almashishga hamda kelgusida birgalikda faoliyat olib borish uchun muhim kelishuvlarga erishishga xizmat qiluvchi noyob platforma hisoblanadi.