Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning mamlakatdagi amaldagi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilish toʻgʻrisida ilgari qabul qilingan qarorlarini amalga oshirish doirasida, 2020-yil 6-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori qabul qilindi.
Hujjatda qayd etilishicha, 2021-yil 1-yanvardan boshlab barcha yangi tugʻilgan chaqaloqlarga, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga va Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga biometrik pasport oʻrniga 10 yil muddatga hujjat egasining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat sifatida identifikatsiya ID-kartasi beriladi.
Ichki ishlar vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, ID-kartalar faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qiladi. Chet elga chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining chet elga chiqish uchun biometrik (“zagranpasport”) pasporti beriladi.
ID-kartalarni berish tizimli ravishda 2021-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha mamlakat aholisi uchun qoʻshimcha yuklamasiz amalga oshiriladi. Shu bilan birga, 2011-yildagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining ilgari berilgan biometrik pasportlarini, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va chet el fuqarolarining yashash uchun ruxsatnomalarini almashtirish ularning egalarining iltimosiga binoan muddati tugagandan yoki muddatidan oldin amalga oshiriladi.
2030-yil 1-yanvardan boshlab 2011-yildagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.
ID-kartalarni berish tizimiga oʻtish rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda va fuqarolarni raqamli identifikatsiya qilish tizimini joriy etishni jadallashtiradi, fuqarolarning birlamchi maʼlumotlarini Oʻzbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining axborot tizimlariga integratsiyalash jarayonini avtomatlashtiradi, aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonini osonlashtiradi va optimallashtiradi.