O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
IT-park — yoshlarga qaratilgan yirik loyiha
2020-03-06 | Texnologiyalar
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart” deya alohida ta’kidladi. Bu bejiz emas. Chunki, bu yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda axborot texnologiyalari barcha sohalarga chuqur kirib bormoqda.
Albatta, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resursini talab etadi. Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham ularni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, balki bir so‘z bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilash mumkin.Bu sohani rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki barpo etildi. Davlatimiz rahbari o‘tgan yil 2019-yil 20-noyabr kuni ushbu parkka tashrif buyurib, bu yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Soha rivojiga yanada keng sharoit yaratish maqsadida IT-Park ning yangi bosqichi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.
Hozirgi paytda parkda axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha 350 ta mahalliy rezident-korxona faoliyat yuritib, 4 mingta mutaxassis ishlamoqda. Xorijiy hamkorlar bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish boshlandi. 2020-2024-yillarda 14 ta hududda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining filialini tashkil etib, rezidentlar sonini 3 barobarga oshirish va xodimlar sonini 40 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. Buning natijasida kompyuter va dasturlash xizmatlari hajmi ham, eksporti ham ancha oshadi.
Toshkent shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan “IT-Park” hozirdanoq o‘zining dastlabki natijalarini bera boshladi. Bunday “IT-Park”lar birinchi navbatda Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida tashkil etiladi.
Prezidentimiz joriy yil 13-fevral kuni axborot texnologiyalarini rivojlantirish, buning uchun zamonaviy infratuzilma yaratish masalasi bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda IT-akademiya, IT-laboratoriya, Kovorking markazi, Mobil ilovalar ishlab chiqish markazi, Masofaviy axborot texnologiyalari markazini barpo etish bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berdi.
Davlat buyurtmasi asosida soha va tarmoqlar uchun zarur zamonaviy dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish mexanizmini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Jahondagi tendensiyalar bilan hamqadam bo‘lib, yangi ishlanmalarni hayotga faol joriy etish, yetakchi texnoparklar bilan hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan izchil ishlar olib borilmoqda. Qisqa fursatlarda Sirdaryo viloyatining Gulistonda shahrida IT-Parkning birinchi filiali ochiladi. Namangan viloyatida ham IT-Park filiali qurilishi bilan bog‘liq sa’y-harakatlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Prezidentimiz o‘tgan yil 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabga tashrifi davomida maktab hududida IT-parkning bo‘linmasini tashkil etish to‘g‘risida topshiriq bergan edi. Bugungi kunda IT-park filial binosining konsepsiyasi ishlab chiqildi. Filial binosi qurilish osti maydoni 665 kv.m.ga teng bo‘lib, 16 qavatdan iborat va umumiy maydoni 11,3 ming kv.m.ga teng bino qurilishi bo‘yicha tarmoq jadvali ishlab chiqildi. Filial binosi 600 ta ish o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 50 dan ortiq yangi IT-park rezident-korxonalarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan.
Mazkur IT-park filialida rezident-korxonalarga o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun zarur infratuzilma, shu jumladan, zamonaviy laboratoriyalar, kovorking markaz hamda ofis maydonlari taqdim etilib, ularga moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi. Uning asosiy vazifalaridan yana biri – rezidentlar va ixtisoslashgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘lib, rezident-korxonalar bilan birgalikda axborot texnologiyalari yo‘nalishida hamda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish bo‘yicha turli loyihalar va startaplar amalga oshiriladi. Shu bilan birga bunday korxonalar maktab o‘quvchilari uchun turli xil amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriya darslarini o‘tkazish orqali ularni axborot texnologiyalari sohasidagi biznes jarayonlarini o‘rganishga yordam beradi.Bu esa o‘z navbatida o‘quvchilarning maktabni bitirgandan so‘ng axborot texnologiyalari sohasida tayyor kadr bo‘lib shakllanishiga imkoniyat yaratadi, ayni kezda o‘z faoliyatlarini IT-parkda davom ettirishi mumkin bo‘ladi.
Hozirgi kunda jahon bozorida talab katta bo‘lgan SAMSUNG yoki APPLE kompaniyasining so‘nggi modeldagi mobil telefonlarini o‘rtacha 1000 AQSh dollariga xarid qilish mumkin. Bu narx qayerdan kelib chiqqan va nimani hisobiga shunday, deb hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Ushbu qurilmalarning tannarxi (konstruksiyasi nazarda tutilmoqda) nari borsa, 50 AQSh dollari ham turmaydi.Aslida asosiy narx, bu qurilmalarga joylashtirilgan mobil ilovalarga bog‘liq. Ya’ni, SAMSUNG yoki APPLE kompaniyasi o‘z qurilmasi uchun mobil ilovalar dasturlarini sotib oladi. Shuni hisobiga mobil qurilma narxi oshadi, raqobatbardosh bo‘ladi. Mobil telefon apparatlaridan eng ko‘p foydani mobil qurilmalar yaratish bilan shug‘ullanuvchi kichik-kichik firma yoki shaxslar qo‘lga kiritadi. Demak, hamma gap dasturlar yaratishda. IT-Park yurtimiz yoshlariga ana shunday imkoniyatlar yaratib berishga qaratilgan yirik loyihadir.
IT-Park rezidentlari 2028-yilning 1-yanvarigacha bo‘lgan muddatga barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar, shuningdek, yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashdan ozod qilingan.