O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etish kengayadi
2020-03-06 | Jamiyat
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 5-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori ijrosiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Hozir mazkur qaror asosida yangi vertikal tizim joriy qilingan boʻlib, ushbu sohani muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ etib Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi belgilangan. Tashqi begʻaraz koʻmaklarni jalb qilish masalasi boʻyicha muvofiqlashtirish kengashi tashkil etilgan.
Bundan tashqari, donorlar bilan doimiy muloqot platformasi, oʻzaro hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash, harakat geografiyasini kengaytirish va loyihalarni moliyalashtirishning yangi manbalarini izlash boʻyicha tizimli ishlar rejasi tuzildi.
Elektron “Tashqi yordam maʼlumotlarini boshqarish tizimi“ ishga tushirilgan boʻlib, aloqador vazirlik va idoralar bilan birga yakunlangan, amalga oshirilayotgan va ishlab chiqilayotgan grant loyihalari boʻyicha inventarizatsiya jarayoni amalga oshirilmoqda.
Tashqi begʻaraz koʻmakni jalb qilish masalasi boʻyicha muvofiqlashtirish kengashining majlislari oʻtkazildi, ular yakuni boʻyicha vazirlik va idoralarning 70 dan ortiq xodimi grant mablagʻlarini jalb qilish va oʻzlashtirish ishlariga biriktirildi.
Shu bilan birga, qiymati 400 million dollarga teng quyidagi istiqbolli loyihalar tasdiqlangan. Jumladan, loyihalar boʻyicha JICA, KOICA, FAO, GIZ, KfW, TIKA kabi donorlar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Tadbirda loyiha tashabbuslarini tayyorlashga qaratilgan amaliy choralar va sifatli yondashuvlar, grant mablagʻlarini jalb qilish va oʻzlashtirishni tashkil etish, ularni amalga oshirish natijalari boʻyicha erishilgan moddiy va nomoddiy natijalarni kelajakda saqlash va qoʻllash tizimlarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Hozirgi kunda vazirlik va idoralar bilan birgalikda yaqin kelajakda amalga oshirilishi moʻljallangan umumiy qiymati 1,2 milliard dollarlik 193 ta loyiha tashabbusi taqdim etilgan boʻlib, ular boʻyicha “Yoʻl xaritasi“ ishlab chiqilgani taʼkidlandi.
S.RAHIMOV, OʻzA