O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bir milliard soʻm grant mablagʻi ajratiladi
2020-03-06 | Innovatsiya
“Yoshlar press-klubi”da yoshlarning innovatsion gʻoyalari va startap-loyihalariga koʻmaklashish “Startap-tashabbuslari” dasturi 4-davrining yakuniy taqdimotlari oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari – Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi A.Saʼdullayev, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining oʻrinbosari B.Umurzoqov, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakillari M.Dimovska, X.Freyzer, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Innovatsion rivojlanish vazirining oʻrinbosari O.Toʻychiyev, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, turli vazirlik va idoralar hamda OTM vakillari ishtirok etgan tadbir BMT Taraqqiyot dasturi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan moliyalashtirilgan “Oʻzbekistonda yoshlar bandligiga koʻmaklashish” qoʻshma loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Mazkur dasturni tashkil etish va uni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarning innovatsion gʻoyalari va startap-loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish, innovatsion tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishdan iboratdir.
Barcha hududlardan 1 ming 520 yosh mazkur dasturning 4-davrida qatnashish istagini bildirgan. 179 nafarining arizasi saralab olingan. Ulardan 27 nafari dasturning final qismiga yetib kelishga muvaffaq boʻldi. Yakuniy tadbir natijalariga koʻra, 5 ta eng yaxshi istiqbolli loyiha jamoalariga 50 million soʻm miqdorida grant mablagʻi ajratildi.
Gʻolib boʻlgan jamoalar orasida “2work” loyihasi – shoshilinch vazifalarni va har qanday ishni bajarish uchun ishonchli odamlarni tezda qidirib topish imkoniyatini yaratadigan platforma ham bor.
Shuningdek, “Mammo cancer” – sunʼiy intellekt yordamida koʻkrak bezi saratonini aniqlash tizimi, “StomaCRM” – stomatologik klinikalarni onlayn boshqarish tizimi, “Med ID” – barcha turdagi klinikalar va individual amaliyot uchun CRM tizimi gʻolib jamoalar safidan joy olgan. Bundan tashqari, “Vegan.uz” – parhezni yaxshilashni istaganlar, vazn yoʻqotadiganlar, parhez cheklovlariga ega boʻlganlar, shuningdek, sogʻlom turmush tarzini olib boradigan maxsus taomlar va shirinliklar tayyorlash va yetkazib berish loyihasi gʻolib deb topildi.
Taqdimot davomida barcha startap-loyihalarning koʻrgazmasi tashkillashtirildi. Loyihalarning tafsiloti jamlangan va taqdimotlari QR kod orqali bogʻlangan maxsus broshyura chop etilib, manfaatdor tashkilot va istiqboldagi sarmoyachilarga tarqatildi.
A.Saʼdullayevning taʼkidlashicha, “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan 2020-yilda ushbu dasturni yana-da ommalashtirish hamda startap-loyihalarni hayotga keng jalb etishga koʻmaklashish maqsadida 1 milliard soʻm miqdorida maqsadli grant mablagʻi ajratilishi rejalashtirildi.
X.QODIROV, O.MIRSOATOV (surat), OʻzA