O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vaziri: “Biz hamkorlik qilishga tayyormiz va hech ikkilanmasdan xalqaro vositalarni tahlil qilib, qo‘llaymiz”
2020-03-06 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Gaaga konferentsiyasining Umumiy masalalar va siyosat kengashi (HCCH) yig‘ilishida ishtirok etish uchun shu kunlarda Niderlandiyada bo‘lib turibdi.
Gaaga konferentsiyasining Umumiy masalalar va siyosat kengashi (NSSN)ning 4-mart kunidagi sessiyasi O‘zbekistonning Gaaga konferentsiyasiga qo‘shilishi bilan yodga qoladi. Bu mamlakatimizning xalqaro oilaviy va xususiy huquq me’yorlarini unifikatsiya qilish tartiblarida ishtirok etish, huquqiy tizimni dunyo standartlariga muvofiq yanada rivojlantirish, xorijda davlatimiz fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, marosimda chiqish qilib, xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferentsiyasiga qo‘shilish xalqaro hamkorlikning yangi yo‘llari va istiqbollarini ochishini qayd etdi.
“Bugungi O‘zbekiston — boshqacha mamlakat. Gap mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘z huquqlariga nisbatan ancha talabchan bo‘lgan va ijtimoiy hayotda ishtirok etayotgan insonlar, jamoatchilik uchun yanada ochiq va shaffof bo‘lgan davlat organlari, yanada faollashgan OAV va fuqarolik jamiyati haqida bormoqda. Chuqur o‘ylangan strategiyani amalga oshirish O‘zbekistonga zamonaviy raqobatbardosh davlatga aylanishi va jahonda munosib o‘rin egallashiga yordam beradi”, — dedi R. Davletov.
Adliya vazirining fikricha, O‘zbekistonning Gaaga konferentsiyasiga qo‘shilishi ulkan o‘zgarishlar samarasidir. Faqat so‘nggi ikki yilda investitsiyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha 470 dan ortiq, tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash uchun 200 dan ziyod qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. O‘zbekiston insonlarning turmush darajasini yaxshilash, xususan ularning xalqaro munosabatlarini yengillashtiradigan xalqaro munosabatlarni amalga oshirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqda.
Gaaga konferentsiya unga a’zo davlatlar o‘rtasida global huquqiy sheriklikni o‘rnatish va butun dunyoda xalqaro xususiy huquqni unifikatsiyalashda muhim rol o‘ynaydi.
O‘zbekiston insonlar va biznesning har qanday qonuniy ehtiyojlarini qondiradigan demokratik tamoyillar va qonun qoidalarga ega zamonaviy va jo‘shqin jamiyat bo‘lish uchun islohotlarni davom ettiradi.
“Ana shu maqsadda biz hamkorlik qilishga tayyormiz va hech ikkilanmasdan xalqaro vositalarni tahlil qilib, qo‘llaymiz, do‘stlarimizdan ko‘p narsani o‘rganamiz, o‘zimizning uzoq va mashaqqatli yo‘limiz haqida ularga so‘zlab beramiz”, — dedi R. Davletov.