O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Vazirlar Mahkamasida koronavirusning turizm sohasi rivojiga ta'siri muhokama etildi

2020-03-06 | Turizm

4 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligida O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi a'zolari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari va turizm sohasi subyektlari ishtirokida Covid-19 – koronavirusning O‘zbekiston turizm sohasi rivojiga ta'sirini o‘rganish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.  

Videoselektor tarzida tashkil etilgan tadbirda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va ushbu hududlardagi soha tadbirkorlari, Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi, Otelyerlar assotsiasiyasi, Oshpazlar, Restoratorlar uyushmalari rahbarlari va a'zolari qatnashdi.

Hukumat a'zolari tomonidan koronavirus tarqalishining O‘zbekistonga kirib kelishi oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida tadbirkorlarga batafsil ma'lumotlar berildi. Shu bilan birga, bugungi kunda turizm sohasi subyektlari faoliyatida qayd etilayotgan zararlar, jumladan sayyohlik guruhlarini jalb qilish bilan bog‘liq muammolar muhokamaga qo‘yildi.

Davlat idoralari va biznes vakillari o‘rtasida ushbu muammolarni operativ hal qilish hamda ushbu yo‘nalishda qo‘shimcha imkoniyatlarni izlash, dolzarb muammolarga tezkor yechim topishga doir muhokamalar olib borildi. Tadbir doirasida xususiy sektor vakillari ushbu masala yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi.

Turoperatorlar dunyoda koronavirusning ta'siri ostida yo‘qotishli kelishi kutilayotgan mavsum uchun soliq ta'tilini e'lon qilish hamda avia va temir yo‘l transporti chiptalari bekor qilinganligi uchun jarimalarni bekor qilishga oid takliflarini bayon qilishdi.

Bundan tashqari, turoperatorlar vaqtincha bekor qilingan yo‘nalishlar tufayli bo‘sh turgan samolyotlarni koronavirusdan xoli bo‘lgan Turkiya, Qozog‘iston kabi davlatlarga hamda ichki aviaqatnovlarga yo‘naltirishni taklif qilishdi. Bunda ular ushbu parvozlarni Toshkent shahri bilan birga Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlari orqali ham amalga oshirish hamda Urganch va Buxoro shaharlarini kunlik aviaqatnovlar bilan bog‘lash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni so‘rashdi. Muhokamalar yakuniga ko‘ra, mutasaddi tashkilotlar tomonidan koronavirusning turizm sohasiga salbiy ta'sirini kamaytirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqilib, ularning Hukumatga kiritilishi belgilandi.

Bunda ayni damda murakkab vaziyatga tushgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab- quvvatlash, tashqi ta'sir omilini pasaytirish maqsadida ichki turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish, koronavirus qayd etilmagan davlatlardan sayyohlarni jalb qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlarni ko‘rish,  respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan tadbirkorlarga moliyaviy ko‘mak berish imkoniyatlarini o‘rganish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish ko‘zda tutiladi. Tashqi ishlar vazirligiga muayyan davlatlarda mamlakatga sayyohlarni jalb qilish choralarini soha vakillari bilan birga kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi, mahalliy OAVga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birga ichki turizmga doir targ‘ibotni yanada kengaytirish tavsiya etildi.

Tadbir so‘ngida koronavirusning sohaga ta'sirini pasaytirish yuzasidan tezkor chora tadbirlar rejasi qabul qilinishiga kelishib olindi. Ta'kidlash joizki, so‘nggi vaqtlarda qator xorijiy ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston eng xavfsiz, shuningdek koronavirusdan xoli mamlakatlar qatorida qayd etilmoqda. Bu esa nafaqat tashqi, balki ichki turizmni yanada rivojlantirish uchun muhim omil sifatida xizmat qiladi. Ichki turizmni rivojlantirish esa nafaqat bir tashkilot yo turizm subyektlari, balki O‘zbekistonda yashovchi har bir insonga bog‘liqdir.

Mana shunday damda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, mamlakat iqtisodiyotining strategik yo‘nalishlaridan biri hisoblangan turizmni rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shsak, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi va shu orqali ushbu yurtda yashovchi kishilarning turmush tarzi yaxshilanishi kabi ezgu amallarga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. 

Поделиться