O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Rossiyaning Novosibirsk viloyati hamda Moskva shahrida bo‘lib qaytdi
2020-03-05 | Siyosat
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov boshchiligidagi delegatsiya Rossiyaning Novosibirsk viloyati hamda Moskva shahrida bo‘lib qaytdi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib, o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lami tobora kengaymoqda. Ushbu hamkorlikni yanada faollashtirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz hududlarining Rossiya federativ respublikasi viloyatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustahkam aloqalarini kengaytirishga kirishilgan.
Birgina Surxondaryo viloyati hamda Rossiyaning turli mintaqalari o‘rtasida hududlararo ijtimoiy-iqtisodiy aloqalar kengayib, investitsion loyihalarni amalga oshirish va meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yilda Surxondaryolik tadbirkorlarning Rossiya Federatsiyasi bilan tashqi savdo aylanmasi 57,2 million dollarni tashkil etdi. Rossiyaning mintaqaviy korxonalari tomonidan 11,8 million dollarlik 22,2 ming tonna meva-sabzavot, 6 million dollarlik kalava ip va matolardan iborat to‘qimachilik mahsulotlari, jami 19,1 million dollarga teng mahsulotlar eksport qilindi. Shuningdek, ular tomonidan 38,1 million dollar miqdoridagi mahsulotlar, xususan, 13 million dollarlik qurilish materiallari va uy-ro‘zg‘or buyumlari, 12,7 million dollarlik kimyoviy va farmatsevtika mahsulotlari, 6 million dollar mashina va uskunalar hamda 2,5 million dollar miqdoridagi oziq-ovqat mahsulotlari import qilindi.
Surxondaryo viloyati delegatsiyasining Novosibirsk viloyati hamda Moskva shahriga bu galgi tashrifi ham juda samarali uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Ikki tomonning tadbirkor va ishbilarmonlari o‘rtasida faol sheriklik uchun yanada qulay sharoit yaratish, hududlararo savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga erishildi.
Ushbu delegatsiya tarkibida viloyati hokimi o‘rinbosari Anvar Oripov, Jarqo‘rg‘on tumani hokimi Ziyodulla Davlatov, Denov tumani hokimi Baxtiyor Ibatov, Sherobod tumani hokimi o‘rinbosari Sodiq Jumayev hamda 8 nafar voha tadbirkorlarining borligi amaliy muloqotlar va hududlararo hamkorlikni kengaytirishga imkon berdi. Delegatsiya a’zolari dastlab, Novosibirsk viloyati gubernatori Andrey Travnikov boshchiligidagi rasmiy doira, ishbilarmonlar bilan uchrashishdi. Sheriklikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, 2018-yilda Surxondaryo Novosibirsk viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasi doirasida hozirga qadar muayyan natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Jumladan, birgina o‘tgan 2019-yilda Novosibirs vilotiyatining O‘zbekiston Respublikasi bilan tovar ayrboshlash hajmi 88,9 million, eksport 60,7 million, import 28,2 million AQSh dollarini tashkil etgan.
Novosibirsk viloyatidan mamlakatimizga neft, organik kimyoviy birikmalar, plastmassa, yog‘och, qora metall prokatlari, rangli metal va formatsevtika mahsulotlari, elektor generator va uning ehtiyot qismlari keltirilgan.
O‘zbekistondan mazkur viloyatga trikataj va kiyim-kechaklar, gilam mahsulotlari, paxta, kimyoviy tovarlar, meva-sabzovotlar, ziravor va konserva mahsulotlari eksport qilingan.
Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Rossiyaning Novosibirsk viloyatidagi “Vektor-BiAlgam” aktsiyadorlik jamiyatida bo‘lishib, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Kompaniya vaktsinalar, immunobiologik pribiotiklar ishlab chiqarish va yetkazib berishga ixtisoslashgan bo‘lib, 1996-yilda Novosibirsk viloyatining Koltsovo shahridagi biofarmatsevtik texnologiyalar innovatsion klasteri bo‘lgan virusologiya va biotexnologiya davlat ilmiy markazi asosida tashkil etilgan.
“Vektor-BiAlgam” farmatsevtik immunobiologik mahsulotlar sohasida yetakchi korxonalardan biri bo‘lib, A gepatitiga qarshi vaktsinalarni ishlab chiqaradi. Kompaniyaning ikkinchi asosiy faoliyati - bu probiotik preparatlar va mahsulotlar ishlab chiqarishdir. Mikrobiologik va biotexnologik sohalardagi innovatsion salohiyat va tajriba, shuningdek, dunyoning farmatsevtika biznesidagi yetakchi kompaniyalari bilan faol hamkorlik korxonaga ilg‘or ishlanmalar, texnologiyalar va retseptlar yaratishga imkon beradi.
Kompaniya faoliyati bilan tanishuv asnosida farmatsevtika sohasida yaqindan hamkorlik o‘rnatish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Novosibirsk viloyati bojxona boshqarmasi rahbariyati bilan o‘tkazilgan muloqot chog‘ida sohada tadbirkorlarga yaratilgan qulayliklar va yengilliklar haqida ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha “yashil yo‘lakcha” tizimining yo‘lga qo‘yilgan. Bu o‘z navbatida, Surxondaryoda yetishtirilayotgan ho‘l va quritilgan meva-sabzavot hamda ishlab chiqarilayotgan boshqa mahsulotlarni Novosibirskdagi xaridorlarga yetkazib berish jarayonini tezlashtirishga va eksport hajmini oshirish imkonini berayotir. Ayniqsa, meva-sabzavot mahsulotlarini bojxona va fitosanitar nazoratidan o‘tkazishning soddalashtirilgani tadbirkorlik sub'yektlariga katta qulaylik yaratmoqda
O‘zaro muloqot chog‘ida bojxona sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari va ularni amalga oshirishni tizimli tashkil qilish masalalari muhokama etildi. Tashrif asnosida chegara o‘tkazish punktidagi logistika terminali faoliyati bilan tanishildi.
Surxondaryo viloyati delegatsiya Novosibirsk viloyatidagi "RosAgroMarket" ulgurji-etkazib berish Federal tarmog‘i markazi rahbari B.Grigorev bilan ham uchrashdi.
O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasida o‘tkazilgan uchrashuvda Surxondaryo viloyatining iqtisodiy va eksport salohiyati to‘g‘risida so‘z yuritildi. Rossiya Federatsiyasida Surxondaryo viloyatidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot so‘nggida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Rossiyaning bir necha hududlarida o‘zbekistonliklar jamoat tashkilotlari joylashgan bo‘lib, "RosAgroMarket" ulgurji-etkazib berish Federal tarmog‘i markazi rahbari bilan muloqotdan so‘ng Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Novosibirskdagi o‘zbek diasporasi vakillari bilan ham uchrashdi.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari "RosAgroMarket" ulgurji-etkazib berish Federal tarmog‘ining yangi barpo etilayotgan logistika markazini borib ko‘rdilar.