O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fiskal instituti: halqaro hamkorlik - kelishuvlar - takliflar
2020-03-05 | Iqtisodiyot
Fiskal institutini tashkil etish - Davlat soliq qo‘mitasining kun tartibidagi muhim masalalaridan biridir. Hozirgacha bu boradagi muzokaralarning ikki bosqichi yakunlandi va ularda bir qator muhim qarorlar qabul qilindi.
DSQ yangi innovatsion o‘quv muassasasini tashkil etish bilan bog‘liq asosiy yo‘nalishlarni ishlab chiqishga Rossiya Hukumati huzuridagi Moliya universiteti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, shuningdek, mamlakatimizdagi ixtisoslashgan OTMlarning ilmiy jamoatchiligi va mutaxassilarini jalb etdi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentimiz joriy yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida Soliq kodeksi normalarini har bir davlat soliq xizmati xodimi, tadbirkorlar va soliq to‘lovchilar puxta o‘zlashtirishi, buning uchun ularni muntazam ravishda o‘qitish zarurligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, soliq xizmati xodimlari dunyoqarashini tubdan o‘zgartirish va malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institut tashkil etish va bu jarayonga katta tajribaga ega nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb etish lozimligini qayd etgan edi.
Muzokaralarning birinchi bosqichi Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Moliya universiteti mutaxassislari bilan bo‘lib o‘tdi.
Rossiya Moliya universiteti vakillari mazkur ta’lim muassasini tashkil etish, uning tarkibiy tuzilmasini shakllantirish, o‘quv darsliklari va dasturlarini yaratishning metodologiyasi hamda kontseptsiyasini ishlab chiqishda har tomonlama yordam ko‘rsatishni taklif etdi.
Shuningdek, Fiskal institutining bo‘lajak o‘qituvchilarini malaka oshirish uchun joriy yilda Rossiya Moliya universitetiga yuborish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Muzokaralarning ikkinchi bosqichida DSQ rahbariyati, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi olimlari hamda mahalliy oliy ta’lim muassasalari ilmiy doiralari vakillari ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari, yangi innovatsion institut tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, yuqori sifatli ta’lim dasturi va o‘quv adabiyotlarini ishlab chiqish jarayonlarlarida ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Maktab yoshidagi bolalarda soliq madaniyatini oshirish va soliq sohasiga oid yangi fanlarni o‘quv dasturiga kiritish bo‘yicha takliflar ham bildirildi.
Bundan tashqari, ilmiy hamjamiyatning Davlat soliq xizmati bilan yanada yaqinroq aloqa o‘rnatishi taklif qilindi. Xususan, sohaga oid darsliklarni yaratish va ilmiy ishlarni tayyorlash jarayonida soliq organlari mutaxassislarining ishtiroki muhimligi qayd etildi.