O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahar hokimligi va Turkiyaning «TURKCERT LTD CO» kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2020-03-05 | Iqtisodiyot
Toshkent shahar hokimligida Turkiyaning «TURKCERT LTD CO» kompaniyasi mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Toshkent shahrida joylashgan korxona va tashkilotlarni sertifikatlash hamda ularda xalqaro standartlarni joriy etish masalasi muhokama qilindi.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov hozirda Toshkentda mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish hajmi tobora o‘sib borayotganligini ta’kidlab, xalqaro bozorda mustahkam o‘ringa ega bo‘lish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirishda poytaxtda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarning xalqaro sifat sertifikatiga ega bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.
O‘z navbatida Turkiyaning «TURKCERT LTD CO» kompaniyasi raisi Yahyo Varlioglu ularning tashkiloti AQSh akkreditatsiyasiga egaligi, bu yo‘nalishda 23 yildan buyon faoliyat yuritayotganligini hamda o‘z yo‘nalishida ilg‘orlardan ekanligini aytib o‘tdi. Shuningdek, tez orada Toshkentda kompaniyaning vakolatxonasini ochish rejalashtirilganligini ma’lum qildi.
O‘zaro muloqot davomida xalqaro standartlarni joriy etish, sertifikatlashtirishga oid talablar va hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Toshkent shahar hokimligi va «TURKCERT LTD CO» kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Unga ko‘ra, kompaniya xalqaro biznes maydonida korxonalar va tashkilotlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatilishiga ko‘maklashadi. Ikki tomonning ishbilarmon doiralari va vakillari ishtirokida uchrashuvlar, biznes-seminarlar, konferentsiyalar, simpoziumlar, xizmat safarlari, shuningdek, boshqa savdo-iqtisodiy tadbirlarni tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, Toshkent shahrida istiqbolli savdo va investitsiya loyihalarini ko‘paytirish va ularni samarali amalga oshirishga ham munosib hissa qo‘shadi.