O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aqlli shahar, u o‘zi qanday bo‘ladi?
2020-03-05 | Texnologiyalar
Qurilish vazirligida Frantsiyaning Bouygues Construction group ekspertlari ishtirokida ayni mavzuga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Bouygues Construction dunyoning 92 mamlakatida faoliyat olib boradi va qariyb 184 ming nafar ishchi xodimga ega. Ular suhbat chog‘ida bugunga qadar qanday loyihalarni amalga oshirgani haqida qisqacha taqdimot o‘tkazishdi.
Bundan bir necha yil avval Frantsiyaning Parij shahrida qad rostlagan va hozirda barcha sud muassasalarini bir joyda jamlagan zamonaviy bino ham aynan mazkur kompaniya vakillari tomonidan ishlangan ekan.
Shuningdek, Singapurdagi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallab qurilgan yirik sport “xab”i, Ashxaboddagi Turkmaniston Prezidenti qabullar saroyi va “Yulduz” mehmonxonasi ham aynan aqlli bino kontseptsiyasi asosida bunyod etilgani ta’kidlab o‘tildi.
Ma’lum bo‘lishicha, aqlli binoda xona harorati, yorug‘lik manbai, energiya ta’minoti kabi jihatlarning barchasi elektron tarzda bir paytning o‘zida kuzatib borilar va boshqarilar ekan. Aqlli shifoxona misolida fikrimizni davom ettiradigan bo‘lsak, har bir bemor tashrifi, uning qaysi mutaxassisga murojaat qilishidan tortib, bino bo‘ylab harakatlanish xaritasi va hattoki binoni tark etgandan so‘ng ham uning muolajalar jadvali ham aynan elektron tizim orqali ishlab chiqilar ekan.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Bunday aqlli binolarning tannarxi bizga qay darajada mos? Frantsiyalik ekspertlarning fikriga ko‘ra, mo‘’tadil iqlim sharoitiga ega bo‘lgan mamlakatda bunday zamonaviy binolar o‘rtacha sakkiz yilda o‘zini oqlar ekan. Aqlli shahar kontseptsiyasida esa shaharning yorug‘lik ta’minotidan tortib, ko‘chalardagi svetaforlargacha bo‘lgan barcha jihatlar qamrab olingan bo‘lib, ayniqsa musiqa festivallari kabi ommaviy tadbirlar o‘tkazishda bu juda qo‘l keladi, deya fikr bildirdi frantsiyalik ekspertlar.