Milliy matbuot markazida patrul-post xizmati yoʻnalishi boʻyicha olib borilayotgan islohotlar va jamoat joylarida jinoyatchilikning oldini olish hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida belgilangan chora-tadbirlarga bagʻishlab matbuot anjumani oʻtkazildi.
Ichki ishlar vazirligining Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlashning taʼsirchan tizimi shakllantirilgani tufayli aholining tinch va farovon hayot kechirishi taʼminlanib, xavfsizligi himoya qilinayotgani taʼkidlandi.
Toshkent shahar patrul-post xizmati brigadasi tarkibida otliq otryad tuzilgan. Jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida ochiq va shaffoflikni taʼminlash maqsadida patrul-post xizmati xodimlarini xizmatni oʻtash, fuqarolar bilan muloqot jarayonini qayd etish imkonini beruvchi “Bodi-kamera” hamda planshet bilan taʼminlash yuzasidan zaruriy tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirda jamoat joylarida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berildi. Oʻtgan yilda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida koʻrilgan choralar natijasida patrul-post xizmati saf boʻlinmalari xizmat oʻtaydigan shaharlarning jamoat joylarida sodir etilgan jinoyatlar soni 13,5 foiz kamaygan. Patrul-post xizmati naryadlari ishtirokida 4 ming 171 ta va ular tomonidan bevosita 594 ta jinoyat fosh etilgan. Qidiruvda yurgan 658 nafar jinoyatchi va bedarak yoʻqolgan 143 nafar shaxs aniqlangan.
Prezidentimizning 2018-yil 19-iyundagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq poytaxtimizda jamoat tartibini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyatga samarali va yangicha tizim tatbiq etildi. Unga koʻra, “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi amaliyotga joriy etilib, uning doirasida jinoyatlarning oqibatlariga emas, balki sabablari va asosiy omillariga qarshi kurashishga eʼtibor qaratildi. Bu oʻzining ijobiy samarasini bergani tufayli Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi 21 ta yirik shaharda ushbu konsepsiya tatbiq etildi.
– Respublikamizda oʻtkazilayotgan ommaviy tadbirlarning soni yildan-yilga oshib bormoqda, – deydi Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi polkovnik Bekmurod Abdullayev. – 2000-yilda mamlakatimiz hududida oʻtkazilgan ommaviy tadbirlar 8 ming 56 tani tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda 109 ming 977 taga yetdi. Hozirgi vaqtda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish va jinoyatlarni fosh etishda xizmat itlari xodimlarimizning yaqin yordamchisi hisoblanadi. Oʻtgan yilda xizmat itlari yordamida 2 ming 563 ta jinoyat fosh etildi. Huquqbuzarlardan 77 kilogramdan ortiq turli xildagi giyohvand moddalar, noqonuniy muomaladan 6 dona oʻqotar qurol, 2 ming 530 dona oʻq-dori olindi.
Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi qoshida ichki ishlar organlarining xizmat itlari naslchilik pitomnigi tashkil qilingan. Unda zotdor xizmat itlari 8 oylik boʻlgunga qadar boqilib, respublika ichki ishlar organlaridagi kinolog xodimlarga biriktirish uchun tarqatiladi. Bu bilan kelgusida xizmatda foydalanishga yaroqli boʻlgan itlar sotib olinmaydi va ichki ishlar organida xizmat itlariga boʻlgan ehtiyoj qondiriladi.
Tadbir doirasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi patrul-post xizmati brigadasiga press-tur tashkil etildi. Jurnalistlar maxsus muassasa faoliyati, yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.
Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA